AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

YANGI OʻZBEKISTON STRATEGIYASIDA MILLATLARARO TOTUVLIKNING ULUGʻVOR TENDENSIYALARI

Oʻzbekistonda mustaqillikning ilk yillaridanoq respublika hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning an’anaviy madaniy merosini qayta tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Eng avvalo, mamlakatimiz Konstitutsiyasining 4-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi qayd etilgan. Shuningdek, Bosh Qomusimizning 18-moddasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqyeidan qat’iy nazar, qonun oldida tengdir», – degan qoida xalqimizga xos boʻlgan ezgu fazilat boʻlgan bagʻrikenglikning zamonaviy siyosiy-huquqiy ifodasidir.

Ta’kidlash joizki, mustaqillik yillarida mamlakatimizda barcha fuqarolarning madaniy va diniy oʻziga xosligini ta’minlashga, turli-tuman madaniyatlar hamda tillarni saqlash va rivojlantirishga qaratilgan muhim qonun hujjatlari qabul qilindi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning madaniyati, tili, urf-odat va an’analari hurmat qilinishi bir qator qonun hujjatlarida ham aks ettirilgan. Masalan, “Ta’lim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasida har kimga uning jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansubligi, e’tiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqyei, turar joyi, Oʻzbekiston Respublikasi hududida qancha vaqt yashayotganligidan qat’iy nazar, bilim olishda teng huquqlar kafolatlanishi alohida qayd etilgan. Yoki “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining “Murojaat etish huquqidan foydalanilayotganda kamsitishga yoʻl qoʻyilmasligi” deb nomlangan 10-moddasida davlat organlariga murojaat etish huquqidan foydalanilayotganda jismoniy shaxsning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqyeiga qarab kamsitishga yoʻl qoʻyilmasligi qat’iy belgilab qoʻyilgan.

Bugungi kunda yurtimizda bir yuz oʻttizdan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashab, turli sohalarda samarali mehnat qilmoqdalar. Barcha millat va elatlarning tili, madaniyati, urf-odat va an’analarini saqlash hamda rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratilgan. Turli millatlar oʻrtasida oʻzaro mehr-oqibatni yanada mustahkamlashga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda.

Muhtaram Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda faoliyat koʻrsatayogan markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga amaliy va uslubiy yordam koʻrsatish maqsadida 1992-yil yanvarda Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etildi. U jamiyatimizdagi tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash, milliy va umumbashariy an’analarni ravnaq toptirish, ularning mazmun-mohiyatini keng targʻib qilishga baholi qudrat oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Tashkil etilayotgan koʻplab tadbirlar, konsert dasturlari, kechalar, festivallar, koʻrik-tanlovlar, konferensiyalar shular jumlasidandir. Masalan, “Oʻzbekiston — umumiy uyimiz”, “Vatan yagonadir, Vatan bittadir”, “Qudratimiz — birlik va hamjihatlikda” kabi shiorlar ostidagi festivallar koʻp millatli aholimizning chinakam doʻstlik bayramiga aylanib ulgurdi.

Ayni ma’noda, Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 28-yanvar kuni qabul qilingan «2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston Respublikasinining taraqqiyot strategiyasi»da bu masalalarning alohida band sifatida oʻrin olishi, yurtimizda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlashga qaratilgan ishlarni kelajakda yanayam yuksak pagʻonaga koʻtarilishidan dalolatdir.

Prezidentimiz tashabbuslari bilan yurtimizda 30-iyul – Xalqlar Doʻstligi kuni deb belgilandi. Bu kunda yurtimizdagi barcha elat va millatlar vakillari bir-birlariga doʻstlik, hamjixatlik taklif qiladi, oʻzaro tinch-totuvlik, yaxshi qoʻshnichilik va millatlararo totuvlik an’analarini targʻib etadi, umumbashariy qadriyatlar ulugʻlanadi.

Oʻzbekiston Baynalminal Markazining tashkil topganiga 25-yil toʻlishi munosabati bilan hurmatli Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev qarori asosida Baynalminal markazga yangi bino ajratildi va Toshkent shahridagi Bobur parkini Doʻstlik parki deb nom berilib, u yerda Oʻzbekistonda istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning urf-odat, dasturlari va an’analarini aks ettiradigan hiyobon boʻlishiligi toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Shuningdek, Qoraqalpogʻistonda faoliyati olib borayotgan bir qator Milliy Madaniy Markaz xodimlari davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlandi. Shular qatorida, Ukrain milliy-madaniy markazi direktori Mirones Olga Artyomovnaning «Shuxrat» medali bilan, shuningdek, Turkman milliy-madaniy markazi faoli Arazmuxammed Abayevning «Doʻstlik» ordeni bilan, 2021-yilda Qozoq milliy-madaniy markazi rahbari J.Darmenovning «Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi» kabi davlat mukofotlari bilan taqdirlangani davlatimizning ayni sohada samarali faoliyat olib borayotgan xodimlarning samarali faolitiga hurmat ramzidir.

