AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Muhammad Yusuf – elparvar shoir

Oʻzbek adabiyoti shunday chamanzorki, uning boʻstonida gul koʻp, chechak koʻp. Bu boʻstonda bir-biriga oʻxshamaydigan, bir-birini takrorlamaydigan dilbar shoirlar avlodi qayta-qayta boʻy choʻzaveradi. Shunday insonlar borki, ularni xalqimiz hech qachon unutmaydilar, ularning xotiralari qalbimizda mangu qoladi.

 

Shu kunlarda yurtimizda ona vatanga, sevgan yorga boʻlgan muhabbatini goʻzal satrlar bilan ifodalab, oʻzining oddiy, soddagina she’rlari bilan adabiyotimizdan, xalqimizning qalbidan chuqur oʻrin olgan, oʻzbekning tanti farzandi, kamtar inson  Muhammad Yusufning 67 yilligiga bagʻishlangan tadbir kechalari oʻtkazilmoqda.

 

Shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahri 44-maktabda ham “Muhammad Yusuf – elparvar shoir“ deb nomlangan adabiy-badiiy kecha oʻtkazildi. Tadbirni maktab direktori Bahodir Akimov, oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Munavvar Kabulova ochib berdilar. Tadbir boshlanishida “Shoirni eslab“ shiori ostida maktabning oʻzbek tili oʻqituvchisi Sanobar Xodjanova vatan kuychisi Muhammad Yusufning hayoti va ijodi haqida oʻz bayonotini oʻqidi. Tadbir qatnashuvchilari shoirning hayot yoʻli, boy ijodi haqida yanada koʻproq ma’lumotlarga ega boʻlgandan keyin, tadbir yanada qiziqarli boʻlishi uchun savol-javob oʻyini oʻtkazildi. Oʻyinda savollarga toʻgʻri javob bergan oʻquvchilar estalik sovgʻalari bilan ragʻbatlantirildi. Tadbir davomida shoirning butun oʻzbek xalqi yuragidan joy olgan, qoʻshiqqa aylanib ulgurgan koʻplab she’rlari, qoʻshiqlar va raqslar maktabning har tomonlama ilgʻor 7-8-9-sinfning faol oʻquvchilari tomonidan ijro qilindi. Tadbirda maktab oʻquvchilari bilan birgalikda Ajiniyoz nomidagi NDPI Pedagogika fakulteti Musiqa ta’limi kafedrasi 2-kurs amaliyotchi talabalari ham oʻzlarining iste’dodlarini namoyon qilib faol ishtirok etishdi.

 

Tadbir soʻngida badiiy kechada faol ishtirok etgan oʻquvchilarga maktab ma’muriyati tomonidan estalik sovgʻalari topshirildi. Boʻlib oʻtgan tadbirga Musiqa ta’limi kafedrasi amaliyotchi talabalar rahbari Jalgʻasbay Kalmenov tadbir yakunidagi nutqida:

 

“Oʻquvchilar shoirning ona Vatanni va uning koʻrkli manzaralari, unda yashayotgan insonlarning bir-biriga mehr-muhabbati haqida she’rlarni oʻqib, oʻquvchilarda onaga, Vatanga, insonlarga mehr muhabbat uygʻotgan boʻlsa, talabalar ijrosidagi milliy soz va milliy qoʻshiqlar, barchaga koʻtarinki kayfiyat ulashishi bilan birgalikda Vatanimizning milliy, musiqiy meroslariga boʻlgan muhabbatini oshirishga zamin yaratdi“ deb soʻzini yakunladi.

 

Haqiqatdan ham, shoirning xalq dardini tushungani, mustaqillik uchun yonib ijod qilgani, insonlar qalbining tubidagi dardini topib yozgani uning qanchalik betakror ijodkor ekanligini koʻrsatib turadi.

 

Shoir qisqa umr kechirgan boʻlsa ham, undan chinakam ijodiy meros qoldi. Bu she’riyat also zavol koʻrmaydi, haqiqiy ma’nodagi barhayotlik ham mana shu inson ijodiga taaluqli desak xato qilmaymiz. Shoir oʻz yaqinlari xotirasida yaxshi ishlari, mehrliligi bilan muhrlanib qolgan boʻlsa, biz yoshlar, kelgusi avlodlar tasavvurida yigʻlatadigan, oʻylatadigan, ezgulikka yetaklaydigan she’rlari bilan qalbimizda mangu yashab qoladi.

 

Sayyora Safarboyeva,

NDPI Pedagogika fakulteti Musiqa ta’limi yoʻnalishi 2-V guruh talabasi.