YOSHLAR BILAN ISHLASH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH – DAVLAT SIYOSATINING USTUVOR YOʻNALISHI

Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot

boʻlsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir.

Sh.M.Mirziyoyev

Mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, vatanparvarlik, Ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jahonda gʻoyaviy-mafkuraviy kurashlar keskin davom etayotgan, ma’naviy tahdidlar kuchayib borayotgan hozirgi davrda yoshlar oʻrtasida milliy qadriyatlarga bepisandlik, zararli yot gʻoyalarga berilish va ergashish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarlik, shuningdek, turli diniy oqimlar ta’siriga qoʻshilib ketish holatlari hamon uchramoqda.

Joriy yilning 19-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sohani Yangi Oʻzbekiston talablari asosida yanada takomillashtirishga qaratilgan «Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari  toʻgʻrisida»gi PQ-92-sonli qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror asosida Yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligii oshirish uchun har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etiladigan boʻldi.

Har bir mahallada va barcha ta’lim muassasalarida “Yoshlar balansi”ni shakllantirish, yoshlar toʻgʻrisidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib, ular bilan samarali ish tashkil qilish, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy xalq oʻyinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, Besh muhim tashabbus loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini ragʻbatlantirish hamda hayotda oʻz oʻrnini topishlariga koʻmaklashish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning intellektual jihatdan kamol topishini va ma’naviy rivojlanishini ta’minlash, shuningdek, huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi boʻlgan yoshlar bilan tizimli ishlash, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yoshlarning ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilinishi va moslashuviga koʻmaklashish masalalari bevosita yoshlar yetakchisining  asosiy vazifalari etib belgilandi.

Mazkur qaror asosida Yetakchilar oʻziga biriktirilgan mahallalarda faoliyatini quyidagi asosiy yoʻnalishlarda amalga oshirishi belgilandi:

madaniyat va san’atni targʻib qilish borasida – “San’at gʻunchalari” koʻrik-tanlovi, maqom, baxshichilik va estrada boʻyicha “Yoshlar ovozi”, “Yosh musavvirlar” tanlovlari hamda “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyot festivalini oʻtkazadi, shuningdek, yoshlar va bolalar teatr jamoalarini tashkil etadi;

sogʻlom turmush tarzi va sportni ommalashtirish borasida – mini futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, velosport, yugurish, shaxmat, shashka, badminton, kamondan otish boʻyicha musobaqalarni tashkil etishi, salomatlik uchun 5 000 qadam yurish marafoni hamda “Yosh ekolog” aksiyasini oʻtkazadi;

axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish borasida – “Bir million dasturchi”, “Dasturlashga birinchi qadam” loyihalarini amalga oshirishi, kibersport chempionati va “Axborot texnologiyalari bilimdoni” tanlovini oʻtkazadi;

Ma’naviyat va kitobxonlikni targʻib qilish borasida – “Zakovat” musobaqasi, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Zukko kitobxon”, “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila”, “Xorijiy tillar bilimdoni” va “Yosh poliglot” tanlovlari hamda “Munozara” intellektual va milliy xalq oʻyinlarini tashkil etadi;

Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonlikni oshirish borasida – “Yosh chegarachi”, “Yosh qutqaruvchi”, “Quvnoq startlar”, “Temurbeklar”, “Toʻmaris malikalari”, “Shunqorlar”, “Yosh huquqshunos”, “Yosh saylovchi”, “Yosh deputat” tanlovlari hamda “Men ham askar boʻlaman” aksiyalari va harbiy qismlarga sayohatlarni tashkil etadi;

Tadbirkorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash borasida “Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya” va “Mahallaning ishbilarmon tadbirkori” tanlovlari, “Biznesga birinchi qadam” grant loyihasi hamda muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etadi;

Har chorakda mahallada yoshlar siyosatini samarali amalga oshirishda yuqori natijadorlikka erishayotgan mamlakat boʻyicha eng ilgʻor 100 nafar Yetakchilar bir oylik ish haqiga teng miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi;

faoliyatini samarali tashkil etayotgan, oʻzining shaxsiy fazilatlari bilan yoshlarga namuna boʻlayotgan va ularga yetakchilik qilayotgan Yetakchilar “Yangi Oʻzbekiston islohotchisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishi belgilandi;

Respublikamiz oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallaridagi yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha prorektorga (direktor oʻrinbosariga) birinchi prorektor (direktorning birinchi oʻrinbosari) maqomi berildi;

Davlat umumiy oʻrta ta’lim maktablarida direktorning ma’naviy ma’rifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari yoshlar masalalarida idoralararo hamkorlik va Yetakchilar faoliyatiga koʻmaklashish uchun mas’ul deb hisoblanadigan boʻldi.

Yetakchilarning hamda Yoshlar ishlari agentligining mahalla va ta’lim muassasalarida yoshlar bilan ishlash boʻlinmalari xodimlarining shtat birliklari umumiy oʻrta ta’lim maktablaridagi 10 008 nafar yoshlar yetakchilari shtat birliklarini qisqartirish hisobidan shakllantirilib, ish faoliyati natijalariga koʻra Yetakchilarni Milliy kadrlar zaxirasiga kiritish, bunda ushbu Yetakchilar tanlovsiz toʻgʻridan-toʻgʻri yuqori lavozimlarga oʻtkazilishi mumkinligi belgilandi.

