AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasida ogʻir judolik

Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Turkmaniston Respublikasining “Maxtumquli Firogʻiy“ xalqaro davlat mukofoti, Oʻzbekiston Respublikasining “Fidokorona xizmatlari uchun“ ordeni sohibi, adabiy aloqalar va xalqlar doʻstligi fidoyisi, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Oʻzbek adabiyoti kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Karimboy Quramboyev 2022-yil 24-oktabr kuni olamdan oʻtdi.
 
Karimboy Quramboyev 1942-yil 10-noyabrda Turkmaniston Respublikasi Toshhovuz viloyati Toshhovuz tumaniga qarashli “Hallang” qishlogʻi “Boʻston” (oldingi “Leningrad”) kolxozida, ziyoli oilada tugʻildi. U 1959-yil Toshhovuz tumanidagi 20-sonli oʻrta maktabni bitirdi. 1960-yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU Filologiya fakulteti)ga oʻqishga kirib, uni 1965-yilda muvaffaqiyatli tamomladi. Shu yili Toshhovuz tumanidagi “Boʻston” kolxozidagi 2-sonli oʻrta maktabda Oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi boʻlib mehnat faoliyatini boshladi. 1967-1970-yillarda mazkur maktabda direktor oʻrinbosari lavozimida ishladi.

K.Quramboyev 1970-yil Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi A.S.Pushkin nomidagi Til va adabiyot ilmiy-tadqiqot instituti aspiranturasiga oʻqishga kirdi va muddatidan oldin, ya’ni 1972-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi muhbir a’zosi Yusuf Sultanovning ilmiy rahbarligida “Adabiyotlarning oʻzaro ta’siri va yozuvchi ijodining oʻziga xosligi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Shundan keyin yosh olim mazkur institut rahbariyati tavsiyasi bilan “Adabiy aloqalar” boʻlimiga ishga qabul qilindi. Dastlab kichik ilmiy xodim, soʻngra 1974-yildan katta ilmiy xodim vazifasida ish olib bordi.

1977-yili Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Prezidiumining  maxsus qarori va yoʻllanmasi bilan yangidan tashkil etilgan Nukus davlat universiteti Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasiga dotsent lavozimiga ishga yuborildi. 1979-1981-yillarda Filologiya fakulteti dekanining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari, 1981-1985-yillarda  Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri lavozimlarida ishlagan boʻlsa, 1992-2001-yillarda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Filologiya fakulteti dekani boʻlib faoliyat olib bordi. Uzoq yillar Oʻzbek adabiyoti kafedrasi professori lavozimida samarali mehnat qildi.

K.Quramboyev 1981-yili dotsent, 1994-yilda professor ilmiy unvonlariga ega boʻldi.
1992-yil Ashxobodda Turkmaniston Fanlar akademiyasi Maxtumquli nomidagi Til va adabiyot instituti ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashida “Инонациональный поэтический опыт и его роль в развитии нацональных летератур” mavzusida filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyasini muvaffaqqiyatli himoya qildi.

