AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

#Talaba_minbari: JAHOLATGA QARSHI MA`RIFAT

Ko`rinishdan tuproqdayin oddiy gohi,

Yerday  hokisor,  yerdan uzilmas nigohi.

Sherday na`ra  tortgan ammo kerak chog`i

Ma`rifatli mard insonlar kerak bizga.

Ko`ngilda pok  niyat  bo`lsa nur  bulog`i,

Jaholatga qarshi chiqqan har bir  oni,

Butun  dunyo qalqonlari, qosh-qarog`i

Ma`rifatga to`la zotlar kerak bizga.

 

(Muhammad Yusuf)

 

Kurrai Zamin yaralib, mo`jizalar ila inson zoti paydo bo`libdi-ki, u hamisha intilishlar, yangilanishlar, yorqin va oydin hayot, tinchlik va baxt sari intilib yashaydi,  ibtidodan go`zal  intixo sari kurashib,  tirmashib intilaveradi. Yuksak cho`qqilarni ko`zlayveradi.

Inson zoti yaralibdiki, hali hanuzgacha har taraflama yuksalish va komil inson bo`lish ilinjida yashayveradi va buning uchun tinmay izlanishlar qiladi.  Bunga yaqqol dalil sifatida ibtidoiy odamlarning hayot uchun kurashishda jamoalarga birlashishi,  mehnatga moslashib mehnat qurollari, ovchilik, uy-ro`zg`or buyumlarini yaratishi, kiyimlar yaratishi, g`orarda yashashga moslashishi hayot uchun kurashning  eng qadimgi  ilk belgilari sifatida ko`rishimiz mumkin.   Muloqotni, so`zlarni o`rganishi , imo-ishoralarni tushungani ham  ularning hayot uchun   kurashishlarida yetakchi o`rin bo`lib hisoblanadi.

Inson  miyasi asta-sekin  rivojlanib borishi  doirasida  ularning miyasida yozuv, bilim olish, bilim kabi narsalarning ham rivojlanib borishi kuzatilgan. Ularning ilk yozuvlari sifatida qoyatosh va g`orlardagi  turli rasmlarni misol qilishimiz mumkin. Bular insoniyatda paydo bo`lgan ma`rifatning  ilk nishonalari edi  desak adashmaymiz. Odamlar rivojlana borishi  bilan  ma`rifat va madaniyat tushunchalari ham chambarchas holda asta-sekin kengayib bordi.  Har bitta soha kengayib  inson tamadduni   rivojiga keng miqyosda hissa qo`sha bordi. 

Insonda ma`rifat  ona qornidaligidayoq rivojlanib boshlaydi. Demoqchimanki, agar ona qornidaligidayoq bolaga mehr,  e`tibor  berilsa, u tug`ilgandan voyaga yetgunga qadar  go`zal xulq-atvor, odob va bilim egasi qilib tarbiyalansa  bunday insonda hech  qachon jaholat nishonasi uchramaydi.  Bunday insonlar   o`z mehr- oqibati, iymon-e`tiqodi va  ezgu amallari ila atrofdagi shaxslarga ziyo va ma`rifat nurini taratadilar. Atrofdagilarni  ma`rifatli bo`lishga yetaklamoq  uchun bor kuch g`ayratlarini qaratadilar.

Ma`rifat yillar davomida tarbiyalanib boradi va inson qalbiga  singib boradi.  Inson ma`rifatning oltin mevasi bo`lgan  kitoblardan  ziyo  nurini oladi. Inson qancha ko`p bilim olsa,  bilim olish uchun tirishsa,  demakki bilingki,  bu insonda MA`RIFAT NIHOLLARi  bo`y ch`ozmoqda. Bunday insonlarga e`tibor  berilsa, qo`llab-quvvatlansa, albatta nihollar ko`kka  yuksalib bo`y cho`zaveradi.

Bunday  nihollarning ko`kka intilishlariga qarshilik tug`diradigan shunday bir kuch borki, u qalbingizdagi quyosh nurlarini tuman bo`lib to`sib qo`yishga urinadi. Shu  o`rinda jaholat tushunchasiga keladigan bo`lsak,  Jaholat –bu juda ham qora so`z bo`lib, inson qalbini bulg`ovchi tuyg`u  bo`lib hisoblanadi. Jaholat va   johillik hech qachon o`z- o`zidan paydo bo`lmaydi.  Ya`ni insonga nafrat, unga ezgu amallarni tilamaslik hech qachon o`z- o`zidan  paydo bo`lmaydi. Nimadir  bunga motiv bo`ladi-ki, inson qalbida qandaydir  kuchli qo`rquvmi, yoki kuchli nafrat tugunimi paydo bo`ladiki inson ma`rifati va aql-u zakovati ojizlik yoki zaiflik qilib bu qo`rquv yoki nafratni yenga olmaydi. Natijada esa jaholat insonni asta-sekin o`z domiga tortib ketaveradi, o`zining zulmat, qo`rqinch va alamga to`la  yutib yuboruvchi yo`laklari sari yetaklayveradi.  Inson ruhan kuchi, ma`nan kuchli yetuk bo`lsa bu jaholat domi zulmatini o`z ziyosi ila yengib chiqa oladi.

