AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

SHHT SAMARQAND SAMMITI – YANGI OʻZBEKISTON TARAQQIYOTIDA YANGI SAHIFA

Xabaringiz bor, shu yilning 15-16-sentabr kunlari Samarqand shahrida yirik xalqaro anjuman – Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti boʻlib oʻtdi. Biz mazkur xalqaro tadbirning mamlakatimiz, qolaversa, Tashkilotga a’zo hamda kuzatuvchi davlatlarning hamkorlik aloqalarida tutgan oʻrni, Samarqand sammitining oʻziga xos xususiyatlari hamda tarixiy ahamiyati toʻgʻrisida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Qodirov Quvondiq Ayitbayevich bilan suhbatlashdik. 

 

Dastlab, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti haqida, Oʻzbekistonning bu tashkilotga a’zo boʻlishi, umuman, bu tashkilotning maqsad va vazifalari xususida toʻxtalsangiz?

– Shanxay Hamkorlik Tashkiloti shiddat bilan oʻzgarib borayotgan hozirgi zamonning eng dolzarb muammolarini samarali hal qilishda, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashda katta hissa qoʻshib kelayotgan nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti — eng yosh tuzilmalardan biri boʻlib, oʻtgan davr mobaynida ushbu tashkilot maslahat mexanizmi formatidan, bugungi kunga kelib, keng qamrovli davlatlararo birlashmagacha boʻlgan darajaga yuksaldi, desak boʻladi.

Mazkur tashkilot 1996-1997-yillari “Shanxay beshligi” nomi bilan tashkil etilgan va 2001-yili Oʻzbekiston mazkur tashkilotga a’zo boʻlib kirishi bilan “Shanxay hamkorligi tashkiloti” nomini olgan. Mazkur tuzilmaning asosiy maqsadi a’zo davlatlar oʻrtasida oʻzaro doʻstlik, ishonch va yaxshi qoʻshnichilik muhitini mustahkamlash hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, shuningdek, xavfsizlik, energetika, transport, turizm, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa ustuvor sohalardagi samarali hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni kafolatli ta’minlash, terrorizm, ekstremizm, ayirmachilik va giyohvand moddalarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashish tashkilotning asosiy vazifalari sirasiga kiradi.

Hozirgi kunda tashkilot 8 ta doimiy a’zo davlatni, 4 ta kuzatuvchi va muloqot boʻyicha 6 ta sherik davlatlarni oʻz atrofida birlashtirgan. Oʻzbekiston Respublikasi ham doimo SHHTning eng faol va tashabbuskor a’zosi boʻlib kelgan. Bir soʻz bilan aytganda, bugungi kunga kelib SHHT hamjamiyati — ulkan geografik makonni qamrab olgan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan dunyodagi eng yirik tashkilotdir.

Aynan, boʻlib oʻtgan sammit oldidan Prezidentimizning joriy yilning 12-sentabr kuni chop qilingan «Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: oʻzaro bogʻliqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik» sarlavhali maqolasi va uning ahamiyati xususida toʻxtalsangiz?

– Prezidentimizning matbuotda e’lon qilingan mazkur maqolasida yurtimizda oʻtkazilishi kutilayotgan muhtasham sammitning avvalo, dolzarbligi, sammitning maqsadi, vazifalari va qolaversa, kutilayotgan natijalari asosli dalillar bilan batafsil bayon qilingan.

Maqolada Prezidentimiz tomonidan «Shanxay hamkorlik tashkilotining turli bloklardan xoli maqomga ega ekani, ochiqlik, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani, barcha ishtirokchi tomonlarning tengligi va suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yoʻl qoʻymaslik», deb ta’kidlashi negizida SHHT xalqaro tashkilot sifatidagi oʻrni va faoliyatining asosini koʻrsatib oʻtganlar. Shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkilotining muvaffaqiyat garovi sifatida — mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali koʻp tomonli hamkorlikni ilgari surish, bu tashkilot oʻz mohiyatiga koʻra, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yoʻlida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli boʻlgan jozibador makonga aylanishi lozimligi koʻrsatilgan.

