Xushxabar! Nukus DPI voleybol jamoasi Oʻzbekiston superkubogi gʻolibi hamda mutlaq chempioni boʻldi
Shu yilning 8-10-dekabr kunlari Toshkent shahrida voleybol boʻyicha xotin-qizlar oʻrtasida В Oʻzbekiston superkubogi musobaqasi boʻlib oʻtdi.
Musobaqada 2022-yilgi mavsum chempioni Qoraqalpogʻiston Respublikasining Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi hamda Oʻzbekiston kubogi gʻolibi Jizzax viloyatining Jizzax davlat pedagogika universiteti jamoalari oʻzaro oʻyin oʻtkazdi.
Quvonarlisi, oʻtkazilgan ikki oʻyinda ham Nukus DPI voleybolchi qizlari raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi – 3:0.
Shunday qilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi voleybol boʻyicha Oʻzbekiston superkubogi gʻolibi hamda mutlaq chempioni boʻldi.
Musobaqa yakunida Nukus DPI jamoasi a’zolaridan N.Reyimbayeva «Eng kuchli oʻyinchi», A.Joldasbayeva «Eng yaxshi hujumchi» nominatsiyalari boʻyicha ham gʻolib deya e’tirof etildi.
Jamoa a’zolaridan M.Yuldasheva, G.Nuranova, G.Qulimbetova, U.Toliyeva, I.Xojibayeva hamda H.Taumuratovalarning koʻrsatgan ajoyib oʻyinlari bugungidek natijani qoʻlga kiritishga asos boʻldi.
Musobaqaga jamoani sport ustasi Azat Kazakov hamda oliy toifali murabbiy Atabek Kazakovlar tayyorladi.
Nukus DPI matbuot xizmati.