Yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash – taraqqiyotning muhim omili
Yurtimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari, chin yetim va nogironligi bo‘lgan yoshlarga manzilli ko‘maklashish bo‘yicha mutlaqo yangicha tizim yaratildi.
Davlatimiz rahbari o‘tgan yili mamlakatimizda birinchi marta o‘tkazilgan O‘zbekiston yoshlari forumida ishtirok etib, forum ishtirokchilariga: «Biz yurtimizda qanday islohotlarga qo‘l urmaylik, avvalo, siz kabi yoshlarga, sizlarning kuch-g‘ayratingiz, azmu shijoatingizga suyanamiz. Barchangiz yaxshi bilasiz, bugun o‘z oldimizga ulkan marralar qo‘yganmiz. Ona Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga kirishdik. Biz oila, maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’limni hamda ilmiy-madaniy dargohlarni bo‘lg‘usi Renessansning eng muhim bo‘g‘inlari deb hisoblaymiz», deb ta’kidlagan edi.
Yurtimizda joriy etilgan “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” bu borada amalga oshiriladigan ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Davlatimiz rahbarining 2021 yil 13 iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 apreldagi “Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlar hayotga tatbiq etildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar qatoriga “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning professional va oliy ta’lim muassasalarida tahsil oluvchi o‘n sakkiz yoshdan o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan farzandlari ham kiritilib, ularning ta’lim olishi bo‘yicha to‘lov-kontrakt summasining bir qismini to‘lab berish tartibi joriy etildi.
Pandemiya davrida mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydigan “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlaridan o‘tgan yilda 253 nafariga, bu yil esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qaroriga asosan, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, ota-onasidan yoki ularning biridan ayrilgan xotin-qizlardan 100 nafariga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan bir yillik to‘lov-kontrakt pullari to‘lab berilganligi yoshlar va xotin-qizlar kelajagi uchun ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Shuningdek, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da 2021-2022 o‘quv yili uchun “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning davlat oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan farzandlariga davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lov-shartnoma to‘lovining to‘liq summasi to‘lab berilishi belgilandi.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida qobiliyatli yoshlarni aniqlash, ularning bilim va iqtidorini munosib rag‘batlantirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida respublika oliy ta’lim muassasalari orasida birinchilardan bo‘lib Talabalar kengashi tashkil etilgan edi. 2019 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan mazkur kengash keyingi yillarda “Tengdosh-tengdoshga” tamoyili asosida yoshlar muammolarini o‘rganish va ularga yechim topish, kam ta’minlangan, yetim, boquvchisidan ayrilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga yordam berish borasida ham yigit-qizlarning haqiqiy suyanchig‘iga aylangan.
Ayniqsa, bunday yoshlarga institut tomonidan bazaviy stipendiya miqdorining 10 foizidan 50 foizigacha bo‘lgan miqdorida stipendiyalariga qo‘shimcha ustamalar berilib kelinayotganligi kelajak egalari hayotida katta qadamlardan biri bo‘ldi. 2021-2022 o‘quv yilida institutimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari, chin yetim va nogironligi bo‘lgan yoshlardan 233 nafariga qo‘shimcha stipendiyalar tayinlandi.
So‘nggi yillarda talabalarni turar joy bilan qamrab olish, yangi talabalar turar joylarini qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va ulardan foydalanishni tashkil etish eng muhim vazifalardan biriga aylanmoqda. Ayni kunlarda qurilish-obodonlashtirish ishlari uchun 3 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan va rekonstruksiya ishlari yakunlanishi hamda foydalanishga topshirilishi arafasida turgan institutning 600 o‘rinlik talabalar turar joyiga ham birinchi navbatda “Temir daftar”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari va xotin-qizlarni joylashtirish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev raisligida yoshlar masalalariga bag‘ishlanib o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimizda 130 mingdan ortiq talaba ijarada yashayotgani, 2021 yil 1 maydan boshlab ijara to‘lovining yarmi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanishi ta’kidlanib, shu maqsadda davlat byudjetidan 100 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishini ma’lum qilgan edi. Bunda ayniqsa, yordamga muhtoj oilalar farzandlari, tengdoshlariga namuna bo‘lgan, faol talabalarga alohida e’tibor qaratilishi belgilanib, bu borada institutda may-iyun oylarida 14 talabaning ijara to‘lovi to‘lab berildi. Bu ishlar 2021-2022 o‘quv yilida ham davom ettirilib, talabalarga ijara to‘lovlarini to‘lash tartibi to‘g‘risida targ‘ibot ishlari olib borilib, tegishli hujjatlarni to‘plash ishlari davom etmoqdi.
Institutda mahallalardagi “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlari, uyushmagan yoshlarni ilm-fan va ta’lim, kitobxonlikka jalb qilish maqsadida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Shu yilning aprel oyidan boshlab institutda mazkur toifadagi yoshlar o‘rtasida intellektual turnirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda. Aprel-may oylarida o‘tkazilgan birinchi bosqichida Nukus shahridagi 20 tadan ortiq mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari ishtirok etib, eng yaxshi ishtirok etgan va yuqori natijalarga ega bo‘lgan mahalla yoshlari institut tomonidan Xiva shahriga bepul sayohati tashkil etilgan edi. Bu boradagi ishlar bu yilgi o‘quv yilida ham davom etayotgan bo‘lib, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus asosida manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.
Institutimiz tomonidan mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga katta hissa qo‘shadigan, buyuk ajdodlarimizning munosib davomchilarini tarbiyalash, bunda ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan, yetim, boquvchisidan ayrilgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdek ezgu ishlar davom etadi.
Bayram Otemuratov,
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori, fizika-matematika fanlari doktori.