Prezidentimiz tomonidan yangi sinovlar va imkoniyatlar vujudga kelayotgan bugungi dunyoda SHHTning transformatsiyasi va yuksalishi uchun nafaqat a’zolar sonining koʻpayishi hisobiga, balki tashkilot rivojining yangi strategik yoʻnalishlarini ilgari surish orqali keng istiqbollar mavjudligi, bu oʻrinda transport va oʻzaro bogʻliqlik, energetika, oziq-ovqat va ekologiya xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va «yashil» iqtisodiyot kabi muhim yoʻnalishlarni sanab koʻrsatadi.

Bugungi murakkab sharoitda hech bir mamlakat yolgʻiz holda global xavf-xatarlarni chetlab oʻtish yoki bartaraf etishga qodir emasligini, bugun biz yashayotgan, jarayonlar oʻzaro chambarchas bogʻlangan dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yoʻli – konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan koʻp tomonlama hamkorlikda faoliyat olib borishni taqozo etishini ta’kidlaydi. Shu oʻrinda, inqiroz va boʻhronlar davrida mamlakatlar, ular xoh katta, oʻrta yoki kichik boʻlsin, oʻzlarining tor doiradagi manfaatlarini ustun qoʻymasdan, aksincha, asosiy e’tiborni global hamjihatlikka qaratish lozimligi, tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga xavf tugʻdirayotgan, har qaysi mamlakatga raxna soladigan tahdid va xatarlarga qarshi umumiy sa’y-harakat va imkoniyatlarni birlashtirish va safarbar etish, tashkilotga a’zo barcha uchun birdek manfaatli ekanligini Prezidentimiz alohida ta’kidlab oʻtgani bejiz emas.

Maqolada asrlar davomida global miqyosdagi davlatlar va mintaqaviy kuch markazlari oʻrtasidagi qarama-qarshiliklarda bufer rolini oʻtab kelgan Afgʻoniston endilikda Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlovchi koʻprik vazifasini bajarishdek yangi tinchlik missiyasida oʻzini namoyon etmogʻi lozimligini, bunda esa, «Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yoʻli kabi qoʻshma infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish vazifalarini va buning taraqqiyotimizdagi ahamiyati haqida keng toʻxtalinadi.

SHHT mazkur sammitining yurtimizda oʻtganligini va uning ahamiyatini qanday izohlaysiz?

–  Biz yuqorida tilga olgan Prezidentimiz maqolasida aynan shu masalaga alohida toʻxalingan. Bunda Samarqand zaminini tilga olar ekan, bu afsonaviy shaharning Shanxay hamkorlik tashkiloti tarixida muvaffaqiyatning yana bir sahifasini ochishiga, Samarqandning shonli tarixiy merosi bunga xizmat qilishiga hamda koʻp asrlar mobaynida bu shahar Yevropadan Xitoygacha boʻlgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bogʻlab, Shimol va Janubni, Sharq va Gʻarbni yagona chorrahada tutashtirganligiga urgʻu beriladi. Shuning uchun ham «Tarixan shakllangan tushunchaga koʻra, Samarqanddan turib qaralganda, dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va boʻlinmas boʻlib koʻrinadi. «Samarqand ruhi» degan noyob fenomenning mazmuni ham asli shunda mujassam boʻlib, u xalqaro hamkorlikning, jumladan, SHHT doirasidagi sheriklikning prinsipial jihatdan yangi formatini shakllantirish borasida mustahkam poydevor boʻlishi mumkin» deya ta’riflagan fikrlarida har tomonlama asosli ma’nolar borligi koʻramiz.

Oʻzbekiston Respublikasi Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishdek mas’uliyatli vazifani oʻz zimmasiga olgach, asosiy e’tiborni hamkorlikning yangi ufqlarini ochish va har bir ishtirokchi mamlakatning foydalanilmagan rezervlarini ishga solish orqali Tashkilotni jadal rivojlantirish strategiyasiga qaratdi.

