AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish mavzusida tadbir oʻtkazildi

Kitob – zamonlar toʻlqinida suzuvchi, oʻzidagi ma’nolar xazinasini ajdodlardan avlodlarga avaylab yetkazuvchi tafakkur kemasidir. Uning har bir sahifasi hikmatlarga boy va dillarga roʻshnolik kiritib, ezgu tuygʻularni uygʻotmoqqa qodir. Shu bois soʻnggi yillarda mamlakatimizda kitob mutolaasi va targʻiboti, kitobxonlik madaniyatini oshirishga oid qator qarorlar va farmonlar qabul qilinib, yurtimizning barcha hududlarida, xususan OTMlarda talabalar orasida kitobxonlikni keng targʻib qilishga asosiy e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan 5 muhim tashabbusni talaba-yoshlar orasida keng targʻib qilish, ularning boʻsh vaqtlaridan samarali foydalanish, shuningdek, qishki ta’tilda dam olish kunlarini ham mazmunli oʻtkazishni yanada orttirish, kitobxonlik va kitob mutolaasiga samarali jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuqoridagi fikrlarimiz tasdigʻi sanaladi.

Bugun jamiyatimizda kitobxonlikni rivojlantirish, mutolaa madaniyatini takomillashtirish borasida har doimgi davrdan bir necha barobar koʻp miqdorda samarali ishlar amalga oshmoqda, tashviqot-targʻibotlar olib borilmoqda. Ma’naviy barkamol kitobxon avlod tarbiyasida har bir oʻquv dargohi muhim va mustahkam poydevor.

Shu bois, institutimizda kitobxonlikni rivojlantirish, mutolaa madaniyatini takomillashtirish borasidagi har qanday faoliyatda kafedra va toʻgaraklar bilan hamohang, hamfikr ish yuritish koʻzlangan maqsadlarga erishishga munosib zamin yaratadi.

Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni tizimli tashkil qilish borasida joriy yilning 24-dekabr sanasida Turkiy tillar fakulteti Xotin-qizlar maslahat kengashi yetakchisi, “Qizlarjon” ilmiy-adabiy toʻgaragi rahbari Feruza Sapayeva tomonidan toʻgarak a’zolari bilan birgalikda institutimiz kutubxonasida “Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish” ruknida “Faol kitobxonga tavsiyalar” nomli diskus davra suhbati tashkillashtirildi.

Hozirda yoshlarimiz asosiy axborotni televideniya va internet orqali olmoqda. Shu sabab talaba-yoshlarni kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishlarini kuchaytirish, ularning ma’naviy saviyasini oshirishda kitob muhim ahamiyat kasb etadi. Axir buyuk shoir va mutafakkir Hazrat Alisher Navoiy: “Kitob – beminnat ustoz. U har daqiqa bizni donishmandlarning bilim xazinasi bilan oshno eta oladi”, – degan edilar.

Shu kabi munozarali davra suhbatlari fakultetimiz talabalarida kitob mutolaasiga mehr uygʻotishda muhim ahamiyat kasb etadi. Alxusus, kitob mutolaasi insonni hayoti davomida mukofot bilan taqdirlovchi sharafli mehnatdir. Tadbirda eng faol, oʻz fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashgan talabalar: Shohsanam Ergasheva, Dinora Karimboyeva, Farangiz Abdullayeva, Nargiza Shirinova, Barchinoy Kenjaboyeva, Latofat Qadamboyeva, Sarvinoz Sherimbetova, Dildora Davlatboyeva Dilfuza Ismailovalar boʻldi.

Aytish joizki, ushbu diskus davra suhbatlari doirasida talabalar adabiyotshunoslik asoslari, oʻzbek adabiyoti tarixi, hozirgi adabiy jarayon, mutolaa madaniyati va ifodali oʻqish kabi ixtisoslik fanlari kesimida talqin qilinishi lozim boʻlgan asarlarni oʻqish va tahlillashga jalb etilmoqda.

Kitobga oshno kishidan hech vaqt yomonlik chiqmaydi. Zero, talabalarimizga kitob oʻqishni targʻib etishimizgina emas, balki ularga oʻrnak boʻlish hayotiy taomilimizning bosh asosi boʻlib qolajak…