Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Yangi O‘zbekiston Strategiyasi» nomli kitobi taqdimotiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respulikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Muxtor Ibragimov va Baxtbay Aldamuratov, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti o‘qituvchilari Asqar Abatov va Yerpolat Allambergenov harbiy xizmatchilarga, Qurolli Kuchlar faxriylari va yoshlarga ushbu kitob mazmun-mohiyati, Yangi O‘zbekistonni barpo etish istiqbollari xususida nutq so‘zladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kitobda Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessansni qurish bo‘yicha qilinayotgan ishlar va milliy taraqqiyot istiqbollari haqida fikr yuritiladi.
Darvoqe, mazkur asar «Yangi O‘zbekiston orzusi, bugungi kunlarimizga nisbatan aytganda, hozirga davrning taqozosi, uning asl qiyofasini, harakatlantiruvchi kuchlari va omillarini belgilaydigan g‘oyaviy-ma’naviy asos, xalqimizga xos yaratuvchanlik shijoati va keng ko‘lamli islohotlarimizning yaqqol ifodasidir» so‘zlari bilan boshlanadi.
«Yangi O‘zbekiston strategiyasi», «Xalqparvar davlat», «Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish», «Adolatli ijtimoiy siyosat», «Ma’naviy taraqqiyot», «Xavfsizlik va tashqi siyosat» hamda «O‘zbekiston va umumbashariy muammolar» kabi 7 bo‘limdan iborat kitobda kelgusi yillarda mamlakatimiz taraqqiy etishiga xizmat qiladigan ulkan maqsadlar mujassam.
Tadbir davomida harbiy xizmatchilar ilm-fan sohasi mutaxassislari tomonidan so‘nggi besh yillikda mamlakatimizda barcha sohalarda o‘sish ko‘rsatkichlari xatto xalqaro ekspertlarning ham diqqat e’tiborida bo‘layotganini e’tirof etishdi. Harbiy xizmatchilar mavzu bo‘yicha qiziqtirgan savollariga batafsil javob olishdi.