Professor K.Quramboyev, asosan, adabiyotshunoslikning dolzarb sohalaridan biri – milliy adabiyotlarning oʻzaro aloqalari va ijodiy ta’siri masalasi bilan faol shugʻullanib keldi. Olim koʻproq, oʻzbek adabiyotining Markaziy Osiyo adabiyotlari bilan adabiy aloqalari boʻyicha tadqiqotlar olib bordi. U adabiyotshunoslik fanining bu dolzarb sohasi bilan faol shugʻullanib, Qoraqalpogʻiston, Oʻzbekiston, Turkmaniston Respublikalari ilmiy jurnallarida 300 dan ortiq maqolalar va bir qancha monografiyalar  e’lon qildi. Xususan, “Xidir Deryaev” (Toshkent, 1977), “Oʻzbek-turkman adabiy aloqalari” (Toshkent, 1978), “Maxtumquli she’riyati Oʻzbekistonda” (Toshkent, 1984),  “Adabiy ta’sirdan ijodiy oʻziga xoslikka” (Nukus, 2007), “Tarjima va tarjimon mas’uliyati” (Toshkent, 2007), “Adabiy jarayon, ijod mas’uliyati, adabiy aloqalar” (Toshkent, 2009), “Maxtumquli – ilxom chashmasi” (Toshkent, 2012),  “Gul bor Guliston ichinda” (G.Quramboyeva bilan hammualliflikda Toshkent, 2016), “Navoiyning ijod boʻstonidan ilhomlanib…” (Toshkent, 2021) kabi monografiyalari “Fan”, “Oʻzbekiston”, “Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va san’at”, “Tafakkur”, “Choʻlpon” nomidagi nufuzli nashriyotlarida bosmadan chiqdi. Olimning qoraqalpoq va rus tillaridagi “Hamza hám qaraqalpaq ádebiy ortalıǵı” (Nókis, 1989), “Kewil kewilden suw isher” (Nókis, 1991), “Взаимное обогощение литератур” (Нукус, 1993) kabi kitoblari “Qaraqalpaqstan”, “Bilim” nashriyotlarida chop etildi. Uning qoraqalpoq, oʻzbek, turkman, rus tillarida nashr qilingan kitoblariga Qoraqalpogʻiston, Oʻzbekiston, Turkmaniston gazeta-jurnallarida shu respublikalarning taniqli olimlari tomonidan yuzga yaqin taqrizlar, maqolalar nashr etildi va ularda muallifning ilmiy tadqiqotlari uch xalq adabiyotshunosligiga qoʻshilgan munosib hissa sifatida baholandi.

Xususan, bu borada professor J.Qayirbayev olimning ilmiy faoliyati haqida “Úsh ádebiyat xızmetindegi alım” (Nókis, 1999), Z.Bekbergenova “Ádebiy baylanıslarımızdıń sheber izertlewshisi” (Tashkent, 2022) deb nomlangan kitoblari, K.Quramboyev tavalludining 70 yilligi munosabati bilan “Tilshunoslik va adabiyotshunoslik masalalari” (Toshkent, 2013) maqolalar toʻplami chop etildi.

Professor K.Quramboyev oʻz ona tilidan tashqari qoraqalpoq va turkman tillarini ham bilar, shu tillarda ham ijod qilar edi. Olim turkman mumtoz va zamonaviy adabiyoti, ayniqsa, Maxtumquli ijodi boʻyicha adabiy aloqalar aspektida turkman tilida fundamental ilmiy ishlar yaratdi. Uning ushbu masalalarga bagʻishlangan maqolalari Turkmanistonning markaziy gazeta va ilmiy jurnallarida nashr etildi.

2013-yilda Ashxobotda olimning “Magtymguly Garagalpagystanda” monografiyasi turkman tilida nashr etildi.

Taniqli olim Qoraqalpogʻiston va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shuningdek, “Ilim hám jámiyet”, “Sániyat”, “Tamaddun nuri” jurnallari tahrir hay’ati a’zosi sifatida koʻp yillar samarali mehnat qildi.

K.Quramboyev “Oʻzbekiston Respublikasi “Faxriy yorligʻi” (1994), “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi” (1999) faxriy unvoni, “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 10 yilligi” (2001), “Oʻzbekiston xalq ta’limi a’lochisi” (2009), “Qoraqalpogʻiston xalq ta’limi a’lochisi” (2012) koʻkrak nishonlari, Turkmaniston Respublikasining “Maxtumquli Firogʻiy” Xalqaro davlat mukofoti (2014), “Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 25 yilligi” esdalik nishoni (2017), “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni (2021) bilan taqdirlangan.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi marhumning oila a’zolari, qarindoshlari va yaqinlariga chuqur qaygʻu bilan hamdardlik bildirib, Ollohdan sabr tilaydi.

Samimiy va oqkoʻngil inson, mehribon ustoz, adabiy aloqalar va xalqlar doʻstligi fidoyisi Karimboy Quramboyevning porloq xotirasi uning yaqinlari, shogirdlari va hamkasblari qalbida mangu qoladi.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi