AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Orol dengizi tarixi

Orol tabiiy geografik okrugi Turon tekisligining markaziy qismida, Ustyurt okrugi bilan Qizilqum okrugi orasida joylashgan.U shimolda Qozog‘iston bilan, janubi-sharqda Qizilqum, janubda Quyi Amudaryo, g‘arbda Ustyurt okruglari bilan chegaralanadi.

Tabiiy geografik o‘rganilish va paydo bo‘lish tarixi.Orol – Yer yuzidagi dengiz va okeanlar bilan bog`lanmagan eng ulkan ko’l, ya’ni suv havzalaridan biridir. Orol va Orolbo‘yi haqidagi dastlabki ma’lumotlarni miloddan avvalgi II asrda yashagan geograf Klavdiy Ptolemey yozib qoldirgan. U tuzgan „Dunyo xaritasi»da hozirgi Orol dengizi o‘rnida „Oks» ko‘li tasvirlangan. IX asrda yashagan arab olimi Ibn Xurdodbex Amu-Sirdaryo „Kurdor» ko‘liga quyilgan desa, X asrda yashagan Al-Mas’udiy hozirgi Orol ko‘lini „Jurjoniya», Beruniy esa „Xorazm» ko‘li deb atagan. Abu Rayhon Beruniyning yozishicha: «Turon zaminidagi eng katta Qora va Qizilqum sahrolari qachonlardir, bahri ummon ostida bo‘lgan”. Buning isboti shuki, o‘tgan million yillar davomida turli geologik jarayonlar oqibatida, bahri ummon suvlari shimoliy-g‘arbiy tomonlarga chekinib, Xazor (Kaspiy) dengizi, so‘ngra esa Orol ko‘li paydo bo’lgan. O‘sha davrda Orol dengizi Tuyamo‘yin darasidan Sulton Uvays tog‘i, Shimoliy Qoraqum va Ustyurt hududlarini egallab turgan. Boshqacha qilib aytganda, hozirgi Xorazm vohasi 150-170 ming yillar avval, «Katta ko‘llar o‘lkasi” (Sho‘rko‘l), Go‘vik, Abul, Korpz, Mizon, Oqchaxon, Sariqamish va b.) dan iborat bo‘lgan. Buni Uch o‘joq, Ustyurt va Orolni o‘rab turgan qoya tepalik va qirg‘oqdagi suv qoldirgan geomorfologik chizik izlari ham isbotlab turibdi. Fransuz geografi Delil 1723-yili tuzgan xaritasida Orol botig‘ida joylashgan suv havzasini birinchi marta „Orol» deb nomlagan.Orol dengizining tubi tektonik harakatlar ta’sirida cho‘kishi natijasida paydo bo‘lgan. Orol cho‘kmasining ilk Amudaryo va Sirdaryo suvi bilan to‘lishi eramizdan avvalgi 1-ming yillikning birinchi yarmida ro‘y bergan. So‘ngra tabiiy omillar ta’sirida (Amudaryo va Sirdaryo suvining ko‘payib, ozayib turishi ta’sirida) Orol dengizi suv sathi goh pasayib, goh ko‘tarilib turgan. So‘nggi 200 yil (1961-yilga qadar) ichida Orol dengizining suv sathi uch marta ko‘tarilib, ikki marta pasaygan.So‘nggi yillarda Amudaryo va Orol dengizi haqida shunchalik ko‘p gapiriladi va yoziladiki, tarixda hech bir dengiz yoki daryo haqida bunchalik ko‘p yozilmagan bo‘lsa kerak. Orol fojeasining bosh aybdori, avvalo ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan tuzum bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi aybdor tabiatning o‘zginasidir. Ushbu munozarali mavzuni to‘la tasavvur etish uchun Orol va Amudaryoning uzoq o‘tmishi bilan qisqacha tanishib olish lozim.

Xo‘sh, Orol qachon paydo bo’lgan?Ba’zi olimlar Orolning paydo bo‘lishiga 30 ming yil bo‘lgan desalar, boshqa birovlar 300-400 yildan oshmaydi demoqdalar. Professor S.P.Tolstov esa ularga nisbatan kinoya bilan: «Bu katta farq 300-400 yil qayda-yu, 15-30 ming yil qayda?!” – deb yozgan edi «Qadimgi Xorazm” asarida.

Grek tarixchisi Gerodot, yahudiylarning payg‘ambari Iezekil, xitoy, arab savdogarlari Chjan-Kan, Maqsudiy va boshqalar Amudaryoni Oksus, O‘g‘uz, Oka, Ukuz, Guy-shuy, Jayhun, Gixon, Vaxsh, Amul (yoki Amin) deb tilga oladilar.

Ayrim manbalarda Kaspiyni Xorazm dengizi deb ham ataganlar. Orol dengizi va Amudaryoning paydo bo‘lishi O‘rta Osiyo xalqlari tarixi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Yunon tarixchisi Gerodotva yahudiylarning payg‘ambari Iezekil Amudaryo haqida umumiy va mutlaqo mustaqil fikr bildirganlar. Gerodotning yozishicha, Eron shohi Doro-I Xorasmiya mamlakatini bo‘ysundirish uchun suvsiz qoldirmoqchi bo‘lgan va daryoga katta to‘g‘on qurdirgan. Natijada bir necha yillar Xorazm Doroga bo‘ysungan, daryo boshlanadigan joyda esa «ulkan dengiz” paydo bo‘lgan. Ammo muallif dengiz nomini aniq yozmagan. Faktni Alloh taolo nomi bilan bog‘laydi: «Xudo g‘azabidan tog‘larlarzaga kelgan, jarlik paydo bo‘lgan. Natijada daryo o‘z yo‘lini o‘zgartirgan va ulkan oqmas ko‘l paydo bo‘lgan,”- deb yozadi. Gerodot va Iezekillar turli mintaqalarda bir-biridan qariyb 300 yil oraliqda yashab ijod etgan bo‘lsalar-da, Amudaryo masalasida bir xil qarashni bayon etganlar. Demak, o‘tmishda Sirdaryo va Zarafshon Amudaryoning irmoqlari edi, degan fikr haq bo‘lib chiqadi. Amudaryo bilan Sirdaryo Chorjo‘y-Buxoro, so‘ngra Tuyamo‘yin darasi atroflarida qo‘shilishgan bo‘lishi mumkin.

Abu Rayhon Beruniy Amudaryoni Qoraqumning shimoli-g‘arbiy tomonidan Hazor (Kaspiy) dengizigacha oqib borgan, deb yozadi.Tarix fanining otasi Gerodot, yahudiylar payg‘ambari Iezekil, hamda «Tohir va Zuhra” afsonasi ham shu fikrni tasdiqlaydilar.

Yuqorida tilga olingan tarixiy rivoyatlar, xalq afsonalaridagi fakt va misollarni tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, qachonlardir O‘rta Osiyodagi barcha daryolar Amudaryoning irmoqlari bo‘lgan, ular Pomir, Oloy, Tyanshan tog‘laridan boshlanib, Kaspiy dengiziga quyilgan.

Mahalliy va xorijlik tadqiqotchilar yozib qoldirgan ma’lumotlarga asosan Amudaryo va Orol dengizi yilnomasini quyidagi sana-raqamlar bilan belgilash mumkin:

Bir million yillar ilgari – O‘rta Osiyo hududlari, shu jumladan Xorazm vohasi katta okean ostida bo’lgan. Beruniy buni Tanis (Tanais) okeani deb atalgan.

150-170 ming yillar avval – Yer qobig‘idagi kuchli geologik o‘zgarishlar, tektonik harakatlar, zilzilalar tufayli okean suvlarining bir qismi Hind okeaniga, yana bir qismi Ozar (Xazor) Kaspiy dengiziga ajralib, ulkan ko‘llar hosil bo‘lgan.

