HALOLLIK VA FIDOIYLIK ASOSIY MEZON BOʻLMOGʻI LOZIM

«Har qanday millatni yoʻq qilish uchun atom bombasi yoki uzoq masofali raketa shart emas. Buning uchun ta’lim sifatini tushirib, imtihonlarga aldov aralashtirishning oʻzi kifoyadir.

Bu tarzda ta’lim olgan shifokorlar qoʻlidan bemorlar oʻlim topadi, quruvchilar qurgan uy va binolar vayron boʻladi, iqtisodchi va hisobchilar qoʻlida moliyaviy resurslar sovuriladi,adolat ham shunday huquqshunos va sudyalar qoʻlida zavol topadi.Ta’limning inqirozi-bu millat inqirozidir».

Ushbu iqtibosni «Xalq soʻzi» gazetasining 2020-yil 21-yanvar sonida Janubiy Afrika Respublikasi Stellenbos universiteti peshtoqiga yozib qoʻyilgani toʻgʻrisida e’lon qilingan materialda oʻqigan edim. Darhaqiqat, ushbu fikrlarni oʻqigan har bir ziyoli yuragidan ta’lim sohasidagi yechimini kutayotgan ogʻriqli muammolar oʻtishi tabiiydir.  

Yurtimizda ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, uning sifati hamda samaradorligini oshirish, oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bilan bogʻliq masala doimiy ravishda kun tartibida turganligi ushbu masala qanchalik muhimligidan darak beradi.Ayni kunlarda oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari ketayotganligidan barchamizning xabarimiz bor. Bu borada OTMlarga qabul jarayonlarining shaffofligini taminlash borasida xayrli ishlarni amalga oshirish bilan birgalikda, unda uchrayotgan noxush holatlar korrupsiya va poraxoʻrlikka qarshi astoydil kurash olib borilmoqda. Kezi kelganda aytib oʻtish oʻrinli deb oʻylayman, muhtaram Yurtboshimiz oʻzining har bir chiqishida shu yurtda yashayotgan har bir insonda korrupsiyaga, umuman olganda, har qanday qonunbuzarlikka nisbatan murosasizlik kayfiyatini shakllantirish eng muhim masala ekanligi, Qonun barchaga barobarligini, qonunbuzarlikka yoʻl qoʻygan tegishli shaxslar esa Qonunda koʻrsatilgan jazoni oʻtashi muqarrarligini ham ta’kidlab kelayotgani bejizga emas.

Korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida olib borilayotgan kompleks chora-tadbirlarga qaramay, «Oʻqishga kiritib qoʻyaman, ijodiy imtihonni hal qilib beraman», degan va shu yoʻl bilan moʻmay daromad topish ilinjida yurgan ta’magirlar ming afsuski, hali-hanuz uchrab turibdi.Ertani tasavvur qila olmaydigan, faqat va faqat bugunni oʻylaydigan, bolasi kelgusida yetuk mutaxassis boʻladimi yoki yoʻqmi, «Bolam oʻqishga kirsa, diplom olsa boʻldi, u yogʻiga Xudo poshsho» qabilida ish tutadigan, farzandining qobiliyati, bilimi va salohiyati yetarlimi yoki yoʻq, bunga ikkinchi darajali masala sifatida qaraydigan ota-onalarning borligi koʻngilni xira qiladi. Boshqacha aytganda, shu damgacha, farzand tarbiyasiga befarq boʻlgan ota-onalarning borligi achinarli hol deb bilaman.Toʻgʻrisini aytganda, ana shu befarqlik yillar davomida ta’lim tizimida korrupsiyaning koʻpayib ketishiga zamin boʻlgan sabablardan biri desam adashmagan boʻlaman.