Mazkur oyda butun yer sayyorasining diqqat-e’tibori mamlakatimizga qaratildi. Yurtimizga tashrif buyurgan xorijlik 500 dan ortiq OAV xodimlari tomonidan dunyoning barcha telekanallarida va ijtimoiy tarmoqlarida «Oʻzbekiston», «Samarqand» atamalari baralla yangradi. Qolaversa, butun dunyoda Yevrosiyo yetakchi davlatlari rahbarlarining sammitdagi uchrashuviga qiziqishlari ortdi.

Oʻzbekiston mamlakati, jumladan, Samarqand tom ma’noda jahon siyosatining markaziga aylandi. Negaki, sammit tashkilotga a’zo mamlakatlar manfaatlariga bevosita ta’sir koʻrsatadigan, mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga, umuman olganda, dunyoda sodir boʻlayotgan jarayonlarga ta’sir koʻrsatadigan mutlaqo yangi sharoitlarda oʻtkazildi.

Shu oʻrinda alohida ta’kidlaymizki, biz bugun dunyoda global siyosat va iqtisodiyotda tobora kuchayib borayotgan «girdoblar» va jiddiy keskinliklarning guvohi boʻlmoqdamiz. Shuning uchun, SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari, jumladan, BMT xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari (Xitoy va Rossiya) — yadro quroliga ega qudratli davlatlarning ishtiroki xalqaro hamjamiyat uchun katta ahamiyatga ega boʻldi.

Shunisi muhimki, mamlakatimiz nafaqat sammitning oʻziga mezbonlik qildi, balki uning doirasida koʻplab: ikki-uch, hatto toʻrt tomonlama uchrashuvlar doirasida kelishuvlar imzolandi. Bu esa, ulugʻvor maqsadlarni oldiga qoʻygan nafaqat Yangi Oʻzbekiston mamlakatiga, balki jahon siyosatiga ham katta ta’sir qiladi. Ana shuning uchun ham Samarqand sammiti chinakam tarixiy hodisa sifatida muhim ahamiyatga egadir.

SHHT Samarqand sammitining oldingi sammitlardan oʻziga xosligi nimada deb bilasiz?

–  Samarqanddagi sammit SHHT doirasida oʻtkazilgan eng yirik va eng nufuzli siyosiy tadbirga aylandi.

SHHT tarixida ilk bor sammitda 14 ta davlat yetakchilari va 10 ta xalqaro tashkilot rahbarlari ishtirok etdi. Oʻzbekiston Sharqiy, Janubiy va Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Kaspiy dengizi mintaqasi davlatlari rahbarlarini bir maydonga toʻpladi.

Ular doʻstona muhitda «yuzma-yuz» muloqot qilish imkoniga ega boʻlishdi. SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari norasmiy sharoitda umumiy dasturxon atrofida suhbat oʻtkazayotgan fotosuratini hamma koʻrgan boʻlsa kerak. Oʻylaymanki, bu fotosurat sammit boʻlib oʻtgan ishonchli kayfiyat va muhitni juda yaqqol aks ettirdi.

Samarqand sammiti SHHT nafaqat eng nufuzli xalqaro tashkilotlardan biri boʻlib qolayotganini, balki oʻzining asosiy tamoyillari – bloklardan tashqari maqom, uchinchi davlatlarga qarshi turmaslik, ochiqlik, konsensus, ishonch, oʻzaro manfaatdorlik, tenglik va oʻzaro hurmatga sodiqligini yana bir bor namoyish etdi.

Oʻzbekiston Prezidentining SHHT “tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yoʻlida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli boʻlgan jozibador makonga aylanishi lozim”ligi haqidagi murojaati ham oʻz tasdigʻini topdi.

– Samarqand sammitining qanday amaliy natijalarini alohida ta’kidlagan boʻlardingiz?

– Eng muhim jihatlardan biri shundaki, ishtirokchi davlatlar tomonidan bugungi kundagi energetika va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi tanazzulning kuchayishi, mavjud logistika yoʻnalishlari va ta’minot zanjirlarining uzilishi, sayyoramizdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning yomonlashib borayotganini asosiy diqqat markazida tutishdi.

Sammit doirasida 40 dan ortiq hujjat imzolangan boʻlib, ularning aksariyati Oʻzbekiston tomoni tashabbusi bilan tuzilgan va strategik ahamiyatga ega boʻlgan tarixiy hujjatlar desak boʻladi.

