YANGI OʻZBEKISTONNING YANGI SAYLOVLARI
Oʻtgayotgan har bir kun joriy yilning oktabr oyida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonlariga yaqinlashtirmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 14-apreldagi “2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar, shahar va tumanlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish masalalari qaraldi.
Joriy yilning 9-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish uchun saylov okruglari tuzish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududlarida Prezident saylovini oʻtkazish uchun jami 14 ta saylov okruglari tuzildi. Shu jumladan, Qoraqalpogʻistonda “1-Qoraqalpogʻiston saylov okrugi” tuzildi va Nukus shahrining markazida joylashgan “Yoshlar markazi” binosida oʻz faoliyatini boshladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy yilning 23-iyul kuni saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilindi va Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 14-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarining shaxsiy tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori asosida, tajribali siyosatshunos olim, U.Jalmenov rahbarligida 17 nafar a’zolardan iborat “1-Qoraqalpogʻiston okrug saylov komissiyasi” tasdiqlandi hamda tegishli vazifalar taqsimlanib, tashkiliy-amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Saylov kodeksining 10-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha saylov uchastkalari tumanlar va shaharlar hokimliklarining taqdimnomasi asosida shakllantiriladi. Ayni shu taqdimnomalarga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida 656 ta saylov uchastkasi tashkil etildi.
1-Qoraqalpogʻiston okrug saylov komissiyasi tomonidan mazkur saylov uchastkalarining tartib raqamlari, chegaralari, manzillari koʻrsatilgan roʻyxati tasdiqlandi.
Ta’kidlashimiz lozimki, bugungi kunda ijtimoiy hayotning barcha soha va tarmoqlarida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayni holat, Yangi Oʻzbekistonning yangi saylov qonunchiligida ham oʻz aksini topdi. Jumladan:
2019-yil 25-iyun kuni saylovlarga doir tarixiy yangilik, ya’ni, Oʻzbekiston tarixida ilk bor Saylov kodeksi qabul qilindi. Ushbu kodeks bilan tarqoq holdagi 5 ta qonun («Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida», «Fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlari toʻgʻrisida», «Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida», «Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylov toʻgʻrisida», «Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi toʻgʻrisida»gi) hamda Markaziy saylov komissiyasining saylovlarni tashkil etish va oʻtkazishga oid oʻnlab qaror va yoʻriqnomalari oʻz kuchini yoʻqotdi.
Shuningdek, 2021-yilda Saylov kodeksiga tegishli oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisidagi qonun bilan Prezident saylovlari boʻlib oʻtadigan kun – dekabr oyidan oktabr oyiga koʻchirildi.
Albatta, bu yangilanishlar, saylov jarayonining jahon standartlariga muvofiq demokratik prinsiplar asosida ochiq va shaffof tashkil qilishda, har bir fuqaroning shaxsiy huquq va erkinliklarini ta’minlashda, vatandoshlarimiz qayerda boʻlishidan qat’iy nazar, oʻzlarining konstitutsion huquqlaridan foydalanishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berishda muhim omil boʻldi.
Shu ma’noda, Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham joriy yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonini jahon andozalariga muvofiq tashkil qilish va har tomonlama puxta tayyorgarliklar asosida uyushqoqlik bilan oʻtgazish boʻyicha mas’ullar tomonidan yangicha tizim va yangi mexanizmlar ishlab chiqildi. Jumladan:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayoni tashkilotchilarining Yangi Oʻzbekiston saylov qonunchiligidagi tub islohotlar mazmun-mohiyatini tushuntirish va keng xalq ommasiga targʻib qilish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan 17-22-may kunlari malaka oshirish kurslari tashkil etildi. Dastalab, mazkur seminar-treningda ishtirok etadigan jami 118 nafar xodimlarning roʻyxati shakllantirildi. Ulardan 76 nafari hududiy trenerlar sifatida tanlandi, shuningdek, oʻquv-mashgʻulotlarini tashkil etish boʻyicha 9 nafar Qoraqalpogʻiston Respublikasi shtabining a’zosi, 17 nafar tuman (shahar) hokimlarining jamoatchilik bilan ishlash boʻyicha maslahatchilari, 16 nafari tuman (shahar) hokimliklarining tashkiliy-nazorat guruhlari rahbarlari jami 5 ta guruhga ajratilgan holda, tasdiqlangan jadval asosida 17-22-may kunlari seminar-treninglar tashkil qilindi.
Mazkur seminar-treninglar Qoraqalpoq davlat universitetining belgilangan auditoriyalarida olib borildi va oʻquv mashgʻulotlari uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Xududiy trenerlar tayyorlash uchun seminar-treningga Toshkent shahridan 4 nafar tajribali mutaxassislar respublika trenerlari sifatida jalb etilib, ular 17-24-may kunlari oʻquv mashgʻulotlarini olib borishdi.
