Vazir oʻrinbosari talabalar turar joylarining qurilish-ta’mirlash ishlarini koʻzdan kechirdi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining oʻrinbosari Sarvarxon Buzrukxonov Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida amalga oshirilayotgan talabalar turar joylarining qurilish-ta’mirlash ishlari bilan tanishdi.

Ayni paytda institutda talabalarni turar joy bilan ta’minlash, ularni yotoqxonalar bilan qamrab olish ishlarini yaxshilash maqsadida 5 oʻrinda, umumiy 1550 oʻrinlik talabalar turar joylarining qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Institutning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan 23 milliard 704 million soʻm ajratilib, yangidan 500 oʻrinlik yotoqxona qurilmoqda. Shu bilan birga, institut bosh binosi yonidagi 100 oʻrinlik hamda Ellikqal’a pedagogika fakultetining 150 oʻrinlik talabalar turar joylari ta’mirlanmoqda.

Shuningdek, institut kampusidan davlat-xususiy sheriklik asosida 23 milliard 200 million soʻmga 400 oʻrinlik yangi talabalar turar joyining qurilish ishlari yuqori sur’atda amalga oshirilmoqda. Talabalarni turar joy bilan ta’minlashda tadbirkorlik sub’yektlari bilan samarali hamkorlik oʻrnatilgan boʻlib, buning yorqin ifodasi sifatida tadbirkorning oʻz balansidagi binoni qayta ta’mirlash orqali 400 oʻrinlik yotoqxonaga aylantirib, foydalanishga topshirishni rejalashtirayotganini ta’kidlash joiz.

Vazir oʻrinbosari ushbu ob’yektlarda boʻlib, qurilish korxonalari rahbarlari hamda tegishli mas’ullar bilan suhbatlashdi. Qurilish-ta’mirlash ishlarini koʻzdan kechirib, talabalarga qoʻshimcha sharoitlar yaratish, qurilishni sifatli qilib oʻz vaqtida yakunlash boʻyicha tegishli topshiriqlar berdi.

Nukus DPI matbuot xizmati.