AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

“BU BOGʻLARDAN BIZLAR OʻTDIK…”

Oʻzbekiston Xalq shoiri, Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati Omon Matchon tavalludining 80-yilligi oldidan

Parvoz et, yuksal! Qoʻrqma, hali hech kim boshini osmon toqiga urib olgan emas… Lekin yuksalmoqdan maqsad – oyoqlaring ostini yaxshiroq koʻrish ekanini unutma!

Omon MATCHON,

Oʻzbekiston Xalq shoiri

Oʻzini Navoiy, Bobur, Ogahiy, Komil Xorazmiy izdoshlariman degan har qanday ijodkor oʻzidan oldingi ustozlariga hamisha ehtirom va hurmat bilan qarashadi. Oilada – Otaning oʻrni qanchalik ulugʻ boʻlsa, jamiyatda, ijtimoiy hayot muhitida Ustozning oʻrni ham shunchalik muqaddas va e’zozdadir! Mana oʻzbek va qoraqalpoq, nainiki turkiy adabiyotda oʻz soʻziga ega, oʻz ovoziga ega oʻnlab ijodkorlarni bergan muqaddas zaminning bir soʻz bilan aytganda otashqalb shoiru shoiralari bor. Bular qatorida men Oʻzbekiston Xalq shoiri Omon Matchonning bolaligimizdan yod boʻlib ketgan, she’rlari qoʻshiqlarga aylanib ulgurgan va har bir xonadonda sevib tinglanadigan radioning qulogʻini buraganimizda “Umr oʻtar, vaqt oʻtar” deya Otajon Xudoyshukurov, Ortiq Otajonovlarning mayin va sehrli ovozidan kimdir ishga, kimdir oʻqishga maktabga joʻnardi. Otamiz ham uy ishlarini qilayotganda “Umr oʻtar, vaqt oʻtar”ni xonish qilib, dala ishlarini qilib ishga joʻnaganlari kechadigek esimda.

Ellikqal’aning muqaddas tuprogʻiga qadam qoʻygan ijodkorlar koʻp boʻlgan. Shular orasida baland pardalarda she’rlar aytgan, Oʻzbekiston Xalq shoiri Omon Matchanovning ham mana shu bogʻlardan oʻtganini hech kim unutishga haqqi yoʻq. Bogʻ deganda men Navoiylar, Boburlar, Fuzuliy, Xorazmiy, Mashrab, Ogahiy kabi oʻnlab ijodkorlarni nazarda tutyapman. Ayni shu dargʻalar oʻtgan adabiyot bogʻining bulbulgoʻyo shoirlari haqida soʻz borganda Choʻlpon, Abdulla Oripov, Omon Matchon kabilar ham koʻz oldimizda zohir boʻladi. Shoirning goh orifona, goh mashrabona lirik she’rlarida oʻzining ulkan qalb egasi va donishmand bir zot ekanligini his etajakmiz:

Bu bogʻlardan bizlar oʻtdik,

bizim izdan kimlar oʻtar?!

Bu yoʻllarga bizlar yetdik,

vafo falak, kimlar yetar?!

Ey odamzod, qalbingdagi

chamanlarning holin soʻra!

Ogʻiz ochding maqsad uchun

soʻzlaringning bolin soʻra!

Shoirning ertangi avlodga qoldirgan eng oʻtkir soʻzi ham aslida shudir! Negaki, oldingi ustozlardan koʻngli toʻlgani, va, kelajakka qoldirgan meros soʻzning ahdga vafo qiymatidan kuyinmoqda. Soʻz qadrining hozirgi ahvolotidan birda ruhi tushsa “Bu bogʻlarning fayzi, tarovati, ehtiromi”ni shu qadar falsafiy rakursda ulugʻlaydiki, uni boshqalarga ham oddiy tilda tushuntirishga intilayotganida koʻrinadi. Shundayki, bu bogʻlardan oʻtish mumkin, lekin qanday oʻtishda, nimani yozib qoldirishda, muhimi insonlik va shoirlik qismatining bir xilligida, maddohlikdan emas, mazmundan xulosa chiqarib yashashda deb biladi. Ha, shunday qismat bilan Alloh taoloning “Vafo falak, kimlar yetar” deya osmon qadar yuksak tuygʻularni anglatayotganida namoyon boʻladi.

Adil toqqa suyanganlar,

qoʻllardagi toshlar nechun?!

Egilmasa Haqqa boʻyning,

gʻurur nechun, boshlar nechun?!

Nazar etgil, yoshu keksa

bir malhamga zordir bu kun.

Gʻazabni qoʻy, faqat mehr,

faqat mehr kordir bu kun!

Mazkur she’r yozilganida Oʻzbekiston endi mustaqillikni qoʻlga kiritib, 1 yillik bayramini nishonlagan vaqtlar edi. 70-yil qaramlikda yashagan Vatanimiz mustaqilligini va oʻz sarhadlarini toʻgʻri aniqlab olishda qanchadan-qancha ijodkorlar, siyosatchilar mehnat qilayotgan davrlarga toʻgʻri keladi. Mana shu vaqtlari shoir samimiyati, Haqning Farmoniga itoat etishni komillikning yuksak namunasi deb biladi. Gʻazabning oqibati faqat ziyondir, sabr-matonat chinakam musulmonning ishi deya oʻzini ham oʻzgalarni ham inontiradi. Demak, shoir bu she’rni yozgan vaytlari ellik yoshga qadam qoʻyish arafasida boʻlgan. Navoiy, Bobur oʻsha yoshda qanday balandlikka chiqqan boʻlsa, Omon Matchon ham ayni balandlikni qoʻmsab, oʻzini kuchli zehniyatini turli xil she’rlarida ifodalay oladi. Chunki shoirga davr emas, davrga mavzu berishi lozim degan bir aqidani teran his qiladi. “Biz oʻtib borayotgan bu bogʻlar”ning ertangi kuni qanday boʻlishi, kelajakning oʻsib-ulgʻayayotgan bolalariga qarata aytilgan ibratli hikmatlari deb tushunish lozim boʻladi…

Shoir she’riyatidagi mavzu-mundarijani Naqshbandiya tariqatining buyuk pirlaridan boʻlgan Bahovuddin Naqshbandning falsafiy-estetik olami “Qoʻling ishda, diling Allohda boʻlsin” mazmunidagi oʻlmas ibratiga hamohang tarzda bitilgan koʻplab namunalarni uchratish mumkin:

Men bosgan qadamni yerim tushundi,

Har bir nafasimni she’rim tushundi.

Tilimda gohi gul undi, goh tikan,

Lekin har soʻzimni elim tushundi.

Mazkur toʻrtlikdagi inson (shoir) qalbini tushunish borasida juda nozik oʻxshgatish keltiradi. Shoir hech bir odam tushunmasa ham, elimning tushunishini ulkan baxt deb, biladi. Bular nihoyatda juda oʻziga xos tasvir yoʻsinlari boʻlib hisoblanadi. Insonning har bir nafasini oʻzi (she’ri)dan boshqa kim tushunishi mumkin? She’rlarida Alloh tilga olinarkan, Haq taoloning Ulugʻligini, Uning sifatlarini teran idroklaydi. Qoʻl va til, dil birligi shoirga katta yoʻl ochadi.

Omon Matchonning ijodida falsafiy-ramziy ma’no kasb etgan “Qush tili” dostoni alohida sahifani tashkil etadi. Shoir 1990-yil yozgan “Qush tili” nomli doston yozadi. Dostonni Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asaridan ilhomlanib, shu ohangda bitgani aniq. Chunki dostonning syujeti va kompozitsiyasi qushlarning zamonaviy munozarasi bilan bezanadi. Navroʻz – yana oʻz asliga qaytgani, bahor kelishi bilan issiq olis oʻlkalardan qushlarning uchib kelishi, 1939-1940-yilarda Oʻzbekiston hududida yovvoyi qushlarni otish boʻyicha maxsus qaror chiqarilishi oqibatida qushlar turi qirilib ketadi. Bu qaror tabiatga katta talofot yetkazadi. Hamma yoqni zararkundalar bosib ketadi. Tabiat muvozanatiga jiddiy putur yetadi. Shoir bu dostonni juda falsafiy-ramziy boʻyoqlarda ifodalaydi:

“Olaqargʻa moxov odatingni qoʻy,

Kel davraga qoʻshil, bugun ulkan toʻy…”

Olaqargʻa zimdan chumchuqqa qarab,

Birdan uchib ketdi sirli qar-qarlab.

Chumchuq ham pir etib tislandi chetga,

Bekindi yaqinroq joyda, xas-choʻpga.

Qush tili – Navoiy idroklaganidek, hayot va mamot ramzidir. Ayniqsa, har bir qushning darajalari nafs va iymon, Allohni tanish, Haqni jamoli sari talpinish bobida kechgani sir emas! Omon Matchon – Oʻzbekistonning endigina mustaqil boʻlish arafasidagi haqqoniy bahosi, “Qush tili”da insonlar shaxsiyatidagi oʻzaro koʻra olmaslik, nafrat va gʻazab, Haqning sifatlarini toʻgʻri talqin qilish, oʻz mamlkatiz daxlsizligini koʻz qorachigʻiday asrash, sotqinlar, xoinlarga yoʻl bermaslik masalasi ham yorqin ranglarda namoyon etiladi. Chumchuq va Olaqargʻaning Bulbulning bolalariga qilayotgan zugʻumlari ham goʻzal tashbehlarda ochiqlanadi. Dostondagi syujet liniyalari ham juda tartibli va bir-biriga bogʻliq holda bayon etiladi. Doston Alisher Navoiyning munrojaati bilan yakun topadi. Navoiyning qator va qator aziz avliyolarni, sarkarda-yu, shoirlarni, tarixchilarni nomma-nom sanab, Omon Matchon bularni bir ipga tizilgan marjondek xotimalaydi. Ayni dostonni mutolaa qilganda, mana shu oʻtkir estetik va ramziy jihatlar butunicha yuzaga chiqadi.

Shoirning 80-yillari yozgan koʻpchilik she’rlarida falsafiy-psixologik lirika kuzatiladi. Ruhiy balandlik hali qirq yoshga toʻlgan Omon Matchon tuygʻalarida xuddi ulugʻ bir maqsadni, milliyatni sevishida oʻzaro doʻstlik, birodarlik kayfiyatida zohir boʻladi:

Tenglik yoʻq joylarda yomondir qismat,

Tili omon boʻlsa oʻlmaydi millat.

Dunyoda hech bir xil qurolda qudrat,

“Tinchlik” soʻzin yozgan qalamcha yoʻqdir.

She’r tagiga 1986-yil imzosi qoʻyilgan. Qariyb qirq yilgari yozilgan she’riy kayfiyatda turkiy xalqlarning ahilligiga ishora qilinmoqda. Demak, oʻsha vaqtlari shoir she’rlarida falsafaning teran bir ifodasini koʻramiz. Ayniqsa, “Tinchlik” soʻzi she’rda har bir bandni bezab, oʻquvchini shoir ruhiyatiga teranroq kirishga undaydi.

Shoirning Alisher Navoiy gʻazaliga bogʻlab yozgan muxammasi “Avvalgʻilarga oʻxshamas” radifli gʻazalidan bino boʻlgan. Shoir she’rlaridagi ilhom parisi avvalo, oʻzining Alloh tomonidan berilgan yorqin iste’dodi boʻlsa, bu iste’dodga yanada nur va shijoat bagʻishlagan zot Navoiy ekanligi sezilib turadi. Ijodga bundoq ichkaridagi yonib turgan olov – nuriga diqqat qilsangiz, hammasi ayon boʻladi:

Charx avzoyi bu dam avvalgilargʻa oʻxshamas,

Kotibu davru raqam avvalgilarga oʻxshamas,

Endi inson qadri ham avvalgilarga oʻxshamas,

Koʻnglum ichra dardu gʻam avvalgilarga oʻxshamas,

Kim ul oyning hajri ham avvalgilarga oʻxshamas.

Muxammasning har bir bandi gʻazalning har bir baytiga moslab 7 banddli bir goʻzal she’riy asar yuzaga keladi. She’rdagi tashbeh, talmeh, kitobat va shunga oʻxshagan she’riy san’atlar oʻziga xos tarovat bagʻishlaydi. Nafs va ruh ziddiyatining sira chiqisha olmasligi, muhimi insonlik ulugʻ ne’mat ekanligini oʻquvchilarga oddiy tilda tushuntirish Omon Matchon qalbidagi latif soʻzlarni yuzaga chiqaradi.

Umuman, qaysi mavzuda, qanday ruhiy kechinmada soʻz aytmasin, shoir talqinida Oʻzbekiston birligi, odamlarning ahilligi, qonu qondoshligi, doʻst va inoqli, mehr va vafo tushunchasining ulugʻlanishi oʻz tajassumini topgan. Biz aynan bugun shoir qalbida soʻz javhari orqali paydo boʻlgan yuzlab dilbar she’rlarini oʻqiganimizda yuqoridagi mulohazalarning tirik shohidi boʻlamiz. Zero, har qanday zamonda ijod ahli uchun yagona konsepsiya mavjud – Allohni tanish va uni oʻz tasavvuri bilan tushuntirishdir. Buni qay tariqa uddalaganini boshqada adabiyotshunoslar oʻzlarining qurbi idrokicha kashf etishini hali yillar isbotlab berar…

Xursandbek TOʻLIBOEV,

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining ijtimoiy va gumanitar fanlar kafedrasi mudiri, filologiya fanlari boʻyicha falsafa (PhD) doktori.

Ellikqal’a tumani, Boʻston shahri.

15-16-yanvar, 2023-yil