Bugungi kunda yurtimizda 136 millat, 16 diniy konfessiya vakillari yagona¬ oila farzandlaridek yashab, mehnat qilmoqdalar. Ular respublikamizning barcha fuqarolari qatori bir xil huquq va majburiyatlarga ega boʻlib, qonunlarda belgilab qoʻyilgan huquq va erkinliklari, manfaatlari toʻliq ta’minlangan, ta’lim olishlari, mehnat qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Umumiy oʻrta ta’lim maktablarida oʻzbek, qoraqalpoq, rus, qirgʻiz, turkman, qozoq, tojik tillarida bilim berilayotgani, bir qancha oliy oʻquv yurtlarida esa rus, qozoq, qirgʻiz va boshqa tillarda dars beriladigan boʻlimlarning mavjudligi, ular uchun darslik va qoʻllanmalar mamlakatimizning oʻzida tayyorlanib, chop etilayotgani fikrimizning isbotidir.

Bugun yurtimizda turli millat va elat vakillari teng huquqlilik hamda oʻzaro hamjihatlik sharoitida yashab, Vatanimizni yanada ravnaq toptirish yoʻlida samarali mehnat qilishmoqda. Bundan tashqari, yurtimizda ta’lim tizimi 7 tilda olib boriladi, gazeta va jurnallar 8 tilda, teledasturlar 11 tilda, radiodasturlar esa 12 tilda tayyorlanib efirga uzatilayotganligi barcha millat vakillarining davlat boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy jarayonlarda erkin ishtirok etishining dalilidir. Ayni holat dunyoning boshqa joylarida toptiravermaydigan holatdir.

Ma’lumki, Oʻzbekistonning eng yuksak Oliy mukofoti bu «Oʻzbekiston Qahramoni» unvonidir. Bugungi kunda mazkur oliy mukofot, oʻzbek va qoraqalpoq millatidan tashqari, qozoq, tojik, rus, ukrain, koreys va hatto arab millatiga mansub shaxslarga ham berilishi, yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha fuqarolar bir oila farzandi ekanligidan dalolatdir.

Biz faoliyat yuritayotgan Qoraqalpoq diyoridagi sal kam 90 yillik tarixga ega boʻlgan, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutimizda bugungi kunda 16678 nafar talabalar tahsil olishmoqda. Ta’lim 5 ta tilda tashkil etilgan bu ulugʻ dargohda qoraqalpoq, oʻzbek millatidan tashqari, qozoq, turkman, rus, koreys, qirgʻiz, ozarbayjon, boshqird, uygʻur va tatar kabi jami 11 millatga mansub talabalar bir oila farzandlaridek, ahil va inoq tahsil olmoqdalar. Nafaqat institutda, balki respublika miqiyosida oʻtkazilayotgan jamoaviy tadbirlarda ham bir oila farzandlaridek ishtirok etishib, sovrinli yutuqlarni qoʻlga kiritib kelishmoqda. Ayni holat ham bevosita Mustaqilligimizning koʻp millatli xalqimizga bergan buyuk in’omidir!

Tarixdan ma’lumki, Ona-Vatanni sevish, unga mehr berish, uni koʻz qorachigʻiday asrab avaylash azal-azaldan ota-bobolarimizdan bizga me’ros boʻlib, qon-qonimizga singib ketgan muqaddas tuygʻudir. Shuning uchun ham barchamiz uchun umumiy boʻlgan afsona va rivoyatlar, ertak va hikoyalar, roman va dostonlar qaysi tilda yoki qaysi millat vakili qalamiga mansub boʻlishidan qatiy nazar oʻquvchilar uni tushunib va sevib oʻqiydi. Birgina Alpomish, Qirqqiz, yoki Goʻrүgʻli turkumiga kiruvchi dostonlarni olaylik. Bu oʻlmas asarlarlar qaysi tilda yozilishidan qat’iy nazar bular barchamizniki, chunki bu asarlarda gʻoya, maqsad, oxirida provard natija hammamizni yagona Vatan degan bir nuqtaga birlashtiradi. Shuning uchun ham maqsad bir, gʻoya bir, Vatan tanhodir!
Xulosa qilib aytganda, bugun 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashayotgan mamlakatimiz «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» shiori ostida ezgu maqsadlar bilan «Yangi Oʻzbekistonni, Yangi Qoraqalpogʻistonni qurish, Uchinchi Renessans podevorini yaratishga kirishdi. Demakki, bu oliy maqsadni toʻlaqonli amalga oshirishimizda millatlararo va dinlararo bagʻrikenglik, totuvlik va hamjihatlik masalalari, shuningdek, «Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi»ning 74-maqsadida koʻzda tutilgan yuksak vazifalarni ta’minlash – faoliyatimizning asosiy yoʻnalishiga aylanmogʻi lozimdir.

Haqiqatdan ham, oʻtgan davr mobaynida xalqimizning bu borada erishgan yutuqlariga havas qiladiganlar koʻp, lekin hasad koʻzi bilan qarab, atayin tinchlik-osoyishtaligimizga raxna solish istagidagilar ham yoʻq emas. Shunday ekan, muhtaram Prezidentimiz koʻp bor ta’kidlaganidek, bu masalada doimo hushyor boʻlishimiz, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikni koʻz qorachigʻidek saqlashimiz barchamizning muqaddas burchimizdir.

Quvondiq Qodirov,
Nukus DPI Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori.