AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

“Sen, Haqning yonida boʻl!”

Professor Hotam Umurovning 80 yilligiga bagʻishlayman!

Esse

Adabiyot oʻqituvchisi boʻlish oson(mi)? Qiyinmi? degan savol yozuvchi-shoirlar iqrorlarida koʻp-koʻp tilga olinar, matbuot sahifalarida Abdulla Qahhorning “Yoshlar bilan suhbat”ida yosh-yosh nihollarga qarata aytgan pandu-nasihatlari, Shukur Xolmirzayevning “Bu kishim – ustoz, men – shogird” essesi, Erkin A’zamning “Tafakkur”dagi tasavvurni titratadigan qatralari talabalik davrimizda qalbimizning eng chuqur joyida kurtak otib ulgurgan adabiy mehrni oʻstirayotgan kezlar edi. Oʻshanda universitetning bakalavr bosqichida Fayzulla Salayevdan olgan ma’ruzalarimizdagi signal – koʻrsatmalar, magistraturadagi ustozimiz Karimboy Qurambayevning yoʻl-yoʻriqlari kaminani yanada izlanishga, talabalikning gulgun davrlariga darj qilingan oltin vaqtimizni paxta yigʻim-terimida ilm bilan toʻlmagan miyaning ichini toʻldirishga shoshiltirar, qalbu shuurimiz allaqayerida gangitib qoʻygudek she’r yoki asar ishtiyoqiga chorlardi. Eslang ulugʻ Navoiy ham etak-chechak aqli chiqayotgan paytlari gʻoyibdan oʻziga ustozlarini topib ulgurgandi. Bu yerda solishtirish zarur. Falsafada sintergetika otligʻ bir yoʻnalish borki, u adabiyot muallimi boʻladimi, matematik olimmi oʻz-oʻzini tashkil qilishga yoʻnaltiradi. Ha, oʻz-oʻzini anglash hammaning ilkidan keladigan ish emas! Son jihatdan minglab asarlar, sifat qirrasidan yuzlab tafakkur durdonalarida aks etgan hayot va yashash ilmini sipqorish hammaga ham yuz ochmaydigan jarayon, tadbirdir!

Samarqandning non-tuzi haqqi menda shunday ilm desa, ilm, rizq desa rizq degulik, mehr desa mehribone topishga impuls bergan ustozim filologiya fanlari doktori, professor Hotam Umurov bugun qutlugʻ sakson yoshga qadam qoʻymoqda. Ne-ne hayot sinovlarida toblangan aqlu idrok ustozning har bir oʻgitiga hamon mushtoq. Negaki, be’tama lutf insonni yuksaltiradi. Uning mash’aladek yoritguvchi nuri-ziyosi Haq taoloni tanishga chorlayveradi.

Samarqandda bir emas ikki marta eshik qoqishga toʻgʻri keldi. Bu majburiyatning yelkamizga tushgan cheki oʻzimga ayon boshqaga hech ham qizigʻi yoʻq. Biroq bu jarayon men tengilarning botinida uxlab yotgan hayqirigʻi boʻlsa, ajabmas!

Ustoz Hotam Umurov haqida oʻylasam birinchi insoniyligi va halolligi, yashash tarzini tartibli tashkil qilganligi, va, boshqalarda ham shu xislatning boʻlishini chin dildan istashligi keladi xayolimga. Men oʻshanda hali oila qurmagan, Vatan kengligi Amudaryo-Nukus, nari borsa Taxtakoʻpir deb bilgan oʻspirinning ilm izlab yoʻlga tushishi oson kechgan emas. Xorazm va Buxoro choʻllarida avtobuslarda xayolinga koʻp mazmundor fikrlar kelar ediki, bir kun albatta, Tangri taolo umr bersa dildan qogʻozga koʻchib chiqishiga umid bogʻlar, yal-yal yonayotgan sahro bagʻrida toza xayollardan boʻlak doʻst yoʻq edi oʻshanda.

Mana, ustozning men kashf qilgan ilk xayol qavatlarini tartiblashtiradigan hayotga yoʻllanma beruvchi chin insoniy fazilatlarining bir burdasi, xolos! Ha, ustoz ana shunday sharafli, zuvalasi olimu shoirlar shajarasi bilan qorishgan Hamid Olimjon, Sharof Rashidovlarning toza qoni oqqan avlodlarga tutashishi mening doim hayratimga havas boʻlib qoʻshilgan.

Men ustozning insoniylik va olimlik qirralarini uygʻun koʻrib ulgʻaydim. Oʻz farzandiga nimani sogʻinsa, menga ham shuni ilinar, oʻziga nima yaxshilik istasa, menga ham shuning koʻprogʻini tuhfa aylagan keng tafakkurli, ogʻir-bosiq va chuqur mulohazali olimlardan biri ekanligi bola xotiramga muhrlangan sifatlar desam, aslo mubologʻa qilmayman.

Yor doʻstlarim allaqachon oilali boʻlib ketgan, oʻziga toʻq hayot gashtini surayotganini koʻrib havas qilsam, ustozga “menga ham oq fotiha bering” deyishga iymanardim. Bu kamsuqumlik belgisi hurmatning “sinmasligi”da edi. Hurmat sindimi, xuddi koʻngil shishasi yangligʻ har yoqqa sochiladi. Uni qayta bogʻlab boʻlmaydi. Bu mezon ustoz Hotam Umurovning mendan katta shogirdlari ham shu choqqacha amal qilib kelayotgan aqidalaridan, xarakterlaridan biri boʻlishi ayni haqiqat. Buni shogirdlari hech qachon inkor qilolmasa kerak.

Adabiyotshunoslikning yetib kelgan choʻqqilarini zabt etish, hamma qatori tildan-dilga koʻchirayotgan modernizm, postmodernizm kabi “izm”larning ilk manzilu makonlari “Muhammad (s.a.v.)ning muborak hadislarida, u haqdagi muqaddas kitoblarda jamdir”, derdi ustoz. Ha, xuddi shunday boʻlib chiqmoqda. Tiniq fikrlashga qaytish bugungi olomonchilik kayfiyatidan qaytirishga chorlaydi. Ustoz qaysi janr va qaysi shakl haqida suhbat bermasin, “Sen, Haqning yonida boʻl!” derdi. Mana shu mezon bugungi yoshlarimizga suv va havodek zarur. Hech qachon ustozining koʻratmalarisiz biron-bir natijaga, uning roziligisiz biri-ikki boʻlishlikka erishganni bu yolgʻon dunyo koʻrgan emas, koʻrsa ham uning hoyu havaslari koʻpga choʻzilmasligi, koʻpga tatimasligini zamon tegrasida fikrlaydigan hammasliklarimiz teran anglaydi.

“Adabiyot – ogʻriq, dard, iztirob, qaygʻu va quvonch, yigʻi va mazlumlik, adashish va ayriliqni oʻrgatadi. U insonning qoʻlidan tutib, yuksakka chiqarib qoʻyadi. Xiyonatni kechirmaydi. Non soʻrgan gadoy boʻlsang, rizqingni oyogʻing tagiga sochadi, seni kuchli qiladi. Tiling burro, qalbing zukko mahzanga aylanadi. Buni pok va toza tutish oʻzingning ilkingda, xolos. Adabiyot ana shu hayot tarzimizning asosi. Adashsak ziyo, qoqilsak turgʻizuvchi, xato qilsak kechiruvchi va toʻgʻri yoʻl koʻrsatuvchi borliq, doʻstdir”. Ustozdan mana shu saboqlarni olarkanman, bugun meni yozayotgan barmoqlarim Haq taolo hukmidan sira chekkaga chiqmaslikni amal qilishga oʻrgatsa, siru javaharlarning magʻzini anglashim ham hiyla oson kechadi. Bularning barchasi ustozning imosidan ibosigacha bir ipga tizilgan marjondek “men”ini namoyon qilib turganining oʻzi katta baxtdir.

Ayting, shon-shuhrat ilinjida yelib-yugurayotgan balanddir-pastdir qalami bor ijodkorga nima kerak? Bu vaqtinchalik narsalarni ketidan quvib erishganning kimga foydasi bor? Ustoz ana shu mezondan turib soʻz oʻrgatgani-oʻrgatgan. Buni endi teran mushohada qilsam, haqiqatning oʻzginasi. Naqadar oliy tuygʻu bu!

Dars mashgʻulotlarida erkinlik deya yoqasini mushtlayotgan talabalarga zimdan qarab turaman, ichi boʻm-boʻsh koʻzani toʻldirish kerak, eh-he, qanday qiyinchilik evaziga yelkanga chiqadi ilm. U senga yuqishi uchun uni oʻzing sevishing kerak. Toʻgʻri, inson faqat chiroyli kiyinishi, chiroyli nutq qilishi, chiroyli salomlashishni oʻrganib ham “olimu olima” boʻlaman deb oʻylar, bundaylar adashishdan boshqa narsa emas! Ilmni aldasang u seni bir umr yolgʻiz qoldiradi. Hayotni faqatgina yeb-ichish, tirikchilik uchun berilgan deb oʻylasang, qattiq yanglishasan. Mana shunday oliy mezon har bir ilmga qoʻl suqqanning hayot a’moli, qoʻllanmasi, kundaligi boʻlishi zarur. Ustoz bularni ham miyamga har kuni quygani-quygan. Bular mana, javonimda nurli chehrasidan nuru ziyo boʻlib menga oʻrgatmoqda. Hali dunyoning siri tugagan emas. Uning har aylanishida bir hikmat, har sukutida bir  ne’mat, har botishi-yu, otishida bir nazokatni koʻraman men. Buni ham ustozim oʻrgatgan.

Filologiya fanlari doktori, professor Hotam Umurov oʻzbek adabiyotshunosligida sakson yoshlilar orasida oʻz oʻrni, oʻz ovozi, oʻz xarakteri bilan shuhrat qozongan. Mana shu erishgan natijalarining oʻzi besh yuzga yaqin ilmiy, publitsistik maqolalarda, yigirmaga yaqin kitob va darsliklarda, oʻnlab badia, hikmat guldastalarda oʻz ifodasini topganini joriy adabiyotshunoslik sohasi vakillari e’tirof etib kelishmoqda.

Adabiyot – hayot darsligi, undan ibrat olish, uning yoʻriqnomasidagi hikmatlarni uqish ham insonni kamolotga chorlaydi, yuksaltiradi. Qaysi bir asar bagʻrida odamzodga ilingan yozuvchining ijodiy tutimlari, tafakkuridan chatnab chiqayotgan sirlar, hislar, iztiroblaru quvonchlarni oʻziniki qilib olgan odamning kam boʻlmaganini hech kim inkor qilmaydi.

Ustozning yuzidagi quvonch shogirdining erishgan yutuqlarini koʻrib, oq fotiha berib, haqiga duo qilishida zohir boʻlgan samimiy tabassumni koʻp koʻrganman. Biz hech qachon bunday oʻtkir haqiqatni untmasligimiz lozim. Eng yaxshi doʻstlik, eng yaxshi kitob bilan yolgʻiz qolganda bilinadi… Bunga kim yetaklaydi? Ustozdir. “Ana shu hayot mezoni bugun qadr topmogʻi uchun aval qadrlashdan boshlanadi. Qadrning oyoq ostiga tushishi gʻoyat achinarli hol. Bu bitiklarning hammasi ustozingizdan, ustozimizdan olgan saboqlarni bir maxrajga yigʻib, teranroq turli tomondan qarab mushohada yuritganda yanada bilinadi. Bugun ana shu qadrga koʻproq talpinish muhim”, – degan hikmatga aylanib ulgurgan saboqlari men uchun hamisha tirik satrlardir.

Yillar oʻz ishini qilib, umr ham oʻtib boraveradi. Kechagi talabalikning qadru qiymati, ilm yoʻlidagi totgan zahmatlar yuki har birimizda qalbimizning eng chuqur joyida yashamoqda. Bu hayot qonunini asrab-avaylash ustoz-shogird an’analarining bardavomligini koʻrsatadi.

Hayotning chizib bergan chiziqlarida, kasbdan kamol topishdagi maslahatlarida adashmaslik chinakam ustozning beminnat, be’tama maslahatu koʻrsatmalarida yuzaga chiqishini unutmaslik har birimizning insoniy burchimiz boʻlib qolishi muhim!

Xursandbek TOʻLIBOYEV,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD),

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti.