NASIB QILMAGAN UCHRASHUV (esse)
Ustoz, professor Karimboy Qurambayevning 80 yilligiga bagʻishlayman!
“Keksalarimizni ulugʻlamagan, kichiklarimizga mehribon boʻlmagan va olimlarimizni (haqini) bilmagan mening ummatimdan emas”
Hadisdan
Bu bir kam dunyoda Alloh taoloning xohishi va irodasidan boshqa narsa boʻlmas ekan! Hech oʻylamaganda, kutmaganda shunday voqea boʻlib tursa, koʻnglingdagi niyatlaring ushalmasa – undan ogʻiri yoʻq! Bir insonning jamiyatda yaxshi-yomon odamlar orasida, borliqda va yoʻqlikda, kasbu kor egallashida yuzlab odam xizmat qiladi. Kamol topib, voyaga yetib, kasbning egasi boʻlishda ayni shu darajaga olib chiqishda – ustozning oʻrni va xizmatlari benihoya ulugʻdir. Mening adabiyot tanishim va oʻzimning ilm yoʻlidagi mehnatlarimni amalga oshishida yuzlab odamlarning xizmati boʻlsa, ana shu odamlar ichida ustoz Karimboy Qurambayevning ham xizmatlari, mehnatlari beqiyos keladi. Eslayman, 2009-yil aspiranturaga Samarqandga yoʻl olayotganimda hujjat topshirish oldidan oʻzim oʻqigan dargohdan tavsiyanoma yozib olish muhimligini. Oʻshanda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti qoshidagi akademik litseyda ishlardim. Kuz oyi. Oktyabr oʻrtalari edi. Buni faqat professor Karimboy Qurambayevdan olish mumkin degan oʻy oʻtdi yodimdan. Nukus davlat pedagogika institutining eski binosiga kafedraga bordim. Hamma paxta terimiga ketgan. Ustoz kafedrada gazeta oʻqib oʻtirgan ekan. Tayyorlangan hujjatlarni ustozga koʻrsatdim. Oʻqib, u yer bu yerini toʻgʻirlab kelishimni tayinlayotib: “Samarqandga borayotgan boʻlsang, hujjatda xato boʻlmasin, shoshmasdan, sinchiklab tayyorlagin, olis yoʻldan borib kelish osonmi?” dedi. Mana shu yerda ustozning haqiqiy pandu nasihati haqida oʻylasam, ya’ni shoshma-shosharlik bilan ilmga kirib boʻlmaydi, sabru toqat, mashaqqat bilan erishiladi degan hikmat edi bu. Vaqt kam edi. Shosha-pisha koʻchadagi internet doʻkonlariga borib, tahrirlarni qayta ishladim. Tushlik ham boʻlib qolgan. Tushlikdan keyin telefon qilsam bir-ikki soatlarda uyida boʻlishini aytdilar. Shunday qilib belgilangan vaqtda uylariga bordim. Borganimda ustoz qoʻlida uzum parvarishlaydigan tok qaychi bilan uzumlarining meva tugmaydigan shox-shobbalarini qirqayotgan ekan. Hovlisi oldidagi taxta oʻrindiqda oʻtirdik. Yana bir boshdan koʻzdan kechirib, “Endi oʻxshabdi” dedi. Menga kimga shogird tushmoqchisan dedi. U yerda kafedra mudiri Hotam Umurov domla ekan, oʻsha kishining yonilariga boraman, niyatim aspiranturaga kirsam, nasib qilsa oʻsha ustozni ilmiy rahbar qilib tanlayman dedim. Shunday qilib suhbatimiz adabiyot haqiga koʻchdi. Bugungi adabiy jarayon va adabiyotshunoslik borasida yarim soat suhbatlashdik. “Hotamjonga salom aytgin, birga Toshkentda aspirantura paytlarimiz tez-tez uchrashib turardik, Matyoqub Qoʻshjonov, Ozod Sharafiddinov va koʻp-koʻp olimlar suhbatini olganmiz, maslahatlarini berishgan…” Shunday qilib ustozdan duo-fotiha olib Samarqandga yoʻl oldim. Mana shu voqeaga ham 13 yil boʻlibdi.