22 ming yillar burun – Quyi Amudaryo 3 irmoqli o‘zandan iborat bo‘lgan. Manbalarda Amudaryoning o‘ndan ortiq nomlari yozib qoldirilgan. Bular yahudiy tilida Gixon, arablarda Jayhun, Xitoy tilida Guy-Shu (Katta suv), forslarda Vaxsh, «Avesto” tilida Davdon, Veyxon (Vaxon), turkiy tillarda Amindaryo, o‘g‘iz, yunon tillarida Oka, Oks, Akes, lotin tilida Amuya va XIX asrning II-yarmidan boshlab ruslar uni Amudaryo deb atay boshlaganlar. Uzunligi 2540 km. Hindukush, Pomir tog‘lari va Vrevskiy muzligidan suv oladi.

3-5 ming yillar avval – Ilk Xorazm sivilizatsiyasining boshi Kaltaminor, Tozabog‘, Amirobod, Kedor, Suvyorgon madaniyati paydo bo‘lgan. O‘zining yoshi, salohiyati, betakrorligi bilan Sir, Yunon, Hind, Eron va Xitoyning ko‘hna tarixi kabi rang-barang va qadimiydir.

 2-3 mingllar avval – Davdon va O‘zboy irmoqlari butunlay qurib qolganligi sababli Jayhun suvlari yana toshib ikki irmoq hosil etgan va Orolga quya boshlagan. O‘sha davrlarda uning chuqurligi 58-59 metrni tashkil etgan. Uni Xiz (Kiz) yoki Xorazm dengizi deb ataganlar. Xorazmliklarning birinchi kasbi-kori baliq ovlash, so‘ngra chorvachilik bo‘lgan.

2500-2700 yillar muqaddam – Amudaryo suvlari toshqin hosil qilgan chog‘larda Vodakbuva, Xeykanik (Shovot, Polvon) irmoqlari orqali suvlar yana Sariqamishga oqib borgan. Ushbu kanallar bo‘yida Aturspend (Xazorasp), Qal’ajik (Dovudqal’a), Qo‘zaliqir, Xiva, Samburli (Shoxsanam), Urga qal’alari paydo bo‘lgan. Eradan avvalgi 559-329 yillarda Orol suvi 40-41 metr chuqurlikni tashkil etgan.Buning sababi Eron shohlari Amudaryoni to‘sib, uni sahroga oqizib yuborganlar.

2000-2200 yillar avval – Xitoy savdogarlari suv yo‘llari orqali Xorazmgacha suzib kelganlar va uni MA-SA–GET, Yu-YeN-JI mamlakati deb ataganlar.

Eramizning 712-850 yillari – Arablar dengizga Orol deb nom berganlar. O‘sha davrda Orol to‘lishib, chuqurligi 54-55 metrga yetgan.

990-996 yillar – Amudaryo toshib, uning sohil shaharlari, shu jumladan mamlakat poytaxti Kat (hozirgi Shobboz hududida bo‘lgan) suv ostida qolgan. Poytaxt Gurganj (Jurjon yoki Ko‘xna Urganch)ga ko‘chirilgan.

1221-yillar – Mo‘g‘ullar Amudaryoni to‘sib, Sariqamish – Kaspiyga burib yuborganlar. Natijada Orolda suv sathi 5-6 metrga kamaygan vachuqurligi 43-44 metrga teng bo‘lgan. Mamlakat poytaxti Gurganj avval suvga bostirilgan. Suvsizlikdan azob chekkan aholi boshi oqqan tomonlarga ko‘chib ketishga majbur bo‘lganlar.

1572-1573 yillar – Amudaryo Mazdakand qal’asidan (Xo‘jayli) yana Orol tomonga qarab oqa boshlagan. Natijada Sariqamish ko‘lining suvi 10 metrga kamaygan.

XVI-XVII asrlar – dengiz va geomorfologiyasi fanining bilag‘onlari (N.G.Brodskaya, A.L.Yashin, R.V.Nikolayeva, V.P.Lgvov)larning hisob-kitoblariga ko‘ra so‘nggi 400-500 yil davomida Orol dengizining chuqurligi o‘rtacha 50 metrni tashkil etgan. Bu eng qadimgi davrdagi chuqurlikdan 10 metr kam deganidir.

