AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

#Talaba_minbari: Hayotimizdan bir hikoya

Derazadan tashqariga qarar ekanman, mushuklar va qushlardan boshqa jonzotga ko‘zim tushmaydi. Ammo soat kechki 21:00 bo‘lishi bilan, odamlar uylarining derazalaridan turib, virus bilan kurashayotgan qahramonlarimiz  uchun qarsaklar chalishadi. Shunda his qildimki, yolg‘iz emasligimni. Masjidlardan azon ovozini eshitganimda esa bu ko‘nglimga qandaydir umid baxsh etadi. Hozir xuddi kino qahramonlaridek bo‘lishni orzu qilaman, go‘yoki bu kunlar tush, uyg‘onib ketsam hammasi avvalgidek davom etishi kerakday tuyuladi.

Biz insoniyat, o‘zimizga juda qattiq ishonib yuborgan edik. Ilm-fan, yangi texnologiyalar, globallashuv jarayonida shunday katta yutuqlarga erishdikki, dunyoda pandemiya ro‘y berishini hayolimizga ham keltira olmasdik.  Biz insoniyat, ovqat va tomosha, ko‘ngilxushliklar  uchun juda ko‘p pul sarfladik, sport o‘yinlari, qimmat mashinalar, haddan tashqari kerakmas narsalarga ham ko‘p pul sarfladik. Bizning kunlik mavzularimiz futbol, g‘iybat, bemaza prikollar edi. Turmush tashvishlari, qanday qilib uyimizni qo‘shnimizni uyidan balandroq qilib qurish haqida o‘ylardik. Shifokorlarga kunda, kunora qo‘l ko‘tardik, o‘qituvchiga yetarli hurmat ko‘rsatmadik. Hech qachon bu insonlarga qahramonlar sifatida qaramadik, oldi-qochdi filmlar ko‘rdik, popkorn yeb vaqtimizni o‘tkazdik.

Biz industrializasiya davrida yashadik, o‘rmonlarni kesib tugatdik, dengizlarni quritdik, bir zamonlar inson qo‘li tegmagan jannatmakon o‘lkalarni cho‘l-u biyobonga aylantirdik…

Sizlarga, o‘zimizga keyingilarga qanday dunyo tashlab ketishimiz haqida o‘ylamadik, o‘ylaganlarni ustidan kuldik…

Dunyoning eng odam gavjum joylari hozirgi kunda bo‘shab yotibdi, bir zamonlar bolalar kulgusi bilan to‘lgan o‘yin maydonchalari, bugun kimsasiz yetim qolgan tabiat kabi yotibdi…

Biz o‘z xatolarimizning qurbonlariga aylandik. Biz bu ishlardan xulosalar qilib, albatta, bu balodan qutulishimizga ishonamiz. Sizlar esa biz qilgan xatolarni takrorlamanglar. Sizlarning ham kelajakda dunyoga kelishingiz, sevishingiz, baxtli bo‘lishingiz, avlodlaringiz uchun yaxshi ishlar qilishingizga haqqingiz bor. Biz shunday avlod bo‘ldikki, o‘tmish xatolaridan yetarli xulosa qila olmadik, mana endi o‘z boshimizdan kechirib, xulosa qilmoqdamiz. Sizlar bizday bo‘lmanglar. Hozirda barchamizdan talab ham qilinayotgan yagona vazifa bu – «UYDA QOLISH».

 

Ixtiyorbek Norov,

Ajiniyoz nomidagi Nukus DPI Turkiy tillar fakulteti 2-kurs talabasi.