AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

MUROJAATNOMA: BARCHA EZGU MAQSADLARGA MUKAMMAL TARBIYA ORQALI ERISHILADI

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-dekabr kuni Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi – mamlakatimiz hayotida muhim tarixiy voqea boʻldi.

Murojaatnomada oʻtgan va joriy yilda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy hayotida olib borilayotgan islohotlarning asosiy koʻrsatkichlari, shuningdek, kirib kelayotgan yangi yilda oldinga qoʻyilgan maqsad va vazifalar hamda tavsiyalar keng tahlil qilindi.

Keyingi yillarda Prezidentimiz ma’ruzalari qaysi sohaga qaratilmasin, deyarli barcha chiqishlarida bugungi yoshlar tarbiyasi masalasi keng oʻrin oladigan va davlat siyosatining bosh masalasi sifatida ham eng koʻp muhokama qilinadigan dolzarb mavzuga aylandi.

Prezidentimizning joriy yilgi Murojaatnomasida yoshlar tarbiyasi xususida quyidagi fikrlar bayon etildi:

1. Xalqaro munosabatlarda oʻzaro ishonch kamayib, qarama-qarshilik va mojarolarning ortishi barqarorlik va rivojlanishga jiddiy xavf solmoqda. Afsuski, bunday xavf-xatarlar bizni ham chetlab oʻtmayapti;
2. Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi pogʻonaga olib chiqish uchun jamiyatimiz oʻzgarishi kerak. Agar shunday qilmasak, muammolarni koʻrib, koʻrmaslikka olsak, zamondan orqada qolamiz. Xalqimiz, … yosh avlodimiz bizdan rozi boʻlmaydi;
3. Biz Oʻzbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlashni ustuvor vazifa etib belgiladik. Bu bebaho boyligimiz – bunyodkor xalqimiz, duogoʻy ota-onalarimiz, navqiron avlodimizdir!;
4. Har qanday davlat vakillari oʻzining halol mehnati, oddiyligi, xalqsevarligi, samimiyligi va fidoyiligi bilan odamlarimiz mehrini qozonishi kerak;
5. “Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”;
6. Butun xalqimizga qarata aytmoqchiman: eng bebaho oliy ne’mat – tinchligimiz va osoyishtaligimizning qadriga yetaylik, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimizning baxtu kamoli uchun bu ulugʻ boylikni asrab-avaylaylik!;
7. Biz yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga yanada koʻproq ahamiyat berishimiz zarur. Yosh avlodimizni ana shunday barkamol, el-yurt uchun fidoyi insonlar qilib tarbiyalashda… biz muhtaram ustozlarimizga tayanamiz;
8. Millatlararo doʻstlik, diniy konfessiyalar oʻrtasidagi hamjihatlik, ijtimoiy bagʻrikenglik muhitini yanada mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz;
9. Butun dunyoda kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlar, afsuski, bizni ham chetlab oʻtmayapti. Lekin takror aytaman, musulmon ummatiga saboq bergan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ulamolar yetishib chiqqan bizning diyorimizda bu borada adashganlar, radikalizm va ekstremizm gʻoyalariga berilganlar boʻlishi mumkinmi?;
10. Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzgʻunchi yot gʻoyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma’rifat oʻrnini jaholat egallashiga yoʻl qoʻymaymiz. Buning uchun nafaqat mas’ul tashkilotlar, balki barchamiz birgalikda muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini ochib berish, farzandlarimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash boʻyicha ish olib borishimiz zarur;
11. Biz qadimiy va boy tariximizni, ayniqsa, gʻoyat ogʻir sharoitda ilm-ma’rifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat gʻoyalarini dadil koʻtarib chiqqan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqur oʻrganishimiz, ularning ulugʻ maqsadlar yoʻlidagi mardona kurashi va fidoyiligi Yangi Oʻzbekistonni qurishda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat maktabi boʻlib xizmat qilishi zarur;
12. Bir tanu bir jon boʻlib harakat qilsak, men ishonaman, el-yurtimiz intilayotgan Yangi Oʻzbekistonni, albatta, barchamiz birgalikda bunyod etamiz.

Koʻrinib turibdiki, Murojaatnomada Prezidentimiz qayta-qayta aynan yoshlar tarbiyasiga keng toʻxtaldilar. Haqiqatdan ham, hozirgi tez sur’atlar bilan avj olayotgan globallashuv jarayonida mamlakatimiz oʻz oldiga ezgu maqsadlar bilan taraqqiyotning yangi davriga qadam qoʻymoqda. Bu esa, bugungi yoshlar bilan bevosita ishlashadigan ta’lim-tarbiya muassasalarining barcha boʻgʻinlarida faoliyat yuritayotgan mas’ullarga, jamoat tashkilotlari xodimlariga hamda unib-oʻsib kelayotgan yurtimizning ertangi kun egalari boʻlgan yoshlarga juda katta talablarni qoʻymoqda.

Bunday sharoitda oliy ta’lim muassasalari xodimlaridan har qachongidan koʻra fidoiylikni, koʻproq oʻqib izlanishlikni, yangi davr boʻsagʻasida yoshlarimizga haqiqiy ma’noda ustozlik qilib, toʻgʻri yoʻnaltira olishlikni, eng asosiysi, ibratli ustoz sifatida shaxsiy namuna boʻlishlikni talab qilmoqda.

Murojaatnomada Oliy ta’lim tizimiga qoʻyilgan vazifalardan kelib chiqib, yoshlarimizda axborot va kommunikativ madaniyat, ijodiy, kreativ, innovatsion rivojlanish qobiliyati, kasbiy munosabatlar kompetensiyalari va liderlik fazilatlari bilan birga Vatanga sadoqat, mustahkam mafkuraviy immunitet va mas’uliyat hissinini tarbiyalashni talab etmoqda. Zero, dunyoda roʻy berayotgan ma’naviy yemrilishlar, azaliy milliy qadriyatlarni qadrsizlantiruvchi «ommaviy madaniyat», informatsion xurujlar, axloqsizlik falsafasi, ekstremizm, missionerlik, separatizmni targʻib etuvchi saytlar, turli shoular, koʻngilochar koʻrsatuvlar va musiqiy kanallar bugungi global va lokal ma’naviy hayotimizning ob’yektiv manzaralariga aylanib ulgurdi.

Ta’kidlash lozimki, bugun dunyoda mana man degan eng buyuk davlatlar ham ma’naviy-madaniy hayotda yuz berayotgan inqiroziy jarayonlarga mutaxasislar tomonidan favqulodda holat deb, e’tirof qilinmoqda. Dunyoga mashhur siyosatchilar – Gʻarb dunyosi halokot tomon borayotganligini qaygʻu bilan qayd etayotgan amerikalik taniqli siyosiy sharhlovchi P.J.Byukenenning soʻngi yillarda e’lon qilingan kitoblari sarlavhalarining nomlanishi hammani ogohlikka chorlaydi. Masalan: «Buyuk xoinlik: Amerika suvereniteti va ijtimoiy adolat global iqtisodiyot tangrisiga qurbon etilgani haqida», «Gʻarbning halokati: aholining kamayishi va muhojirlikning kuchayishi mamlakatimiz va tamaddunimizga qanday tahdid solmoqda», «Oʻnglarning soʻllarga aylanishi», «Gʻarbning xalokati» kitoblarida AQSHda vujudga kelgan vaziyatni chuqur va atroflicha tahlil etar ekan, muallif oʻz yurtining tanazzulini, avvalo, yoshlar tarbiyasi mutlaqo qoʻldan chiqib ketayotganligi, madaniyatining yemirilayotganligini, azaliy urf odatlarning yoʻqolayotganligini, asrlar davomida e’zozlab kelingan qadriyatlarning toptalayotganligi bilan bogʻlaydi.

Shunday ekan, bugun davr bizdan, xususan, ziyolilardan “Yangi Oʻzbekistonni, Yangi Qoraqalpogʻistonni bunyod etishimiz uchun yoshlarimizda qaysi fazilatlarni kuchaytirib, qaysi illatlarga chek qoʻyishimiz kerak?”, “Hozirgi murakkab mafkuraviy globallashuv zamonida xalqimiz, yoshlarimiz ma’naviy hayoti qanday kechayapti?”, “Qanday qilib internet va yuksak texnologiyalar asrida yoshlarimiz tarbiyasi va milliy ma’naviyatimizni saqlab qolib, yuksaltiramiz?”, “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan qanday kurashishimiz kerak?”, degan savollarga oila, mahalla bilan bir qatorda ta’lim muassalarida faoliyat koʻrsatayotgan ziyoli qatlam ham javob berishi va yoshlarimizni bunyodkor ishlarga da’vat qilishi lozimdir.

