AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

“Qadring baland boʻlsin ona tilim!”. Ellikqal’a pedagogika fakultetida til va kitob bayrami

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat peadgogika institutining Ellikqal’a pedagogika fakultetida oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 32 yil toʻlishi munosabati bilan “Qadring baland boʻlsin ona tilim!” mavzusida tadbir tashkil qilindi.

Tadbirni institutning yoshlar bilan ishlash masalalari boʻyicha prorektori Quvondiq Qodirov olib bordi.

Oʻz nutqida bugungi kunda Prezident Sh.M.Mirziyoyevning til toʻgʻrisidagi qaror va farmonlarining mazmuni bilan tanishtirib, davlat tilining nufuzini yanada oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar, amaliy natijalar, bajarilayotgan ishlar yuzasidan zaruriy ma’lumotlar berdi.

Talaba yoshlar oʻzlarining chiqishlarida Alisher Navoiy va Husayn Bayqoro timsolida oʻzbek tilining naqadar boy til ekanligini sahna asarlarida yoritib berdilar. Talabalar orasida insholar, maqolalar tanlovi oʻtkazilib, tadbir yakunida sovgʻa-salomlar bilan taqdirlandi. Tadbirda fakultet iqtidorli talabalari milliy raqs va ashularni namoyish etishdi.

Tadbir koʻtarinki ruhda davom etib, kitobxonlik bayramiga ulanib ketdi. Ellikqal’aga mehnati singan ardoqli ustozlardan biri matematika fani oʻqituvchisi Bekabat Argʻinbayev talabalar yanada yaxshi bilim olishlari uchun yigirmadan ortiq nomdagi 2000 ta kitob sovgʻa qilishi tahsinga sazovor, savob ishlardan biri boʻldi. Ustoz Bekabat Argʻinbayevning Ellikqal’a tumani tashkil qilingan paytlardan boshlab, Boʻston shahrida matematika fanidan oʻquvchilarga saboq berib, el-yurt hurmatiga musharraf boʻlganini koʻpchilik yaxshi bilishadi.

Butun insoniyatni jaholatdan, zalolatdan, axloqsizlikdan qutqaruvchi yagona najot ilmdir. Ilmsizlik oqibatida juda koʻplab xunrezliklar kelib chiqadi. Mana shunday global dunyoda oʻqib amal qilmaslik ham koʻpgina xatolarni keltirish tayin. Mana shu haqda gapirganda ilmu tafakkur faqat kitob orqaligina zabt etilishi, har qanday yomonlikka qarshi immunitet hosil qilish ham oʻqish, mutolaa negizida kechishini unutmaslik lozim.  Qur’oni karimning 811 joyida “ilm” soʻzi turli ma’nolarda kelgan. Qur’on va sunnatda ilm insoniyatni turli axloqsizliklar, harom-xarishlar, yomon yoʻl va amallardan qaytarishi alohida zikr qilingan. Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) ham “Beshikdan to qabrgacha ilm izla” deya bejiz marhamat qilmaganlar. Shunday Haq va dunyo asrorlaridan voqif boʻlish kitobgina amalga oshishini mudomi yodda tutish muhim.

Ta’kidlash joizki, bugun kitob va kitobxonlik masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarining biriga aylandi. Keyingi yillarda oʻquvchi yoshlar auditoriyasining kitobxon yoshlar bilan boyib borishi, tahsinga sazovordir. Bunday ezgu ishlarni tizimli olib borishda juda koʻplab tanlovlar, seminarlar oʻtkazilmoqda. Jumladan, mohir va tajribali pedagog Bekabat Argʻynbayevning mehnat faoliyatini koʻpchilik yaxshi bilishadi. U kishi Ellikqal’a tumani tashkil qilingan paytlardan boshlab, Boʻston shahrida matematika fanidan oʻquvchilarga saboq berib, el-yurt hurmatiga musharraf boʻlgan.

Tadbirga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpogʻiston boʻlimi raisi Tatlimurat Atamuratov, Ellikqal’a tumani hokim maslahatchisi Farhod Ubaydullayev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Ellikqal’a tumani boʻlinmasi rahbari Aisha Matniyazova, ustoz-pedagog Bekabat Argʻinbayev, fakultet dekani Jumaniyaz Allaniyazov, kafedra mudiri Xursand Toʻliboyev, professor-oʻqituvchilar Zulfiya Baltayeva, Haydar Hasanov, Doniyor Jumaniyazov, Anvar Eshnazarov, Gulbahor Muratova, Aziza Saparova, Muqaddam Bekchanovalar hamda fakultetning iqtidorli talaba yoshlar ishtirok etishdi. Soʻzga chiquvchilar talabalarga kitobxonlikni yanada yuksaltirish, talabalik davrini mazmunli oʻtkazishda kitobning oʻrni va roli haqida oʻz ma’ruzalarini oʻqib berishdi. Koʻp yillik pedagogik mehnati davomida oʻz tajriba va saboqlari bilan yoshlar ustozi Bekabat Argʻinbayev oʻzining qimmatli maslahatlarini berib oʻtishdi.

Xursandbek TOʻLIBOEV,

Filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD).