AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Uch xalq farzandi

Adabiy aloqalar va ta’sirlar adabiy jarayon taraqqiyotini, uning muvaffaqiyatli rivojlanishini ta’minlaydigan omillardan biri, qolaversa, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan adabiy hodisadir. Bu jarayonning ijtimoiy-siyosiy va adabiy hayotdagi ahamiyatini teran anglab o‘z ilmiy faoliyatining asosiy qismini shu sohaga bag‘ishlab adabiyotshunoslikda qalam tebratib kelayotgan tadqiqotchilar anchagina bor. Shulardan biri adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor Karimboy Quramboyevdir. K.Quramboyev 1942-yilning 10-noyabrida Turkmaniston Respublikasining Toshhovuz viloyatidagi Toshovuz tumanining Oltmish qishlog‘ida tug‘ilgan. 1960-1965-yillarda Toshkent davlat (hozirgi O‘zMU) universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan. 1970-1972 -yillarda u O‘zbekiston Fanlar akademiyasi A.S.Pushkin (hozirgi Alisher Navoiy) nomidagi Til va adabiyot institutining aspiranturasida  o‘qigan. 1972-yilda   shu  ilmiy dargohda «Adabiyotlarning  o‘zaro ta’siri va san’atkor ijodining o‘ziga xosligi» mavzusida filologiya  fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qilgan.  K.Quramboyev 1981-1985-yillarda Nukus davlat universitetining O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri vazifasini bajargan. K.Quramboyev 1992-yilda Turkmaniston FA Maxtumquli nomidagi Til va adabiyot instituti huzuridagi ixtisoslashtirilgan Ilmiy kengashda, «Milliy adabiyotlar taraqqiyotida  o‘zga adabiyotlar poetik tajribasining roli» degan mavzuda doktorlik  dissertatsiyasini himoya qildi.

1992-yildan 2002-yilga qadar Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining o‘zbek va qozoq  filologiyasi fakulteti dekani lavozimida ishladi. 2002-yildan hozirgacha  Pedagogika institutining O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasining professori vazifasida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. K.Quramboyev o‘z kasbining malakali mutaxassislaridan biri, ustoz «Adabiyotshunoslik asoslari»,  «Adabiyot nazariyasi»,  «O‘zbek adabiy tanqidchiligi tarixi»,  «Hozirgi adabiy jarayon»,  «Qardosh xalqlar adabiyoti»,  «Adabiy ta’sir va ijodkorning o‘ziga xosligi»,  «O‘zbek adabiyotshunosligi tarixi» kabi asosiy va maxsus kurslardan ta’lim beradi. Ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlari nazariy puxtaligi, metodik jihatdan yuqoriligi bilan ajralib turadi.

 K.Quramboyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi miqyosidagi jamoat ishlariga faol qatnashib kelmoqda. U Zulfiya nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotini berish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Komissiyasi a’zosi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti huzuridagi doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish bo‘yicha tuzilgan Ixtisoslashgan Ilmiy kengash a’zosi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Amudaryo”, “Ilm va jamiyat”, “Saniyat”, “Tamaddun nuri” jurnallari, “Qoraqalpoq adabiyoti” Respublika gazetasi tahririyat a’zosi sifatida ham namunali xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Olim institut, qolaversa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ilmiy-adabiy jamoatchiligi orasida hurmatga sazovor ziyolilardan biridir.  K.Quramboyev ilmiy-pedagogik faoliyati, jamoat ishlaridagi faolligi uchun O‘zbekiston Respublikasining «Faxriy yorlig‘i» (1994); Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan Fan arbobi (1999); «O‘zbekiston mustaqilligining 10 yilligi » (2001); esdalik nishoni; O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining xalq ta’limi a’lochisi (1999-2011); Maxtumquli Firog‘iy nomidagi Turkmaniston Respublikasi davlat mukofoti (2014 йил);  O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi (2018) kabi mukofotlar bilan taqdirlangan.

K.Quramboyev ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarni yangi dasturlar asosida tayyorlab, ko‘rgazmali qurollar, yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanib, barcha  darslarini talab darajasida olib boradi. Institut  va fakultetdagi ma’naviy, ma’rifiy, o‘quv va tarbiyaviy ishlarda faol qatnashib keladi. Iqtidorli talabalar va yosh o‘qituvchilarni o‘zbek adabiyotining nazariy muammolari, milliy adabiyotlarning o‘zaro aloqalari va bir-birlariga ta’sirlarining ahamiyati, ta’limning boshqada dolzarb masalalari bilan tanishtiradi.

Olim hozirgacha o‘n beshdan ortiq ilmiy, ilmiy-uslubiy monografiyalar, o‘quv qo‘llanmalari, 350 dan ortiq ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalari e’lon qilindi. Muallifning kitoblari Oliy o‘quv yurtlarining filologik ta’lim yo‘nalishi talabalari va magistrantlari uchun qo‘llanma vazifasini o‘tamoqda. Olimning ilmiy tadqiqotlari O‘zbekiston, Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining nashriyotlarida, gazeta-jurnallarida o‘zbek, qoraqalpoq, turkman va rus tillarida bosilib chiqqan.

 

Ixtiyorbek Norov,

Turkiy tillar fakulteti Ozbek tili va adabiyoti yonalishi 2-kurs talabasi.