Samarqand sammitida qabul qilingan qarorlar chinakam yutuq boʻlib, ular Shanhay hamkorlik tashkilotini kelgusi oʻnlab yillar davomida rivojlantirishning muhim vektorlari boʻlib xizmat qiluvchi chinakam yangi strategik yoʻnalishlarni belgilab berdi.

Masalan, strategik hujjatlardan SHHTga a’zo davlatlarning Uzoq muddatli yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomani amalga oshirish boʻyicha 2023-2027-yillarga moʻljallangan kompleks rejasi, shuningdek, iqlim oʻzgarishiga munosabat boʻyicha SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Qoʻshma bayonoti oʻrin oldi.

Bundan tashqari, SHHTga a’zo davlatlar oʻrtasida Oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash va samarali transport yoʻlaklarini yaratish boʻyicha hamkorlik konsepsiyalari imzolandi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida hamkorlik dasturi qabul qilindi.

Hududlararo savdoni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar rejasi hamda yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolashda hamkorlik qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

SHHTning kutilayotgan kengayishi Misr, Saudiya Аrabistoni va Qatar bilan muloqotda SHHTga sherik maqomini berish toʻgʻrisidagi memorandumlarni imzolash orqali amalga oshirildi. Bundan tashqari, SHHT va qator xalqaro tashkilotlar oʻrtasida rasmiy aloqalar oʻrnatildi. Ular orasida YUNESKO, ADL, ESKATO kabilar ham bor.

“Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy” temir yoʻli qurilishi loyihasi boʻyicha uch tomonlama bitim imzolangani ham muhim ahamiyat kasb etdi. Loyiha oʻz qarorini 20-yil kutgan edi. Ushbu ulugʻvor loyihaning amalga oshirilishi Ikkinchi kontinental transport koʻprigining janubiy yoʻlagini yaratish bilan birga, uch mamlakat ishlab chiqaruvchilari uchun yangi mahsulotlar bozorlarini ham ochib beradi. Yoʻl qurilishi Markaziy Osiyo mamlakatlari transport infratuzilmasini rivojlantirishni, Fors koʻrfazi va Tinch okeani portlariga qulay chiqishlarini ta’minlaydi.

Samarqand sammiti doirasida ikki va koʻp tomonlama shakllarda oʻtkazilgan muzokaralar sonini ham alohida ta’kidlab oʻtmaslikning iloji yoʻq. Ushbu uchrashuvlar davomida ishtirokchilar bir qator global va mintaqaviy muammolarni muhokama qilish imkoniga ega boʻldilar.

– Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida Samarqand birdamligi tashabbusi” ushbu sammitning asosiy voqeasi sifatida e’tirof etildi. Bu masalada fikrlaringiz?

– Shubhasiz, Oʻzbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan “Umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida Samarqand birdamligi tashabbusi”ni SHHT sammitining asosiy voqeasi deb atash mumkin.

Prezidentning taklifi Samarqand sammiti arafasida e’lon qilingan dasturiy maqolasining mantiqiy davomi boʻldi.

Darhaqiqat, Samarqand tashabbusini uning maqolasida belgilab berilgan zamonaviy dunyo tartibining asosiy chaqiriqlari va muammolariga oʻziga xos javob, deyish mumkin.

Shuning uchun, bu tashabbus ana shunday e’tibor tortgani va ekspertlar muhokamasi markazidaligi tabiiy.

Samarqand tashabbusining ahamiyati, birinchi navbatda, bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda uning dolzarbligi. Jahon miqyosida ishonch va oʻzaro begonalashish inqirozi kuchayib borayotgan bugungi kunda, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan “umumiy kelajagimizga befarq boʻlmagan, kelishmovchiliklarga qaramay, kelishilgan yondashuvlar va yechimlarni izlashga tayyor boʻlgan” barchani konstruktiv muloqotga jalb etish muhim, deya ta’kidlanadi.

Bundan tashqari, Samarqand tashabbusining yana bir oʻziga xosligi shundaki, ilk bor bugungi kunning dolzarb masalalari boʻyicha hali oʻxshashi boʻlmagan global muloqot maydonini shakllantirish masalasi taklif etildi.

