Prezident saylovini oʻtkazishda koronavirus tarqalishining oldini olish boʻyicha Yoʻriqnoma tasdiqlandi

Bu haqda Markaziy saylov komissiyami axborot xizmati ma’lum qildi. Yoʻriqnomaga muvofiq:

● Saylov okruglari va uchastkalarida, ovoz berish xonalarida saylov komissiyasi a’zolari, saylovchilar, kuzatuvchilar va OAV vakillari: haroratni oʻlchash uchun termometr, pirometr; himoya niqobi; bir martalik tibbiy qoʻlqop (saylov komissiyasi a’zolari uchun); antiseptik suyuqlik (sanitayzer) kabi himoya va profilaktika vositalaridan foydalanishlari talab etiladi.

● Saylov jarayoni ishtirokchilari himoya niqobidan foydalanishi; qoʻl berib salomlashish yoki toʻgʻridan-toʻgʻri kontaktga kirishishning boshqa shakllaridan saqlanishi; ijtimoiy masofaga rioya qilishi lozim. Okrug va uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarning kirish qismida va ovoz berish xonasida ijtimoiy masofani saqlash uchun 1,5–2 metr oraliq masofani belgilovchi hamda harakatlanish yoʻnalishini koʻrsatuvchi chiziqlar boʻlishi lozim.

● Okrug va uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarga biriktirilgan tibbiyot xodimi saylov komissiyalari binolarining kirish qismida tashrif buyuruvchilarning tana haroratini oʻlchaydi, antiseptik vosita bilan qoʻllarini dezinfeksiya qiladi va himoya niqobida boʻlishini nazorat qiladi, zaruratiga koʻra himoya niqobi beradi.

● Uchastka saylov komissiyalari a’zolari ish faoliyatini amalga oshirishida shaxsiy himoya vositalari (himoya niqobi, antiseptik vositalar)dan foydalanishlari shart.

● Saylov kuni ovoz berish boshlanishidan kamida olti soat oldin barcha uchastka saylov komissiyalarining ovoz berish binolari va xonalari dezinfeksiya qilinadi.

● Saylov uchastkasi «qizil» yoki «sariq» hududga toʻgʻri kelgan taqdirda komissiya a’zolari ish faoliyati davomida majburiy foydalanishi uchun himoya vositalari bilan ta’minlanadi. Unga koʻra, taalluqliligi boʻyicha: maxsus kombinezon, xalat; nafas olish tizimini himoya qilish uchun — tibbiy niqob; koʻrish a’zolarini himoya qilish uchun — yuz uchun plastmassali niqob; qoʻllarni himoya qilish uchun — tibbiy qoʻlqop; qoʻl va yuz terisini dezinfeksiyalovchi vositalar, eritmalar, tarkibida xlor va spirt boʻlgan mahsulotlar.

● Saylovchilar va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining tana harorati 37 gradus va undan yuqori boʻlgan taqdirda ular ovoz berish xonasiga kiritilmaydi.

● Bunda, tana harorati 37 gradus va undan yuqori boʻlgan saylovchilar uchun alohida ajratilgan joylarda (binoning kirish qismi va boshqalar) ikki nafar uchastka saylov komissiyasi a’zosi hozirligida koʻchma saylov qutilari va kabinalaridan foydalangan holda yashirin ovoz berish huquqi ta’minlanadi.

● Koronavirus infeksiyasidan uy sharoitida davolanayotgan saylovchining turgan (yashash) joyida ovoz berish tashkil etiladi.

● Saylovchi va komissiya a’zolari oʻrtasida ijtimoiy masofa saqlangan holda saylovchining shaxsi aniqlanadi, soʻng komissiya a’zosi saylovchiga sellofan paketga solingan toʻplamni va imzo qoʻyishi uchun saylovchilar roʻyxatidan koʻchirmani beradi. Saylovchi niqob va qoʻlqopni taqqan holda saylov byulletenini olganligi haqida saylovchilar roʻyxati koʻchirmasiga imzo qoʻyadi. Saylovchiga yashirin ovoz berish huquqi ta’minlanadi. Shundan soʻng, saylovchi saylov byulletenini koʻchma saylov qutisiga tashlaydi.

● Koronavirus infeksiyasidan statsionar davolash muassasalarida davolanayotganlar va ushbu maskanlarning ishchi-xodimi boʻlgan saylovchilarning ovoz berishini tashkil etish uchun ushbu muassasalarda saylov uchastkalari tuzilishi mumkin. Yashirin ovoz berishni tashkil qilish uchun ushbu toifadagi binolarda koʻchma ovoz berish kabinalaridan foydalaniladi.

● Barcha ovoz berish binolarida ovozlarni sanab chiqishda dastlab komissiya a’zolari qoʻllarini va ovoz berish qutilari dezinfeksiya qiladilar, soʻngra sanash jarayonini ijtimoiy masofa saqlangan holda amalga oshiradi, bunda hozir boʻlgan siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ham tibbiy niqobdan foydalanishlari va ijtimoiy masofaga rioya qilishlari kerak.

1-Qoraqalpogʻiston okrug saylov komissiyasi Matbuot markazi.