AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Nukus davlat pedagogika instituti talabalari va magistrantlarining «Yoshlar parvozi» nomli koʻrgazmasi ochildi

Shu yilning 17-21-aprel kunlari respublikamiz boʻylab xalqaro an’anaviy «Tasviriy va amaliy san’at festivali» oʻtkazilmoqda.

17-aprel kuni poytaxtimiz Nukus shahridagi Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi Koʻrgazma saroyida festivalning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Festival Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Tasviriy san’at va texnologik ta’lim fakulteti tasviriy san’at va muhandislik grafikasi ta’lim yoʻnalishi talabalari, shuningdek, magistrantlarining ijodiy ishlaridan iborat «Yoshlar parvozi» nomli koʻrgazma bilan boshlandi.

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosari R.Zarikeyev ishtirok etib, yigʻilganlarni an’anaviy ijod bayrami bilan tabrikladi.

Festivalni oʻtkazishdan asosiy maqsad milliy tasviriy hamda amaliy san’atimizning boy meroslarini, zamonaviy tasviriy san’atning yutuqlarini xalqimizga tanishtirish, yosh iqtidor egalarini qoʻllab-quvvatlash, mashhur musavvirlarning ijodiy imkoniyatlarini tomoshabinlarga yetkazish, bu orqali xalqimizni, shu jumladan, yoshlarimizni ona Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ularni tasviriy san’atga boʻlgan qiziqishlarini oshirishdan iborat.

Ma’lumot oʻrnida ta’kidlash joiz, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonovning shu yilning mart oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi talabalar bilan oʻtkazilgan uchrashuvida yoshlarning ijodiy ishlaridan iborat koʻrgazmalar, galereyalarni muntazam tashkil etish, ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha topshiriqlar bergan edi.

Koʻrgazmadan institut talabalari hamda magistrantlarining 140 dan ziyod tasviriy va amaliy san’at namunalari, ijodiy ishlari joy olgan.

Koʻrgazma oʻz ishini davom ettirmoqda.

Nukus DPI matbuot xizmati.