“O‘zbek tilini masofadan o‘qitish shakllari va internet platformalar” mavzusida onlayn seminar tashkil etildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi tomonidan o‘zbek tili va adabiyot fan o‘qituvchilari uchun “O‘zbek tilini masofadan o‘qitish shakllari va internet platformalar” mavzusida onlayn seminar tashkil qilindi.

Unda Nukus davlat pedagogika instituti O‘zbek tili kafedrasi professori, pedagogika fanlari nomzodi Sh.Yuldasheva o‘zbek tilini o‘qitishni raqamlashtirish bo‘yicha shaxsan o‘zi va shogirdlari tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar COVID-19 pandemiyasi davrida fan o‘qituvchilarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi mumkinligini, ularning axborot kompetentligini rivojlantirishda amaliy yordam berishini ta’kidladi. Masofali ta’lim jarayonida ta’lim oluvchilarning sifatli bilim olishini ta’minlashda fan o‘qituvchilarining texnologik kompetenligini shakllantirish borasida hal qilinishi zarur bo‘lgan qator vazifalarni o‘rtaga tashladi. Masofali ta’limda dars davomida o‘quvchi qiziqishini, diqqatini ushlab turish, ta’lim olishga bo‘lgan intilishni oshirishda axborot qurilmalari va ta’limiy resurslarga qo‘rquv, hadik bilan qaramaslik, aksincha ularni eng yaqin yordamchilarga aylantirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Hududiy markaz o‘qituvchisi M.Razzakova o‘zbek tilini internet platformalar, xususan ZOOM platformasida o‘qitish bo‘yicha oliy ta’limda muayyan tajribalar to‘plangani holda umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilari faoliyatida kam murojaat qilinayotganligini alohida ta’kidladi. Onlayn doskadan foydalanish metodikasi, kichik guruhlarda ishlash, ularni boshqarish yuzasidan tajribalarini bayon qildi. Platformada o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil qilishning afzalliklari, yuzma-yuz darslardagi kabi ta’lim vositalarini foydalanish imkoniyatlari ko‘rsatib berildi. Ijtimoiy tarmoqlar, jumladan Telegramm orqali o‘zbek tili darslarini o‘tkazish uchun kontentlarni tayyorlash va foydalanish borasida keng ma’lumot berib, amaliy ko‘rsatmalarini taqdim qildi.

Hududiy markaz o‘qituvchisi D.Kutlimuratovaning o‘zbek tilini masofadan o‘qitishda elektron topshiriqlardan foydalanish nazariyasi va amaliyotiga bag‘ishlangan ma’ruzasi fan o‘qituvchilari uchun muhim yangilik sifatida qabul qilindi. Onlayn konstruktorlar yordamida an’anaviy mashqlarni interfaol mashqlarga aylantirish bo‘yicha bir necha yillik tadqiqotlar natijalari namoyish qilindi.

Seminar ishtirokchilari o‘qituvchilarni amaliy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan shu kabi seminarlarni yanada davom ettirish zarurligi haqida istak va takliflarini bildirishdi.