#Talaba_minbari: Hamma biz uchun harakat qilmoqda, bizchi?!

Koʻpchilik davlatlarning boshiga tushgan ogʻir sinov, bizning Vatanimizni ham chetlab oʻtmadi. Goʻyoki bir koʻrinmas dushman misoli chang solmoqda. Uni na qoʻl bilan, na qurol bilan yenga olamiz. Faqatgina hozirgi kunda oʻzimizda mavjud boʻlgan aql va zakovatimizni ishga solgan holda undan uzoqlashishimiz va uni yengishimiz mumkin.

Lekin,  avvalo, inson ekanmiz bu kulfatni Alloh tomonidan biz bandalarini sinash uchun yoʻllagan bir sinov tariqasida qabul qilishimiz va barcha imkoniyatlarimizni ishga solgan holda oqilonalik bilan fikr yuritib, bu sinovdan ham oʻtib olishimiz  lozim. Chunki, hayot oʻzi turli xil sinovlar, qarama-qarshiliklardan iborat. Shu kungacha buyuk insoniyat imkoniyatlari chek-chegara bilmay kelmoqda. Ular boshlagan har bir ishning muvaffaqiyatini koʻrib benihoya sevinamiz va yanada imkoniyatlarimizni kengaytirish yoʻllarini izlaymiz.

Lekin, tarozining ham ogʻir, ham yengil tomoni bor deganlaridek, hech oʻylab koʻrdikmi? Insonlarning ehtiyojlarini qondirish uchun yaratilayotgan ba’zi kashfiyotlar ona tabiatimizga ziyon yetkazmayaptimi? Biz esa aslida ona tabiatning bir boʻlagi emasmizmi?! Buni oʻylashga, albatta, tafakkurimiz yetadi,  foydali hamda zararli tomonlarni juda yaxshi ajrata olamiz. Lekin, koʻpgina hollarda e’tiborsizlikka yoʻl qoʻyamiz. E’tiborsizligimiz natijasi qanday hollarga olib kelishini yaxshi bilamiz-u, lekin baribir e’tiborsizlikka yoʻl qoʻyib, koʻp kulfatlarni biz oʻzimiz boshimizga yogʻdiramiz. Bugun ham yurtimizga shiddat bilan oqib kelayotgan dushmanni bilib turibmiz-u, yana e’tiborsizlik qilyapmiz. Nima uchun? Unga shaxsan oʻzimiz roʻbaro kelmaganimiz uchunmi? Xalqimizda ota-bobolarimizdan kelayotgan, yod-yodimizga singib ketgan yaxshigina ibora bor: “Kasallikka chalingandan koʻra, uning oldini olgan yaxshi”. Loaql mana shu iboraga oʻzimiz amal qilmasak, unda biz kimmiz?!

Hozirda barchamizdan talab qilinayotgan yagona vazifa – uyda oʻtirish, oilamiz bilan kasallikning oldini olish choralarini koʻrish. Nima uchun “Vazifa” sifatida bizdan talab qilinyapti? Aslida buni biz insonlar oʻz – oʻzimizni anglagan holda, eng avvalo, oʻzimiz, oilamiz, vatanimiz oldidagi insoniylik burchi ekanligini his qilmayapmiz? Nega yana qoʻlimizdan keladigan oddiy ish uchun e’tiborsizlik qilyapmiz? Televideniya, radio, ijtimoiy tarmoqlarda takror va takror iltimos tariqasida xitob qilishyapti: “UYDA QOLING”. Nahotki bu xitobni ham anglab yetish qiyin boʻlsa, bu aslida oʻzingizni, oilangizni, jamiyatingizni jar yoqasiga olib bormang degan gap emasmi?! Barcha bizga e’tibor qaratayotgan bir paytda,  biz qayoqqa qarayapmiz, hamma biz uchun harakat qilayotgan bir paytda, biz kim uchun harakatdamiz?! Aziz hamyurtlar, e’tiborsizlik – barcha kulfatlarning boshlanishi ekanligini yaxshi bilamiz va shu e’tiborsizligimiz, loqaydligimiz qanday oqibatlarga olib kelishini ham bir oʻylab koʻraylik.

Ma’lumki, yurtimiz ne – ne sinovlarga boshidan oʻtkazgan. Yaxshi niyati, ezgu amallari bilan barcha mashaqqatlarni yengib oʻtgan. Alloh rizoligi ila aql – zakovatimizni ishga solib, sabr va matonat bilan, oʻzimiz va atrofdagilarga e’tiborli boʻlib, mana shu “Koronavirus” misolida kelgan yovni ham birdamlikda, hamjihatlikda, davlatimizga yelkadosh boʻlib tez kunlarda yengib oʻtamiz.

 

Komila Aytmuratova,

Maktabgacha ta’lim fakulteti 3-bosqich talabasi.