Yoshlar ishlari agentligiga faoliyat samaradorligi koʻrsatkichlaridan kelib chiqib, Yetakchilarni har chorak yakuni boʻyicha oylik ish haqining 50 foizigacha miqdorda mukofotlash huquqi berilganadi;

Boshqa hududlardan kelib oʻz faoliyatini olib borayotgan Yetakchi uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha boʻlgan miqdorda turar joy ijara toʻlovi qoplab berilishi, shuningdek, yil yakuni boʻyicha oʻziga biriktirilgan hududda yuqori natijalarga erishgan Yetakchilarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida, biroq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi PF-33-son farmoniga muvofiq belgilanadigan uy-joy hisoblangan qiymatining 50 foizidan yuqori boʻlmagan miqdorda subsidiya berilishi qayd etildi.

Qabul qilingan mazkur qaror asosida Yetakchilar uchun qulay sharoitga ega boʻlgan xizmat xonalarini ajratish va ularni moddiy-texnik jihozlar (mebel, kompyuter toʻplami, aloqa, internet va boshqalar) bilan ta’minlansh, mahalliy budjet mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan Yetakchilarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga ulangan, masofadan turib hisobotlar taqdim etish hamda videokonferensaloqa shaklida yigʻilishlarda ishtirok etish imkonini beruvchi planshetlar bilan ta’minlanash bilan birga, Yetakchilarni vazifa va faoliyat yoʻnalishlari bilan bogʻliq boʻlmagan yigʻilish va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli boʻlmagan vazifalarni yuklash ishlari ta’qiqlanishi belgilab berildi.

Yuqorida koʻrib oʻtganimizdek, inson qadr-qimmatini yanada yuksaltirishga qaratilgan mazkur qaror bevosita xalq bilan, ayniqsa, yoshlar bilan yangicha tendensiyalar asosida ishlash orqali tizimda ijobiy samaradorlikka erishish, eng muhimi, “inson – oliy qadriyat” tamoyili asosida amalga oshirilayotganligi bilan diqqatga sazovordir.

Negaki, bugungi kunda jahonda kechayotgan ma’naviy tahdidlar dunyo mamlakatlariga oʻzning salbiy ta’sirini koʻrsatmoqda. Shuning uchun ham, ma’naviy tahdidlarni oʻz vaqtida ilgʻab, jaholatga qarshi ma’rifat bilan, gʻoyaga qarshi gʻoya bilan, har qanday muammoni oʻz vaqtida aniqlab, uni bartaraf etish – yoshlar siyosatining ustuvor masalalardandir.

Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarning asl mohiyati va pirovard maqsadi – bugungi murakkab va tahlikali zamonda xalqimiz ma’naviyatini yot gʻoyalardan himoya qilish, azaliy milliy qadriyatlarimizni saqlab qolib, rivojlantirish, yoshlarimizni Vatanimizga, milliy gʻoyamizga sadoqat ruhida tarbiyalashdir.

Bugun yoshlar ta’lim-tarbiyasi sohasini modernizatsiyalash “Oʻzbekiston Respublikasining 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi” hamda mamlakatimizda «Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili» Davlat dasturida belgilangan jarayonlar bilan uygʻun boʻlishi talab etilmoqda. Mana shunday yangi tarixiy vaziyatda «Yangi Oʻzbekistonni har tomonlama innovatsion rivojlantirish uchun, Uchirnchi Renessans poydevorini yaratishimiz uchun yoshlarimizda qaysi fazilatlarni kuchaytirib, qaysi illatlarga chek qoʻyishimiz kerak?», degan savollarga ilmiy javoblar kerak. Bu savolga esa, professor-oʻqituvchilar, olimu-ulamolar javob berishi va xalqimizni, yoshlarimizni bunyodkor ishlarga da’vat qilishi lozim.

Xulosa oʻrnida ta’kidlash lozimki, yoshlar tarbiyasi yoʻnalishlarida mahalla mas’ullari, maktab ta’limida yoshlar bilan bevosita yaqindan ishlashadigan sinf rahbarlari, oliy ta’lim tizimida tyutorlar, Ota-onalar kengashi, Ustoz-shogird tizimi, Xotin-qizlar qoʻmitasining joylardagi mas’ullari va Yoshlar ittifoqi tashkilotining oʻrni, ularning fidoiyligi judayam muhimdir. Negaki, bugun davlatimiz Yangi Oʻzbekiston – «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» tamoyili asosida taraqqiyotning yangi – Uchinchi Renessans davrining poydevorini yaratishga qadam qoʻymoqda.

Bunda esa, yoshlarimizni Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi talablari negizida tarbiyalash, ularni mustaqil kasbiy ma’naviy hayotga tayyorlash – ta’lim-tarbiya muassasalarining barcha boʻgʻinlarida faoliyat koʻrsatuvchi oʻqituvchi, ustoz va murabbiylarning faoliyatiga bogʻliqdir.

Quvondiq Qodirov,

NukusDPI Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha prorektor.