Ya’ni, iqtisodiyoti, geografiyasi, kattaligi, madaniyati turlicha boʻlgan davlatlar va xalqlarni birlashtira oladigan maydon. Bu maydon ularni birgalikda mulohaza yuritish, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni yanada ta’minlash uchun yangi yondashuvlarni izlash maqsadida birlashtirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Аytish mumkinki, SHHT doirasidagi oʻzaro hamkorlikning muvaffaqiyatli modeli jahon darajasiga koʻtarilib, xalqaro hamkorlikning yangi formati uchun asos boʻldi.

Darhaqiqat, mazkur sammit geosiyosiy raqobat, madaniy va qadriyatlar nizolari, milliy xudbinlik va mafkuraviy tarafkashlikdan xoli yangi xalqaro muloqot boʻldi, desak toʻgʻri boʻladi.

– SHHT Samarqand sammitida imzolangan hujjatlar xususida toʻxtalsangiz?

– Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi yakunida jami 44 ta muhim hujjatlar imzolandi. SHHT Davlat rahbarlari kengashining Samarqand deklaratsiyasi tadbirning bosh yakuniy hujjati boʻldi. Jami 44 ta hujjat – bitim, konsepsiya, dasturlar va boshqa qarorlar qabul qilindi. Bu tashkilot tarixida rekord koʻrsatkichdir.

Jumladan, qabul qilingan ayrim hujjatlar sifatida quyidagilarni keltirishimiz mumkin:

– SHHTga a’zo davlatlarning uzoq muddatli yaxshi qoʻshnichiligi, doʻstligi va hamkorligi toʻgʻrisidagi shartnoma qoidalarini 2023-2027-yillarda amalga oshirish boʻyicha kompleks harakatlar rejasi toʻgʻrisida;

– SHHTga a’zo davlatlarning oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirish va samarali transport yoʻlaklarini yaratish boʻyicha konsepsiyasi toʻgʻrisida;

– SHHTga a’zo davlatlarning oʻzaro hisob-kitoblarida milliy valyutalar ulushini bosqichma-bosqich oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” toʻgʻrisida;

– SHHT kotibiyati va Ta’lim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha BMT (YUNYESKO) oʻrtasida memorandumni imzolash toʻgʻrisida;

– iqlim oʻzgarishiga nisbatan javob harakatlari toʻgʻrisida;

– global oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash toʻgʻrisida;

– energetik xavfsizlikni ta’minlash toʻgʻrisidagi bayonotlari qabul qilindi.

Bundan tashqari, tadbir doirasida quyidagi hujjatlar imzolandi:

– SHHTga a’zo davlatlar hukumatlari oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

– SHHTga a’zo davlatlar oʻrtasida xizmatlar savdosi sohasidagi hamkorlikning hadli asoslari;

– SHHT mamlakatlarining vakolatli organlari oʻrtasida muzey ishi sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida memorandum;

– SHHT mamlakatlarining vakolatli organlari oʻrtasida oʻsimliklar karantini sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

– SHHT mamlakatlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi hamkorligi dasturi;

– SHHT mamlakatlarini infratuzilmaviy rivojlantirish dasturi;

– SHHT mamlakatlarining ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi sanoat kooperatsiyasini ragʻbatlantirish dasturi;

– Raqamli savodxonlikni rivojlantirish boʻyicha SHHT dasturi;

– SHHTga a’zo davlatlarning sun’iy intellektni rivojlantirish boʻyicha hamkorligi dasturi;

– SHHTga a’zo davlatlarning tibbiyot tashkilotlari oʻrtasida yuqumli kasalliklarni profilaktika qilish va davolash masalalarida hamkorlik boʻyicha “yoʻl xaritasi”;

– SHHTga a’zo davlatlar oʻrtasida ustuvor yoʻnalishlardagi ilmiy-texnik hamkorlik boʻyicha harakatlar rejasi (2022-2025-yillarda);

– SHHTda mintaqa ichidagi savdoni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasi;

– SHHT mamlakatlarining telemeditsina sohasidagi hamkorligi konsepsiyasi;

– SHHT kotibiyati bilan Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiya (ESKATO) oʻrtasida oʻzaro anglashuv toʻgʻrisida memorandum va boshqa hujjatlar imzolandi.