Biz ustoz bilan tanishuvimiz 2007-yil magistratura boʻlimida oʻqib yurganimizda boʻlgan. Tarjima va tarjima nazariyasiga oid monografiyalari, kitoblari birin-ketin nashr qilinayotgan kezlar edi. Ana shu kitoblarni oʻqib, bahs-munozaralar qilardik. Ustoz “Adabiy tanqid tarixi”, “Hozirgi adabiy jarayon”, “Adabiyotshunoslik nazariyasi metodologiyasi” fanlaridan ikki yil saboq bergandilar. Magistraturada kursdoshlarimiz jami 9 edik. Hammamiz oʻqishimizni kontrakt summalarini toʻlash uchun Nukus shahrida kimi maktab, yana birlarimiz akademik litseyda ona tili va adabiyot fanlaridan dars berardik. Oʻshanda ustoz ba’zi paytlari dars mashgʻulotlarini bizlarga moslashtirib, qoʻllaridan kelgancha sharoitimizga ham qarar, lekin talab va mas’uliyat – mustaqil oʻqish, ularni dars jarayonida tahlil qilishga katta e’tibor qaratardilar. Ayni shu mas’uliyat keyinchalik aspirantura saboqlarigacha davom etdi. Ustoz-shogird an’anasi, adabiyotshunoslik ilmining inja asrorlari, matn tahlili va muammo koʻlami xususida oʻzlarining beminnat saboqlarini ayamadilar. Har kuni kundalik yashash rejimiga amal qilish: ertalab turib, mutolaa qilish va maqola yozish, badan tarbiya va nonushta uygʻunligi, darslarni sifatli tashkil etish metodikasi ustoz Karimboy Qurambayevning hayotiy prinsiplarining eng birlamchisi edi. Bunday hayotiy aqidalarga hozir bizlar ham shunday amal qilib yashasak nur ustiga a’lo nur edi. Ustoz mutolaani kanda qilmas, hozirgidek telefon yoki internet vaqtlarimizning 40 foizini oʻgʻirlayotgan zamonda ham shunga doim talpinib, oʻz hayotiy aqidasidan voz kechmadilar. Mana shunday ibrat har birimiz uchun muhimdir.
80 yillik yubileylari oldidan Ellikqal’a tumani Boʻston shahrida uchrashuv oʻtkazib, kafedramiz bilan ustoz va yoshlar suhbatini tashkil qilishni rejalashtirgandik. Afsus, bu kun bizga nasib qilmagan uchrashuv boʻlib, xotiramizda qoldi.
“Kim ilm olish¬da sabr qilmasa, nodonligicha qoladi. Sabr qilsa, dunyo va oxi¬rat saodatiga erishadi” deydi ulugʻ salaflarimiz (Usmonxon Alimov ta’biri). Ilm xuddi igna bilan quduq qazishday gap. Ana shu mezonni ham ustozlarimiz oʻrgatishgan. Bunga amal qilgan zotki bor, kam boʻlmasligi aniqdir. Men ustoz Karimboy Qurambayev haqida Oʻzbekistonning turli viloyat, tumanlarida boʻlib iliq fikrlar koʻp eshitganman. Anjuman va yigʻinlarda Qoraqalpogʻistondan keldim desam, rahmatli Mengliboy Boʻronov, Eshboy Xoʻjaniyozov, Karimboy Qurambayev, bugun umrlari uzoq boʻlsin Yoʻldosh Ibragimov haqida doim maqtov va kamtarin olim, saxiy doʻst ekanligini faxru iftixor bilan aytadilar. Bu narsalarning ham odamga kuch va gʻayrat berishini doim his qilish lozim. Nukusga kelganimda toʻy-ma’raka, institut bilan bogʻliq yigʻinlarda koʻrishib qolsam, oʻsha voqealarni aytib berardim. Adabiyotga butun umri davomida xizmat qilib, oʻnlab olimlar kamol topishida, minglab filologlarning oʻz hayotlarini kasb egallab toʻgʻri tashkil qilishida beminnat saboqlarini bergan ustozning ana shunday insoniy fazilatlari har birimiz uchun ibratdir! Zero, tarix har birimizni oʻtmishdan xulosa chiqarishga oʻrgatadi, ustoz esa kelajakni xayrli amallar bilan barpo etishga, odamiylik va olimlikning uygʻun boʻlishiga, saxovatli hayot kechirishga oʻrgatadi. Ana shunday mehribon ustozimiz bergan ilmning foydasi koʻpga tatisin, oʻzgalarga ham saboq boʻlsin, oʻz taqdiri sari intilayotgan yoshlarimizga, tengqurlarimizga, oʻsib kelayotgan avlod yoʻlida nurdek porlab turishini Yaratgandan soʻrab qolamiz!
Xursandbek TOʻLIBOYEV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD),
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti ijtimoiy va gumanitar fanlar kafedrasi mudiri.