Ming shukurki, bugungi kunda sohada ham ijobiy oʻzgarishlar boʻla boshladi. Sohada xizmat qilayotgan oʻz ishining fidoiylari, jonkuyarlari nomidan aytaman, aytganda ham ishonch bilan ayta olamanki, bugungi kunda oliy ta’lim sohasidagi islohotlar sabab vaziyat tubdan oʻzgardi, kimning bilimi, qobiliyati, salohiyati boʻlsa, oʻsha inson oʻqiydi degan tamoyilga amal qilina boshladi. Oʻz navbatida ta’limda uchrayotgan noxush holat-qorrupsiyani tag tomiri bilan yoʻqotishga astoydil kirishildi.Bu boradagi dastlabki qadam oliy ta’limga kirish, ijodiy va test imtihonlarini topshirish jarayonlarini tartibga solish bilan boshlandi. Tegishli farmon va qarorlar bilan oliy ta’lim muassasalariga qabul uchun kvotalar soni avvalgi yillarga qaraganda keskin oshirildi. Barcha jarayon nafaqat davlat organlari, balki keng jamoatchilik nazorati ostida shaffof tarzda oʻtkaziladigan boʻldi. Ayni kunlarda, jarayonni kuzatish asnosida, hujjat qabul qilishdan boshlab, test imtihonlarini oʻtkazishgacha abituriyentlar uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilib borilayotganiga shohidmiz. Muhimi, barcha jarayonda haqqoniylik va ochiqlik, shaffoflik, adolat tamoyiliga amal qilinayotgani quvonarli holdir.

1-avgustdan boshlab, yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan 46 ta OTMda kasbiy imtihonlar jarayonlari boshlab yuborildi.Bu jarayonlar joriy yilning 10-avgustigacha davom etadi.

Abituriyentlar va ularning ota-onalariga imtihon jarayonlari haqida tezkor va batafsil ma’lumot berib borish maqsadida OTMlarning rasmiy veb sayti va telegramm kanallarida barcha ma’lumotlar doimiy joylashtirilayotganligi, imtihonlarning qaysi oliy ta’lim muassasasida boʻlib oʻtayotgani, imtihon oʻtkazilayotgan joylar, oʻquv xonalarini jonli tarzda kuzatib borish xususida ma’lumot olish bilan birgalikda, maxsus kanalga imtihonlar haqidagi xabarlar (rasm va videolavha) ham joylashtirib borilayotganini koʻrish mumkin.

OTMlarda boʻlib oʻtayotgan imtihonlarni imtihon.edu.uz platformasi hamda oliygohlarning rasmiy YouTube kanallari orqali ham jonli tarzda kuzatib borish imkoni mavjud. Shuningdek, bu yilgi qabul jarayonlarida ilk bor imtihon boʻlib oʻtadigan bino va maydonlarda oʻrganishlar olib borish uchun Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi oʻrtasida qoʻshma bayonotning imzolanishi natijasida, Vazirlik va Agentlikning ma’sul xodimlari tomonidan qabul jarayonlarining ochiq va shaffof tashkil etilishi, jonli efirga uzatilishi toʻliq nazorat qilinadi.

Bugungi kunda har sohada ulkan oʻzgarishlar ketayotgan Yangi Oʻzbekistonda xalqimizning tom ma’nodagi adolat qaror topgan jamiyatda yashashi uchun nafaqat mas’ul idoralar, balki har bir fuqaro oʻz hissasini qoʻshishi zarur. Buning uchun esa, Muhtaram Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, bizdan korrupsiyaga, har qanday qonunbuzarlikka qarshi murosasizlik kayfiyatini shakllantirish talab etiladi. Kuzatishlardan ma’lum boʻlayaptiki, turli hil qonunbuzarliklar sodir etilishida koʻpincha, loqaydlik, befarqlik, ayniqsa, huquqiy savodxonlik darajasining tushib ketganligi, ya’ni, yurtdoshlarimizning oʻz haq-huquqlarini bilmasliklari ham sabab boʻlayapti. Shu oʻrinda, aziz yurtdoshim, bir oltin qoida shulki, qachonki biz yakdil boʻlsak, yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan hamjihatlikda yashasak va ish olib borsak, turli illatlarga qarshi kurashish uchun murosasizlik muhitini shakllantira olsak, oʻshandagina biz oliy maqsadimizga erishgan boʻlamiz deb oʻylayman. Yuqoridagi kabi illatlarning oliy ta’lim muassasalarida kuzatilmasligi va uning har qanday koʻrinishini oldini olish maqsadida, barcha zarur choralarni koʻrib, kelajakda bilimli, salohiyatli va raqobatbardosh   kadrlarni tayyorlash, oliy ta’limni korrupsiyadan holi sohaga aylantirishda barcha ziyolilar bir jonu tan boʻlib, fidoiylik bilan xizmat qilib, uning rivoji uchun oʻz hissamizni qoʻshishimiz zarur. Ishonamanki, ezgu maqsadimizni amalga oshirishda halollik va fidoiylik asosiy mezonimiz boʻladi.

Fozilbek Farxodov.