XVII-XIX asrlar – Orol dengizi suvlari uch marta kamayib, yana avvalgi holatiga qaytgan. Geografiya fanlari doktori, professor V.P.Lgvov 1780-1978-yillarda Orol suvining kamayib-toshib turishi bo‘yicha ilmiy xulosa chiqarib, XX asr oxirida vohada suvsizlik ofati kelib chiqishini yozib qoldirgan. Hayot olimning ilmiy bashoratini tasdiqladi.

1848-yil – Rossiya geografiya jamiyati dengiz kapitani A.P.Butakov boshliq Orol ekspeditsiyasini tashkil etib, dengiz xaritasi chizildi, o‘simlik va hayvonot dunyosini ilk bor ilmiy jihatdan o‘rganila boshlandi.

1865-1876-yillar – O‘rta Osiyoni ruslar mustamlaka qildi. Rus kemalari Qo‘ng‘irot, Xo‘jayli, To‘rtko‘lga suzib kelganlar.

1873-yil – Petro-Aleksandovsk (To‘rtko‘l) shahriga asos solindi. Bunga qadar bu hududga yaqin joyda Sho‘roxon qo‘rgoni bo‘lib, bu yerda Xiva xoni tayinlagan hokim faoliyat olib borgan.

 1886-yil – Amudaryo flotiyasi tashkil etildi. Yuk ortilgan kemalar Oroldan Termizgacha qatnab turgan.1952-yilda Xorazm temir yo‘li ishga tushirilgach, kemachilik inqirozga uchradi.

1934-yil – Amudaryo toshgan vaqtda Gurlan va Mang‘it tumanlari hamda Cholish pristanini suv bosgan.

1948-1954-yillar To‘rtko‘l shahri suv ostida qolib daryodan 10 km.nariroqda yangi shahar bunyod etildi. O‘sha davrda Orolda uchta orolcha bor edi, xolos.

XX asrning 60-yillar boshi Orolga 52,5 km.kub suv kirgan bo‘lsa, 1970- yilda 34,5 km.kub, 1980-yilda 10,5 km.kub suv oqib borgan. Bugungi kunda dengizning yuzasi 38% ga qisqargan va o‘rtacha chuqurligi 17 metrga teng. Dengizning Qozog‘iston Respublikasi hududidagi qismida turizm va baliqchilik sanoati rejalashtirilgan. Umuman Orol dengizi bo‘yicha 108 ta qaror va loyihalar ishlab chiqilgan, shunga qaramasdan uning sathi tabora kamayib, dengiz o‘rtasida ulkan tuz koni hosil bo’ldi. Qozog‘iston Respublikasi va Rossiyaning «Zarubejstroy” kompaniyasi yordamida Ko‘korol plotinasini qurishga kirishildi. Uning loyiha baxosi 86 mln.dollarga teng.

1969-yil – Amudaryo toshqini tufayli Cholish posyolkasi, Beruniy va Chorjo’y shaharlarini suv bosdi. Mo’ynoq baliq kombinati mahsulot yo’qligi – Orolning chekinishi tufayli inqirozga uchradi.

1970-1983-yillar –Amudaryo yo’lida sig`imi 13 mlrd. kubometr bo’lgan Rog`un (Tojikiston) va 7,8 mlrd kubometr sig`imga ega Tuyamo’yin suv omborlari qurildi. Daryodan yuzlab ariq, kanallar suv oladi.Qarshi cho’lining o’zlashtirilishi, Buxoro-Amu, Tuyamo’yin-Toshhovuz singari o’nlab kanallarning daryodan xohlagancha suv olishi oqibatida atrof-muhitning ekologik vaziyati buzildi, aholi o’rtasida turli kasalliklar kelib chiqdi.

1989-yil – Orol kisman ajraldi.

2000-2002 yillar – Amudaryo suvlari kamayib, qurg`oqchilik bo’ldi.Natijada voha qishloq xo’jaligi hosildorligi 40-60 foizga kamaydi.

2005-yil iyun-iyul oylari – Amudaryo suvlari yana toshdi. Tuyamo’yin suv omboriga bir sekundda 4800 kub.metr suv quyilib, uning oqib o’tishi 4150 kub.metr sekundni tashkil qildi. Qoraqalpog`iston va Xorazm viloyatining daryo bo’ylaridagi ekinzor dalalari, dala hovlilar, dam olish zonalari, sholi plantatsiyalarini suv bosib, muayyan iqtisodiy zarar ko’rildi. Suv toshqinini bartaraf etish uchun viloyatda 21 ekskovator, 42 buldozer, 79 traktor, 98 samosval, 22 avtokran va boshqa texnika vositalari kuniga 350 kubometr tosh va shag`al tuproq massani tashib, mustahkam damba hosil qildilar.

2005-yilning bahor va kuzida Orol dengiziga suv quyila boshlagan. Mutaxassislarning fikriga qaraganda, agar Amu va Sir daryolari yana avvalgi maromda Orolga oqizib tursa, dengizning o’z asliga qaytishi uchun 20 yil vaqt kerak bo’lar ekan.

Eslatib o’tamiz: 1964-yilda Orol sathi dunyo xaritasidagi meridian bo’ylab 424 km, eniga 292 kilometrni tashkil etgan. Ushbu raqamlardan 38-39 foizi olib tashlansa, Orolning bugungi umumiy sathi va tavsifi namoyon bo’ladi.

2010-yilga borib qardoshlar yurtida sathi 3460 kv.km, chuqurligi 130 metrlik ulkan sun`iy dengiz hosil bo’ladi.Uning birinchi navbati 2004-yilda ishga tushirildi. Umumiy qiymati 6 mlrd AQSh dollariga teng 147 ming monolit, 300 ming kub.metr temir-beton yotqizilishi rejalashtirilgan. «Oltin asr ko’li” deb nom berilgan sun`iy dengiz uzunligi 1100 kilometrlik «Qoraqum” magistral kanali orqali har yili 100 mln.kub metr daryo suvlarini yutib yotibdi. Bu o’z navbatida orol bo’yida yashab kelayotgan 5 mln.dan aholining sog`lig`i, iqtisodiy, madaniy turmushiga salbiy taxsir etmay qolmaydi.

Xulosa qilib aytganda, bugun dunyoning iymon-e`tiqodli olimlari, jamoatchilik vakillari Orol fojiasi bo’yicha kutilayotgan xavf-xatardan ogoh etib kelmoqda.

Tarixning achchiq saboqlari shundan iboratki, daryo suvlari Orolga yetib bormagan davrlarda eski o’zan suv yo’llari qum va tuproq ko’chkisi bilan to’lib, ifloslanib izdan chiqadi va daryo toshgan paytda kuchli oqim o’ziga yo’l topa olmay suv-daryo toshadi. Natijada 300-400 km.janubiy tomonga dalalar, qishloq, tuman, shaharlar toshqindan katta zarar ko’radi.Tabiat insonlarning bunday tajribasizligidan qattiq o’ch oladi.

Orol suv sathining pasayishi va uning salbiy oqibatlari. Orol havzasida 1961-yildan boshlab sug‘oriladigan yerlar maydonining muttasil ravishda ortib borishi, suv omborlar barpo etilishi, shaharlar va sanoat obyektlarining ko‘payishi, aholi sonining o‘sishi natijasida Amudaryo va Sirdaryo yil sayin Orolga kam suv quya boshladi, aksincha, ko‘l yuzasidan bug‘lanish miqdorining ortib borishi oqibatida ko‘l suv sathi pasayib, asosiy qismi quruqlikka aylandi.

