#Talaba_minbari: Karantin bu – karantin emas!

Umr misli bir pat

yerga tushguncha muxlat.

 

Hayot… u nima o‘zi? Olgan nafasimiz, ko‘z ochib yumishimiz,  tug‘ilish va o‘lish. Mana shu oraliqdagi fursat insoniyat uchun savob amallar, hayrli ishlar, yaxshiliklar qilish, o‘zining odam bo‘lib tug‘ilib inson bo‘lib shakllanib – sayqallanguniga qadar bo‘lgan kichkinagina vaqt oralig‘idir. Vaqt esa beshavqat hakam. Biz yursak ham, yugursak ham, bir joyda turib qolsak ham misoli daryo bo‘lib shiddat bilan oqib ketaveradi.

Hozir nafaqat yurtimiz, balki butun dunyoda koronavirus deb atalgan kasallik borliqni qamrab olgan. Undan qutilish, yer yuzidan bu kasallikning ko‘tarilishi uchun butun insoniyat bir yoqadan bosh chiqarib, qalban birlashib harakat qilmoqdalar, xudoga sajda qilishmoqda. Virusni yuqtirib olmaslik va uning keng tarqalib ketishining oldini olish maqsadida bir qancha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Hozir butun dunyoda karantin, ya’ni uyda o‘tirish davri. Karantin bu – uyda bo‘sh o‘tirish emas, azizlar! Zero, dunyoga qanday ko‘z bilan qarasangiz, aynan shunday ko‘rinadi. Xudoga sajda qilish, irqi, millati, dini, kelib chiqishidan qat’iy nazar, borliq insoniyat bilan qalban birlashish – insoniylik vaqtidir. Oila bilan bir dasturxonda o‘tirib, hayot tashvishlari, kundalik yumushlar, ish, o‘qish sabab oilasini sog‘inganlar uchun – diydor vaqtidir. Anchadan buyon uyda yig‘ilib qolgan ishlarni qilib olish uchun – fursat vaqti. Masofalar sabab mehr ulasha olmayotganlar uchun – mehr vaqti. Chuqur o‘ylarga tolib, hayollar surib, erkin ijod qilish uchun – ijod vaqtidir. Talaba va o‘quvchilar uchun ayni – imkon vaqti. Chunki, bilimning asosi takror bilandir. Yangi bilimlar olib, takrorlashga fursat bo‘lmayotganligi sabab ayni takror vaqtidir. Olgan bilimlarimizni kengaytirib, mustahkamlash fursati. Rejalashtirib yurgan g‘oyalarimizni mukammallashtirish,  kamchiliklarini to‘ldirish vaqti.

Kundalik turmush, o‘qish, har kungi mashg‘ulotlar, yangi vazifalar sabab ijod uchun, maqolalar yozish, anchadan buyon boshlab qo‘ygan o‘quv qo‘llanma ustida ishlash uchun aslo vaqt topa olmayotgan edim. Hozir uch yillik olgan bilimlarim, ustozlarimning maslahatlari va izlanishlarimga tayangan holda o‘zimning mutaxasisligim bo‘yicha talabalar uchun o‘quv qo‘llanma yaratish ustida ish olib bormoqdaman.  Azizlarim, o‘z ustimizda ishlash uchun, o‘zimizning  ‘‘men” imizni shakllantirishimiz, yurtimiz-elimiz uchun kerakli inson bo‘lib yetishishimiz uchun vaqt kutib turmaydi va hech qanday sabab bunga bahona bo‘la olmaydi. Axir O‘zbekiston yoshlarining o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari, o‘z tanlagan yo‘llari bor. Bo‘lajak dizayner sifatida shuni ta’kidlamoqchimanki, go‘zallik manbasi – umrning uzoqligida emas, balki go‘zallikni, imkoniyatni ko‘ra olgan ko‘zlardadir. Vaqt g‘animat, uni siz boshqaring va o‘zingiz uchun, imkoniyatlaringiz uchun tobe qiling.

 

Qunduz Madraximova,                                                                                                                                                 

Ajiniyoz nomidagi Nukus DPI 3-bosqich talabasi.