Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi ishchi guruhi oʻrganish ishlarini olib bormoqda

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ishchi guruhi a’zolari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda davlat inspeksiyasi Oliy ta’lim va oliy oʻquv yurtidan keyingi ta’lim muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻlimi boshligʻi R.Ruzmetov, Umumiy oʻrta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻlimi boshligʻi R.Ergashev, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boʻlimi boshligʻi I.Qunnazarov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri A.Narimbetov, Maktabgacha ta’lim vaziri G.Baxiyeva va mazkur vazirliklarning mas’ul xodimlari, shuningdek, institut rahbariyati, fakultet dekanlari, boʻlim boshliqlari, kafedra mudirlari ishtirok etishdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi «Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida belgilab berilgan vazifalaridan kelib chiqib amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Ishchi guruhi tomonidan pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarini tizimli rivojlantirish va ularda boshqaruv faoliyatini takomillashtirish, ilgʻor xorijiy tajribalarni joriy qilgan holda zamonaviy ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, yuqori malakali professional kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga koʻtarish, shuningdek, sohada ta’lim, ilm-fan va amaliyot uygʻunligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha ikki kunlik oʻrganish ishlari olib borilishi ta’kidlandi.

Ikki kun davom etadigan ushbu tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan umumiy oʻrta ta’lim maktablari hamda pedagog kadrlar tayyorlovchi pedagogika institutida yuqorida ta’kidlangan vazifalarning ijro holati hamda bu ishlarni kelgusida yanada takomillashtirishga qaratilgan vazifalarni belgilab olish maqsad qilingan.

Nukus DPI matbuot xizmati.