2005-yildan so‘ng Orolga Amudaryo suvining yetib bor- masligi oqibatida 50 ming km 2  qismi quruqlikka aylanib, qum relyefi shakllanib, ko‘l qismida tiрik sho‘rxoklar mintaqasi vujudga keldi. Shunday qilib, sobiq dengizning qurigan qismida o‘ziga xos tabiiy komponentlarga ega bo‘lgan yangi „Orolqum» cho‘li paydo bo‘ldi. Orolning qurigan qismida bir-biridan ajralib qolgan uchta — Shimoliy, Sharqiy va G‘arbiy Orollar saqlanib qolgan edi. Lekin so‘nggi yillarda bug‘lanish tufayli Sharqiy Orol suv sathi pasayib, hozir qurib qolib, o‘rni sho‘rxok, sho‘rxok-botqoqqa aylanib qoldi. G‘arbiy qismidagi nisbatan chuqur ko‘l ma’lum vaqtgacha saqlanib qolishi mumkin.

Orol dengizining qurigan qismi tuz makoniga aylanib, atrof muhitga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.Shamol tuzlarni to‘zitishi oqibatida Orolbo‘yi hududlariga tuz yog‘ini yog‘moqda.Bu esa iqtisodiyotga, aholi salomatligiga salbiy ta’sir etmoqda. Orolning qurigan qismidan tuz aralash chang-to‘zon uzoq masofalarga, hatto, O‘rta Osiyo tog‘laridagi muzliklar yuzasiga tushib, uning erishini tezlashtirmoqda. Tuz yomg‘iri, ayniqsa, unga yaqin bo‘lgan hududlarga katta iqtisodiy va ekologik zarar keltirmoqda.

Okrugning yerusti tuzilishi. Orolning qurigan qismi yerusti tuzilishiga ko‘ra atrofidagi Orol botig‘i tomon pasayib boruvchi tekislikdan iborat. Lekin botiqning o‘rta qismida joylashgan sobiq Vozrojdeniye va Borsakelmas orollari Orolning qurigan qismidan terrasasimon shaklda ko‘tarilib turuvchi qadimiy tekislik hisoblanadi.

Orolning qurigan qismi yerusti tuzilishi jihatidan eng yosh tekislik bo‘lib, qumliklari va sho‘rxoklardan iborat. Qumliklari barxanlardan, egri-bugri shakldagi qumliklardan iborat bo‘lib, sho‘rxoklar orasida chuqurligi 0-1 m ga yetuvchi botiqchalar mavjud.

Orolning qurigan qismida hozir 200 ming gektar maydonga saksovul, juzg‘un va boshqa o‘simliklar barpo etilib, qum ko‘chishining oldi olinmoqda.

Iqlimi, tuproqlari, o‘simliklari va hayvonot dunyosi. Orol tabiiy geografik okrugi kontinental iqlim xususiyatiga ega bo‘lib, qishi sovuq, yozi issiq va quruq, yillik o‘rtacha harorat 7,5-10,5°C ni tashkil etadi. Qishda okrug shimoli-sharqiy va shimoliy sovuq va quruq shamollar ta’sirida bo‘lib, harorati pasayib ketadi. Orol okrugida yanvarning o‘rtacha harorati Mo‘ynoqda –5 –7°C ni tashkil etadi. Qishda ba’zi yillari eng past harorat –32°C ga yetadi. Yozda iyulning o‘rtacha harorati Mo‘ynoqda +28°C bo‘lib, issiq harorat +38 +42°C ga yetadi.

So‘nggi yillarda Orol suv sathining pasayishi natijasida qish sovib, yozda harorat ko‘tarilib bormoqda. Mo‘ynoqda 1960-yili yanvarning o‘rtacha harorati –4°C bo‘lgan bo‘lsa, hozir –8°C ni tashkil etmoqda.

Okrugda may oyidan boshlab shimoli g‘arbdan, g‘arbdan esuvchi havo massasi ta’sirida havo ilib, yog‘ingarchilik boshlanadi. Okrugga yiliga o‘rtacha 80-100 mm atrofida yog‘in yog‘ib, uning 45 foizi bahorga, 10-11 foizi yozga to‘g‘ri keladi.