Qadimdan ota-bobolarimiz jaholat  va zulmga qarshi kurshib kelgan  va bunday  hollarda jaholat tubiga sari cho`kmasliklari uchun yoshlarni har taraflama yetuk va kuchli qilib tarbiyalashga,  keng hayotiy tajribaga ega shaxslar qilib yetishirishga harakat qilganlar ularga dunyoviy, diniy va jismoniy taraflama turli bilimlar berib borganlar, ularni  hunarli qilib tarbiyalaganlar.  Natijada esa jaholatga qarshi kurashgan va bu borada katta odimlar ila odimlagan buyuk shaxslar  yetishib chiqqan.  Dunyo yuzining turli joylarida turli davrlarida rivojlanish va  uyg`onish  davri yuzaga kelgan.  Ya`ni turli xil bilim darajasiga ega  bo`lgan zamon shaxslari yaratgan olamshumul yangiliklar  ug`onish va rivojlanish jarayonini paydo qilgan. Nisbatan olib qaraydigan bo`lsak  hozirgi O`rta Osiyo hududlarida IX-X asrlar uyg`onish davri bo`lib  hisoblanadi.  Bu   sohalarda  tibbiyot,    algebra,  astronomiya ,  geografiya  va  shu kabi ko`plab  sohalarda  olamshumul  yangiliklar paydo  bo`ldi. Ibn Sino ,  Xorazmiy,  Beruniy,  Mirzo Ulug’bek,  Kamoliddin   Behzod   kabi  ko’plab,  buyuk shaxslar  ma`rifat yo’lida mardonovor  kurashganlar. Har birlari har xil sohalarda   buyuk muvaffaqiyat cho`qqisiga erishganlar, masjid va  madrasalarda o`zlari kabi  buyuk shaxslarni tarbiyalashga intilganlar.  Bu esa jaholatni tarqatib, yo`q qilib yuborguvchi yorug` bir kuch  timsolidir. 

Barcha zamonlarda jaholatga qarshi ma`rifat bilan kurashib kelganlar.  Bugungi  davrlardan ancha oldin ham jaholatga qarshi  kurashda buyuk  bobolarimiz o`zlarining   jadidchlik harakati  bilan hm ro`baro’ kelganlar. Ular  jaholat dunyoni egallamasligi uchun shirin jonlaridan kechib,  xalq dushmani degan nom olishg ham tayyor bo`lib, umrlaridan kechib kurashganlar. O`sha davrlarda xalqqa ma`rifat nurini  singdirib,   ularni ozodlik,   xurlik, ma`rifatlilik   sari yetaklagan ko`plab komil shaxslar  “xalq dushmani ”  deb e`lon qilinib,  ayovsizlarcha qurbon qilingan. Ammom shunga qaramasdan ozodlik, xurlik, ma`rifat  kurashchilari o`z harakatlarini  kurashlarini davom ettirgan, jaholat  zulmiga qarshi ma`rifat nuri  bilan borganlar.   

Ma`rifat nurining  kuchi  ko`plab  qurbonlaridan keyin  va nihoyat jaholat zulmati ustidan g`alaba  qozonadi.  Ammo  inson zoti  bor  ekan   ular  hamisha  kurashda  bo`ladi : jaholat  va  ma`rifat.

Zeroki biz  jaholatga qarshi ma`rifat bilan kurashar ekanmiz,  ma`rifatimizni  yuksaltirishimiz uchun  ko`plab  kitoblar  o`qishimiz,  dunyoviy  va yetarli darajada diniy  bilimlarga  ega bo`lishimiz lozim. Chunki bunday shaxslar qalbida  zulmga o`rin bo`maydi.  Dinning maqsadini bilgan, uni tushungan inson   hech qachon qalbida biovga qarshi yomon  niyat-u amal bu yoqda tursin, yomon o`ylar, yomon so`zlar ham hech qachon o`ylamaydi. Zulm,   qahr va  adovat bo`lmagan  joyda  esa  jaholat urug`lari  zinhor va zinhor  unmaydi. Go`yoki  urug`  tuproq va suvsiz  unib  chiqa olmas ekan jaholat  ham xuddi shunday, zulm va adovatsiz,  qaxrsiz quruq toshga aylanadi. Shunday ekan bunday tosharga aslo suv va tuproq, havo  berib uni qahr urug`iga aylantirmasligimiz lozim.

Butun dunyoning tiragi,  millatlar  kelajagi  bo`lgan yoshlar,  keling qo`lni qo`lga beraylik,  jipslashaylik, birlashaylik, jaholatga qarshi  ma`rifat bilan kurashib, ma`rifat olovini manguga yoqaylik. Zero  nuri  ila butun olamni nurafshon aylasin.

Qo`lni- qo`lga berib olamni qutqaraylik, qalblarimiz birga ekan, Ma`rifat nuri aslo so`nmaydi!

 

Shoira Musayeva,

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti fizika-matematika fakulteti informatika o`qitish metodikadi ta`lim yo`nalishi 1-b kurs talabasi.