Professor Shahlo Yuldasheva Istanbul universitetida o’tkazilgan «Turk dunyosi seminarlari: O’zbekiston» mavzusidagi seminarda ma’ruza qildi

Turkiya Respublikasi Istanbul universitetida «Turk dunyosi seminarlari: O’zbekiston» mavzusida seminar o’tkazildi. Unda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti o’zbek tili kafedrasi professori Shahlo Yuldasheva «Ta’limni raqamlash turish sharoitida o’zbek tilini o’qitish masalalari va xorijiy tajribalar» mavzusida ma’ruza qildi.

Ma’ruzada O’zbekiston, xususan, Qoraqalpog’iston ta’lim muassasalarida o’zbek tilini o’qitish jarayoniga raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish, shuningdek, o’zbek tilini Turkiya universitetlarida o’qitishda veb-texnologiyalar, onlayn platformlardan foydalanish haqida tadqiqotlar natijalari bayon qilindi. Prof. Sh.Yuldasheva va shogirdlari tomonidan ishlab chiqilgan 3D kitoblar, mobil ilovalar, QR-kodli darsliklar namoyish qilindi. Onlayn konstruktorlarda ishlab chiqilgan interfaol va kollaborativ mashq, topshiriqlar seminar ishtirokchilarida katta qiziqish uyg’otdi. Ma’ruzachining Modern metodikani tatbiq qilayotganligi, zamonaviy, innovatsion tadqiqotlar, izlanishlar olib borayotganligi alohida ta’kidlandi.

Seminarda O’zbekiston Respublikasining Istanbul boshkonsulligi bosh kotibi Sherzod Abdunazarov, Istanbul universiteti Adabiyot fakulteti dekani muovini Dr. Prof. Sevtap Kadiogli, Zamonaviy turkiy tillar va adabiyotlar bo’limi boshlig’i Dr. Prof. Mehmet Olmez, fakultet professor-o’qituvchilari, doktorant va tadqiqotchilar ishtirok etishdi.