AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi hamda Nukus DPI oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyildi

Bugun “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi hamda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti oʻrtasida kelishuv imzolandi.

Hamkorlikdan koʻzlangan asosiy maqsad aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish boʻyicha manzilli va predmetli huquqiy targʻibot tadbirlarini birgalikda oʻtkazish, shuningdek, qonunchilik hujjatlarining mohiyatini hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini birgalikda keng yoritish, bu jarayonga oliygoh talabalarini jalb qilishdan iboratdir.

Kelishuvga koʻra, huquqiy targʻibot tadbirlarini birgalikda oʻtkazish, qonunchilikdagi muhim yangiliklardan jamoatchilikni xabardor qilish, targʻibot hamda media materiallarni birgalikda ishlab chiqish va tarqatish, huquqiy masalalarga oid qoʻllanmalar yaratish maqsadida hududlarda hayotiy huquqiy muammolarni oʻrganish, rasmiy nashrlar bilan aholini tanishtirib borish yoʻnalishlarida hamkorlik olib boriladi.

Targʻibot va media materiallarini ishlab chiqishda professor-oʻqituvchilar bevosita jalb qilinadi.

Oʻzaro hamkorlik uchrashuvi davomida yuridik fakultet talabalariga “Adolat” milliy huquqiy axborot markazining faoliyat yoʻnalishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Shu bilan birga qonunchilikdagi eng soʻnggi muhim oʻzgarishlar haqida tushuntirishlar berildi.