Darhaqiqat, dunyoning eng rivojlangan davlatlari Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya tarixiga qarasak, yoshlar tarbiyasi hamda milliy ma’naviyatini saqlab qolish borasidagi umummilliy xalq safarbarligi, vayronaga aylangan bu mamlakatlarni yuksak rivojlangan davlatga aylantirdi. Hech kim chetdan kelib ularni baxtli qilgani yoʻq. Ular oʻz baxtini oʻz qoʻllari bilan, aqli, innovatsiyalari, yuksak ma’naviyati hamda mas’uliyat va fidoyiliklari bilan yaratishdi.

Shunday ekan, ta’lim muassasalarida, xususan, institutimizda yangi 2023-yilda yoshlar tarbiyasi masalasi tez orada tasdiqlanadigan «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili» Davlat dasturida belgilangan jarayonlar bilan uygʻun boʻlishligi talab etiladi.

Prezidentimizning Murojaatnomasida yoshlar tarbiyasi yoʻnalishida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, institutda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan quyidagi taklif va tavsiyalarimizni keltirib oʻtishni ma’qul topdik:

1. Prezidentimizning Murojaatnomada tizimimiz oldiga qoʻygan masalalar mohiyatini chuqur oʻrganib, anglagan holda har bir xodim belgilangan vazifalarga mas’uliyat va fidoiylik bilan yondashish;
2. Ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlar, nafaqat Murojaatnoma mazmunini, balki yurtimizda hamda dunyo hamjamiyatida roʻy berayotgan voqealar mazmunidan xabardor boʻlib borishligi va voqealar mohiyatini chuqur tahlil qilgan holda dars mashgʻulotlari davomida yoshlarimizga birinchilardan boʻlib toʻgʻri hamda aniq yetkazishi;
3. Institutimizda inson shaxsi, uning sha’ni va qadr-qimmatini ulugʻlashga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirish, shuningdek, har qanday boʻgʻindagi rahbar oʻzi boshqarayotgan jamoada (sogʻlom ijtimoiy ma’naviy muhit barqarorligi, jamoaning ogʻzaki yoki yozma murojatlari, har xil jinoyatchilik yoki huquqbuzarliklar, korrupsiya illati kabi holatlarda) tasarrufidagi oʻsha xodim bilan birday mas’uliyatni oʻz zimmasiga olishi;
4. Ijtimoiy-gumantar fanlar yoʻnalishidagi kafedralar oʻqituvchilarning ishchi fan dasturlari va ma’ruza matnlari mazmunini yiliga bir marotaba emas, balki bugungi islohotlar, yoshlar tarbiyasiga qoʻyilayotgan zarur talablar asosida doimiy yangilab, boyitib borish;
5. Barcha fakultetlarda talabalarda Vatanparvarlik, millatlararo doʻstlik, mehnatsevarlik, fidoyilik, mas’uliyatlilik, milliy qadriyatlarimizga mehr, Ona yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini asrash kabi bunyodkor gʻoyalarga asoslangan innovatsion, ta’sirchan tadbirlarni tizimli tashkil qilish;
6. Ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan barcha ziyolilar Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan davlat siyosasatini nafaqat jamoada yoki auditorida, balki xalqimiz orasida ham eng faol va tashabbuskor targʻibotchisi boʻlishligi lozim.

Xulosa oʻrnida ta’kidlaymizki, bugungi shiddatli davrning oʻzi yoshlar tarbiyasi masalasida ilgari qoʻyilmagan yangi vazifalarni amalga oshirishni talab qilmoqda. Ya’ni, ilgari talabalarga Vatanparvarlik, shukronalik, milliy gʻoya, buzgʻunchi va bunyodkor gʻoyalar toʻgʻrisida bilim berish bilan cheklanib kelingan boʻlsa, endilikda ularni oliy maqsadlarga yoʻgʻrilgan bunyodkor gʻoyalar asosidagi bilimlarini hayotda qoʻllay bilishni ham oʻrgatishni talab etmoqda.

Haqiqatdan ham, Prezidentimiz Murojaatnomada ta’kidlaganidek, “Har qanday buyuk taraqqiyotga – faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi”. Mana shunday ezgu maqsadlar yoʻlidagi fidokorona faoliyatimizda barchamizga omad, ishlarimida muvaffaqiyatlar boʻlaversin!

Quvondiq Qodirov,
Nukus davlat pedagogika instituti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha I prorektori.