Shuningdek, 2021-yilning 7-19-iyun kunlari 1969 nafar Nukus shahri va barcha tumanlarda saylov uchastkalarining raisi, oʻrinbosari va kotibligiga nomzodlar uchun seminar-treninglar oʻtkazildi. Ular saylov qonunchiligiga oid 10 ta mavzu (prezentatsiya, oʻquv materiallari, testlar, ma’ruzalar matnlari bilan toʻliq ta’minlandi) boʻyicha saboq olishdi. Mavzular 68 ta xududiy trenerlar (19 nafari OTMlardan, 19 nafari Adliya vazirligidan, 19 nafari IIVdan, 19 nafari Prokuratura tizimlaridan) tomonidan olib borildi.
Har bir guruh seminar-trening yakunida onlayn test sinovlaridan oʻtishdi. Barcha ishtirokchilar (17 nafar tuman (shahar) hokimliklarining tashkiliy-nazorat guruxlari rahbarlaridan tashqari) test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirishdi.
Ta’kidlash lozimki, 2021-yil 22-may kuni qoʻshimcha ravishda hududiy trenerlar tayyorlash uchun yana 10 nafar oliy ta’lim muassasalari pedagog xodimlari (Qoraqalpoq davlat universitetidan 5 nafar, Nukus davlat pedagogika institutidan 5 nafar)dan zahira guruhi shakllantirilib, ushbu guruh 24-25-may kunlari navbatdagi seminar-treningda ishtirok etishdi hamda test sinovlarida yuqori ball toʻplashga erishdilar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha jami 17-22-may kunlarida 76 nafar, zahira sifatida 24-25-may kunlari yana 12 nafar, jami 88 nafar xududiy trenerlar belgilangan jadval asosida oʻquv mashgʻulotlarida toʻliq ishtirok etishdi va test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtishdi.
Tashkil qilingan mazkur seminar-treninglar oʻz navbatida, saylov kampaniyasi davrida saylovchilarni saylov kodeksi haqida, boʻlajak saylovning Konstitutsiyaviy huquqiy asoslari, saylovchining huquqlari, siyosiy partiyalar kuzatuvchilari, vakolatli vakillari, nomzodlarning ishonchli vakillari huquqlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va xalqaro kuzatuvchilar vakolatlari, saylovlarning umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillari haqida yetarli darajada malakaga ega boʻlishlarida oʻzining samarali natijasini berishi, shubhasizdir.
Darhaqiqat, tashkiliy ishlar barobarida, saylovchilarni qiziqtiradigan barcha savollarga tezkorlik bilan javob berishni tashkil qilish, zarur adabiyotlar, oʻquv qoʻllanmalari, test savollari, saylovga oid ma’lumotlar va axborotlar bilan ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar ham boshlab yuborildi. Bunda asosan, axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish oʻz samarasini berishi mas’ullar tomonidan tasdiqlandi.
Demak, har bir saylovchi oʻzi ovoz berishda ishtirok etadigan saylov uchastkasini bilishi, saylovchilar roʻyxatidan xabardor boʻlishi, saylov kuniga qadar qayerda ovoz berishi mumkinligi haqida aniq ma’lumotlarga ega boʻlishi zarur.
Shunday ekan, bu jarayonda mamlakatimizning har bir fuqarosi, shuningdek, har bir tashkilot – saylovlarning ochiq-oshkoraligi va shaffofligi ta’minlanishiga muayyan hissa qoʻshishi, fuqarolar ushbu imkoniyatlardan toʻliq foydalanishi uchun zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratishda faol ishtirok etishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa oʻrnida ta’kidlash joizki, bugungi kunda yoshlarimiz – Yangi Oʻzbekiston: “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” bosh gʻoya asosida mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichiga “Uzluksiz ma’naviy tarbiya Kontsepsiya”sida koʻzda tutilgan ulugʻvor kompetensiyalar asosida kirib bormoqdalar.
Qolaversa, yoshlar aholi qatalamining asosiy tarkibini tashkil qiladi. Bugungi kunda yoshlar masalalariga qaratilgan davlat siyosatining eng muhim va eng ustuvor yoʻnalishlarining biri ham – ularning huquqiy savodxonligi hamda huquqiy madaniyatini oshirish, mamlakatimizning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotida faol fuqarolik pozitsiyalarini namoyish etgan holda jarayonlarga faol ishtirok etishlarini ta’minlashdir.
Yaqinlashib kelayotgan mazkur jarayon – nafaqat yoshlarimiz uchun, balki shu yurtning har bir fuqarosi uchun muhim siyosiy voqeadir. Negaki, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning mamlakatimiz buguni va kelajagiga daxldorlik hissi bilan saylov jarayoniga har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrgan holda faollik bilan ishtirok etishi – saylov kampaniyasining muhim shartlaridan biridir. Zero, bu – mamlakat taraqqiyotini belgilaydigan muhim siyosiy jarayondir.
Quvondiq Qodirov,
1-Qoraqalpogʻiston okrug saylov komissiyasining a’zosi,
Ajiniyoz nomidagi NukusDPI Yoshlar bilan ishlash va ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha prorektori.