– Mazkur sammitning biz istiqomat qilayotgan Orolboʻyi hududimiz uchun tutgan oʻrni haqida toʻxtalsangiz?

– Mamlakatimizda boʻlib oʻtgan muhtasham sammit doirasida savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-texnikaviy, turizm, atrof-muhit muxofazasiga oid qabul qilingan hamda imzolangan tarixiy hujjatlar Yangi Oʻzbekiston tarkibida dunyo tamadduniga munosib hissa qoʻshib kelayotgan Yangi Qoraqalpogʻiston uchun ham juda katta amaliy ahamiyatga ega, deb hisoblayman.

Ta’kidlash joiz, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Orolboʻyi hududida hamda ayni paytda ekologik fojeaning qoq markazida joylashgan hudud hisoblanadi. Mazkur ekologik krizisning salbiy oqibatlarini yumshatish, aholinining salomatligini muhofaza qilish, hududda yangi sanoat-kooperatsiyalarini koʻpaytirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali Orolboʻyi aholisining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligi masalalari bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar hisoblanadi. Ushbu yoʻnalishlarda SHHTga a’zo, shuningdek, kuzatuvchi va hamkor davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlar, albatta, oʻzining samarali natijasini berishi, shubhasizdir.

Xulosa oʻrnida fikrlaringiz?

– Dunyoda roʻy berayotgan buyuk rivojlanishlar, innovatsion yutuqlar zamirida, albatta, ilm yotadi. Shu oʻrinda Imom al Buxoriy bobomizning «Ilmsiz najot yoʻq va boʻlmagʻay», degan fikrlari, fikrimiz dalilidir. Demoqchimizki, Prezidentimiz sammitda soʻzlagan nutqida Shanhay Hamkorlik Tashkiloti doirasida kelgusida tizimli ravishda universitet rektorlari forumi, madaniyat va turizm kunlari, qoʻshma sport tadbirlari va universiadalar singari qoʻshma formatlarni ta’sis etish zarurligi toʻgʻrisida oʻz takliflarini bildirib oʻtdi va bu takliflar toʻligʻi bilan qoʻllab-quvvatlandi.

Respublikamizdagi toʻngʻich oliy ta’lim muassasasi sifatida, oʻzining sal kam 90 yillik tarixga ega boʻlgan, 20 mingga yaqin talabalari va 600 dan ziyod pedagogik jamoaga ega boʻlgan Nukus davlat pedagogika institutining keng jamoatchiligi – Samarqand sammiti doirasida qabul qilingan tarixiy hujjatlarni, takliflarni bugungi hamda ertangi kunimiz nihotyada muhimligini alohida ta’kidlaydi va har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi.

Hozirgi kunda institutimiz dunyoning 50 ga yaqin yetakchi oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan boʻlsa, ularning aksariyati SHHTga a’zo va hamkor boʻlgan Rossiya, Xitoy, Qozogʻiston, Pokiston, Turkiya, Ozarbayjon kabi davlatlarning ilmiy-tadqiqot markazlari hisoblanadi. Sammit doirasida qabul qilingan hujjatlar esa, bizning ayni yoʻnalishdagi aloqalarimizni yanada mustahkamlashda, yoshlarimizni Vatanimizning buyuk kelajagi yoʻlida yetuk mutaxassis boʻlib, Yangi Oʻzbekiston, Yangi Qoraqalpogʻistonni qurishga qodir boʻlgan raqobatbardosh kadrlar boʻlib yetishishida muhim zamin boʻlishiga ishonamiz.   

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, mazkur sammitning mazmun-mohiyatini oʻquvchi va talaba yoshlar, qolaversa, xalqimiz orasida keng tushuntirish, targʻib qilish – yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan ta’lim muassasalarining asosiy vazifalaridan biridir.

Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

 

Suhbatlashgan: Islam Matekov,

Nukus davlat pedagogika instituti matbuot kotibi.

Qoraqalpogʻiston axborot agentligi sharhlovchisi.