Nukus DPIda kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi

Bugun, 1-avgust kunidan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2022-2023-oʻquv yiliga bakalavriatning alohida iqtidor talab qilinadigan ta’lim yoʻnalishlariga qabul uchun oʻtkaziladigan kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.

Musiqa ta’limi yoʻnalishi boʻyicha oʻtkazilayotgan imtihonlarning belgilangan talablar asosida shaffof, adolatli hamda oshkora oʻtishi jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari, shu bilan birga, Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligidan biriktirilgan vakillar tomonidan nazorat qilinmoqda.

Imtihonlar Internet tarmogʻi orqali ota-onalar va keng jamoatchilik vakillariga toʻgʻridan-toʻgʻri olib koʻrsatilmoqda.

Abituriyentlarning bilim va koʻnikmalarini baholash uchun Oʻzbekistonning turli joylaridan tajribali professorlar va mutaxassislar jalb qilingan boʻlib, ular tomonidan har bir abituriyentning tayyorgarligi odilona baholanib, toʻplagan ballari oʻsha vaqtning oʻzida ma’lum qilinmoqda.

– Bugun nabira qizim institutning musiqa ta’limi yoʻnalishiga ijodiy imtihon topshirmoqda. Uning kichkinaligidan shu sohaga boʻlgan qiziqishini koʻrib, qoʻllab-quvvatlashga harakat qildik. Qizim musiqa sirlarini oʻrganib, oliy ma’lumotli boʻlib, yetuk kadr boʻlishni oʻz oldiga maqsad qilgan. Mana, bugun institutga kelib, bu yerdagi yaratilgan sharoitlardan koʻnglim toʻldi. Imtihon jarayonlari qanday oʻtayotganligini toʻgʻridan-toʻgʻri tomosha qilyapmiz, – deydi Qoʻngʻirot tumanidan kelgan nuroniy Seytnazar Qudaynazarov.

Biz imtihonda ishtirok etgan abituriyentlarning fikrlari bilan ham qiziqdik.

– Imtihonga yaxshi tayyorgarlik koʻrdim. Cholgʻu ijrochiligi, musiqa nazariyasi va xonandalik mahorati boʻyicha ustozlarimdan oʻrgangan bilim va koʻnikmalarimni koʻrsatishga harakat qildim. Imtihonlar adolatli oʻtmoqda deb hisoblayman. Chunki, oʻz tayyorgarligimga mos yaxshi baho oldim, – deydi qonlikoʻllik abituriyent Tazabay Ajibayev.

Eslatib oʻtamiz, institutda bakalavriatning musiqa ta’limi yoʻnalishiga imtihonlar 1-avgustdan, jismoniy madaniyat ta’lim yoʻnalishiga 2-avgustdan, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi ta’lim yoʻnalishiga esa kasbiy (ijodiy) imtihonlar 3-avgustdan boshlanishi belgilangan.

Imtihonlar joriy yil 9-avgustgacha davom etadi.

Nukus DPI matbuot xizmati.