Tuproqlari. Orol dengizi o‘rnida suvdan bo‘shagan hududlarning tuproq qoplami o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Bu o‘ziga xoslikni tuproqda tuzlarning yig‘ilishi, ularning sho‘rlashganligi va katta hududda sho‘rxoklarning mavjudligida ko‘rish mumkin. Okrug hududining 80–90 foiz qismidagi tuproqlar o‘ta darajada sho‘rlashgan. Orolning chekinishi tufayli eng avval quruqlikka aylangan, eol qum relyefi mavjud bo‘lgan hududlarida qumli cho‘l, qumoq va taqirsimon sho‘rxoklar joylashgan.

O‘simlik  va hayvonlari. Okrugda tuproq turi va uning tuz rejimiga bog‘liq holda o‘simlik rivojlangan. Shu sababdan eol qum relyefi mavjud bo‘lgan joylarda qora saksovul, cherkez, yulg‘un hamda bir yillik sho‘ralar tarqalgan. Taqirsimon sho‘rxoklarda  yulg‘un, sarisazan, bir yillik sho‘ralar o‘ssa, sho‘r- xoklarda  yulg‘un, qorabaroq, kermek, bir yillik sho‘ralar; o‘tloq sho‘rxoklarda  bir yillik sho‘ralar tarqalgan. 1990-yildan buyon dengiz suvidan xoli bo‘lgan Orol tubida, oppoq tuz bilan qoplangan sho‘rxoklarda o‘simlik deyarli o‘smaydi.

Orol okrugi cho‘l zonasida joylashganligi tufayli ko‘plab sudralib yuruvchi va kemiruvchi hayvonlar yashaydi. Lekin Orol sathining pasayishi tufayli vujudga kelgan noqulayliklar, xususan, sho‘rxoklar, sho‘rxok-botqoqli yerlarning ko‘pligi hamda hayvonlar uchun zarur bo‘lgan chuchuk suvning yo‘qligi, o‘simliklarning kamligi tufayli hayvonlar soni va turi juda kam. Okrugda yumronqoziq, qumsichqon, qo‘shoyoq, toshbaqa, tulki, bo‘ri va qushlar uchraydi.

Okrug tabiatini muhofaza qilish. Orolning chekinishi oqi- batida vujudga kelgan quruqlik yuzasidan qum ko‘chkilari va tuz aralash chang-to‘zonlar tarqalib, havoni ifloslab „tuz yomg‘iri» yog‘dirmoqda. Bu, o‘z navbatida, atrof-muhit tabiatini ifloslab, ham iqtisodiy, ham ekologik muammolarni keltirib chiqarmoqda. Shu sababli bu jarayonning oldini olib, tabiatni muhofaza qilish uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirish kerak: qum ko‘chkilarining oldini olish uchun shamol kuchi ta’sirini kamaytirish maqsadida har xil to‘siqlar, xususan, ixotalar, kulisalar barpo etish; eol relyefi mavjud bo‘lgan va tuz to‘zishi mumkin bo‘lgan hududlarda fitomelioratsiya tadbirlarini amalga oshirish; yaylovlardan chorvachilikda foydalanishdan oldin muhofaza choralarini amalga oshirish; Orolning qurigan qismi landshaftini ma’lum joyda tabiiy holicha muhofaza qilish hamda alohida hudud sifatida (kelajak avlod uchun) saqlab qolish.

Orol tabiiy geografik okrugidan samarali foydalanishning quyidagi imkoniyatlari mavjud: Orol tubida juda katta neft, gaz, fosforit, har xil qurilish materiallari va osh tuzi (zaxirasi  6,0 mlrd t) konlari bor; quruqlikka aylangan hududdagi balchiq va balchiqli tuzlardan davolanish maqsadida va turistik obyekt sifatida foydalanish; Orolning qurigan qismidagi hududlardan yaylov sifatida foydalanish.

 

Ixtiyorbek Norov,

Turkiy tillar fakulteti O‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi 2-kurs talabasi.