AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Karantin – bu IMKONIYAT

Hayot – bu har bir insonga berilgan oliy ne’mat, cheksiz imkoniyatlar majmuidir. Unda inson, avvalo o‘z taqdirini o‘zi yaratadi. Biroq, unda insonlarga aloqador bo‘lgan va bo‘lmagan omillar, turli xil global muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Bugungi kunning global muammolaridan biri hisoblangan Koronavirus pandemiyasi kasalligi ham aynan ushbu omillar natijasida yuzaga kelgan. Yurtimizda COVID – 19 pandemiyasi kasalligini oldini olish va davolashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, ushbu chora-tadbirlar doirasida karantin e’lon qilindi. Bu davr mamlakat aholisi uchun sinov hisoblanib, unda sog‘liqni saqlash va xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi xodimlardan tashqari barcha soha xodimlari uchun mehnat ta’tili e’lon qilindi. Bundan tashqari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan karantin vaqtida yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va ta’lim olish jarayonini masofaviy tashkil etish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani raqamli iqtisodiyotni yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori texnologiyaga asoslangan zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun xizmat qilmoqda.  Unga ko‘ra, 14 ta rasmiy sayt bepul onlayn darslardan foydalanish imkoniyatini yo‘lga qo‘ydi.

Karantin davrida jamoat joylarida, zarurat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmaslik aytilgan bir vaqtda ko‘plab ijobiy natijalar e’tiborimizni tortmoqda. Bunda, ota-onalar o‘z farzandlari uchun  yetarli darajada vaqt ajratishyapti, ular bilan yaqindan muloqot qilishyapti, eng quvonarlisi ko‘proq e’tibor va mehr berishyapti va buning natijasida ayrim yoshlarning ota-onalariga bo‘lgan munosabati sezilarli darajada o‘zgarmoqda. Bunga yana bir qo‘shimcha sifatida Oliy ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etilgan onlayn darslarda ota-onalar o‘z farzandlari bilan birgalikda

qatnashayotganliklarining guvohi bo‘lyapmiz. Bundan ko‘rinadiki, karantin davri ham ma’lum bir ma’noda ezgulik, e’tibor va mehr ulashuvchisi sifatida xizmat qilmoqda.

Har ishda bir hikmat bor. Bu ham Yaratganning bizlarga bergan sinovidir.  Va albatta, biz bu sinovni birgalikda yengamiz! Shunday vaziyatlar bo‘ladiki, kim aslida qandayligini bilib olasiz. Hozir ko‘pchilikni taniyapmiz, o‘z nafsiga qul bo‘lganlarni ham, saxovatpeshalarni ham … .Odamzot moslashuvchan, har qanday sharoitda yashashi mumkin. Undan talab qilinadigani sabr va shukronalikdir.

Sabr qilish ham qahramonlik hisoblanadi.

Har bir kuningiz, har bir soniyangizdan unumli foydalanib, oila a’zolaringiz, yaqinlaringizdan shirin so‘zingizni, e’tibor va mehringizni ayamang! Men sizni qadrlayman! Siz bizga keraksiz! O‘zingiz va oilangiz sog‘lig‘iga bee’tibor bo‘lmang! O‘zingizni asrang! Uyda qoling!!!

 

Mashhura Davletova,

Chet tillari fakulteti 3-kurs talabasi.