AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

«She’riy tarjimaning janriy muammolari»

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Oʻzbek adabiyoti kafedrasi professori v.b. Feruza Sapayevaning shu mavzudagi monografiyasi Germaniyaning Lambert nashriyotida chop etildi.

Maxtumquli she’rlari tarjimada mazmunning qanday berilishiyu yaqin tillardan tarjima nuqtayi nazaridan ancha keng tekshirilgan. Lekin tarjimada shoir she’rlari vaznlarining saqlanishi haligacha maxsus tadqiq obyekti bo‘lmagan. Holbuki, she’riy tarjimada vazn muhim o‘rin tutadi: vazniy muvofiqlikka erishilmasa, tarjima muvaffaqiyatli chiqmaydi. Ayni jihatdan, she’riy tarjimada muqobil vazn topish  –  muvaffaqiyat kaliti hisoblanadi. Yaqin tillardan tarjimada bu muammo nisbatan oson hal qilinadi. Chunki ularda ko‘pincha bir she’riy tizim amal qiladi. Masalan, turkiy xalqlar she’riyatida barmoq tizimi ham, aruz ham birday qo‘llangan. Shunga ko‘ra, ularning biridan ikkinchisiga she’riy tarjimada vazn muammosiga duch kelinmaydi. Turkman she’riyatidan o‘zbekchaga tarjimalar borasida ham shunday deyish mumkin. Jumladan, atoqli turkman shoiri Maxtumquli she’rlari tarjimasida ham vazn alohida masala sifatida kun tartibiga chiqmagan.

Ushbu monografiyada she’riy tarjimaning janriy muammolari (Maxtumquli she’rlari misolida), xususan, she’riy tarjimada vaznning ahamiyati, o‘zbek  tarjimonlarining mahorati, tarjimada so‘z tanlash, original matn bilan tarjimani taqqoslash tamoyillari kabi ko‘plab masalalar qamrab olingan. Kitobda o‘zbek  tarjimashunosligining yangi bosqichiga xos ba’zi mulohazalar, jumladan, qofiya tarjimasining o‘ziga xos xususiyatlari, shoirning diniy-ma’rifiy she’rlari tarjimasi, tarjimada poetik unsurlar ham maxsus tadqiq qilingan, – deydi Nukus DPI Turkiy tillar fakulteti, Oʻzbek adabiyoti kafedrasi professori v.b. Feruza Sapayeva.

Shuningdek, mazkur monografiya tarjimashunoslik, qiyosiy adabiyotshunoslik, o‘zbek-turkman adabiy aloqalari, she’riy tarjimaning janriy muammolari, xususan, Maxtumquli ijodi bilan  qiziquvchi mutaxassislar hamda magistrantlar, filolog talabalarga mo‘ljallangan.

 

Nukus DPI matbuot xizmati.