GʻOYAVIY TARBIYA – YANGI OʻZBEKISTON STRATEGIYASINING USTUVOR YOʻNALISHI SIFATIDA
Yoshlar tarbiyasini zamonaviy asosda, ilmiy-texnologik talablarni hisobga olib isloh qilish, takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar uni bugungi kun ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ilmiy va ma’noviy asosda shakllantirishni taqozo etmoqda. Tarbiyaga yangicha, tizimli yondashuv, bolaga tayanch fazilatlarni shakllantirishda oila, maktabgacha ta’lim, umumiy ta’lim, oʻrta maxsus kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari, mahallalarning ijtimoiy-pedagogik imkoniyatlarini toʻliq yuzaga chiqarish va ular orasida ilmiy-metodik uzviylikni yangi darajaga koʻtarish lozim.
(Sh.M.Mirziyoyev. Yangi Oʻzbekiston Strategiyasi. 290-bet)
Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot bosqichida jamiyatning gʻoyaviy birlashuvi zaruratini bugungi kundagi global oʻzgarishlar sharoiti bilan belgilash mumkin. Dunyo miqyosida geosiyosiy maydonidagi oʻzgarishlar, tamaddaunlar toʻqnashuvining tezlashib, axborotlashuv jarayonining kengayib borishi oqibatida sodir boʻlayotgan gʻoyaviy-mafkuraviy tahdidlar, axborot-psixologik xurujlarga qarshi kurash borasida jiddiy fikrlashni taqozo etmoqda. Insoniyat oʻtmishidan ma’lumki, bir xalqni oʻziga tobe qilishni istagan kuchlar, avvalo, uni oʻzligi, tarixi, madaniyati va ma’naviyatidan judo qilishga e’tibor qaratishgan. Zero, ma’naviyati zabt etilgan har qanday xalqda oʻz tartiblarini oʻrnatish mustamlakachilarning azaliy, tarix sinovidan oʻtgan an’anaviy maqsad boʻlib keldi. Ma’naviy istilochi mamlakat ma’nan qashshoq xalqni bora-bora oʻziga singdirib yuborishni, buning uchun oʻz mafkurasi va gʻoyalarini ular orasiga joriy etish, madaniyatiga rahna solish orqali ma’naviy jihatdan taraqqiy etishiga yoʻl qoʻymaslikni oʻz siyosatining asosiy masalasi deb qaraydi. Bu haqda bundan 2700 yil oldin yashagan qadimgi Xitoy donishmandi Konfutsiy “…agar biror mamlakatni zabt etib, u yerda uzoq hukmronlik qilmoqchi boʻlsangiz, dastavval oʻsha yerda yashayotgan xalqni oʻz tarixi madaniyatidan mahrum eting, ma’naviy qashshoqlik holatiga uchragan xalq uyushmaydi, ichki nizolar girdobiga oʻraladi, sizga qarshilik koʻrsata olmaydi. Bunday holga kelgan xalqni, mamlakatni idora qilish oson kechadi”, – degan edi. Darhaqiqat, ma’naviyati izdan chiqqan mamlakatda ommaning olomonlashuvi, siyosiy manqurtlik, loqaydlik avj olishi oqibatda xalqning milliy oʻzligi, gʻurur-iftixori, milliy qadriyatlari asta-sekin zaiflasha boradi. Oqibatda bunday mamlakatni, uning xalqini mustamlakachilik kishanlarida ushlab turish, itoatkor qulga aylantirish ancha oson va “silliq” kechadi. Globallashuv mafkura poligonlarida gʻoyaviy–mafkuraviy kurashning tobora avj olishi yoshlar ongi va qalbini ekspansiya etishga qulay zamin yaratmoqda.
Zero, axborot xurujlarining oqibatlari muayyan mintaqa va mamlakat aholisi ongi va qalbini zabt etishda asosiy va eng katta rentabelli ekspansiya sifatida namoyon boʻlmoqda. Mana shunday murakkab vaziyatda jamiyatni milliy gʻoya atrofida birlashtirish, Yangi Oʻzbekistonni barpo qilishning taraqqiyot strategiyasi talablariga mos bunyodkor ishlarga safarbar qilish, dunyoda kechayotgan murakkab mafkuraviy jarayonlardan ogohligini kuchaytirish doimiy zaruratdir.
Yangi Oʻzbekistonda milliy gʻoya targʻiboti mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy siyosatning asosiy tamoyil va ustuvor yoʻnalishlariga mos boʻlib, hozirgi globallashuv va ma’naviy tahdidlar tobora kuchayib borayotgan davrda aholi, ayniqsa yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, xalqimizni milliy gʻoya asosida birlashtirish, bunyodkor ishlarga safarbar qilish, Vatan ravnaqi hamda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik ruhida tarbiyalash bilan bogʻliq dolzarb vazifalar va ularni hal etish yoʻllari, keng jamoatchilik, davlat va nodavlat tashkilotlar, oila, mahalla, ta’lim muassasalarining bu boradagi roli va ahamiyatini, oʻzaro hamkorligiga tayangan holda amalga oshirilishini belgilab berdi.
Ma’lumki, hozirgi vaqtda mafkuraviy vositalar orqali oʻz ta’sir doirasini kengaytirishga intilayotgan siyosiy kuchlar va harakatlar keskinlashib, yoshlarimiz ongi va shuuriga salbiy ta’sir qilmoqda. Bu yovuz kuchlar, ayniqsa, yoshlarning qalbi va ongini oʻzlariga ma’qul boʻlgan gʻoya bilan egallashlari, ya’ni buzgʻunchi gʻoyalar, diniy ekstremizm, separatizm, axloqsizlik, shuningdek, turli xil shakldagi qimorbozliklar, oʻz joniga qasd qilishni oʻrgatuvchi saytlar orqali gʻarazli maqsadlariga yetishni niyat qilishgani xalqimizga ayon boʻlib bormoqda. Bugungi kunda bunday salbiy gʻoyalar toʻriga tushib, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz orasida nohush holatlarning koʻpayib borayotgani achinarli holdir.
Globalizatsiya jarayonlarining salbiy oqibatlari nafaqat yoshlarimiz ongi va hayotini zaharlash boʻlib qolmoqda, balki muayyan millat, jamiyat, davlatning tinchligi va barqarorligiga qarshi qaratilgan, atayin millatlararo totuvlikka rahna solishni niyat qilib, fuqarolar va jamiyatimiz xavfsizligiga tahdid soluvchi mafkuraviy tajovuzlar ham kuchaymoqda. Bunday tajovuzliklarga qoʻl urayotgan yovuz kuchlar oʻz jirkanch maqsadlariga erishish uchun har qanday usullardan, odamlarning diniy, milliy hissiyotlari, hayotda mavjud boʻlgan ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklaridan, shuningdek, zamonaviy texnika, telekommunikatsiya vositalaridan ustalik bilan foydalanishga harakat qiladilar.
Demak, bundan ayonki, hech bir jamiyatda milliy gʻoya va uning targʻiboti oʻz-oʻzidan hosil boʻlmaydi va kuchaymaydi. Buning zamirida millat baxt saodati yoʻlida, har bir fuqaro manfaatidan kelib chiquvchi maxsus ijtimoiy pedagogik faoliyat – ma’naviy-mafkuraviy targʻibot yotadi.
Mafkuraviy tarbiya deganda gap birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, “kishilar dunyoqarashini boshqarish haqida emas, balki odamlarning tafakkurini boyitish, uni bugungi yangi ma’no va mazmun bilan toʻldirish” koʻzda tutiladi.
ХХI asr boʻsagʻasida tarixiy tajriba shundan dalolat beradiki, u yoki bu davlat, millatning xavfsizligi, barqarorligi, yoshlarimiz kelajagi – mazkur millatga xavf solayotgan tahdidni anglab yetish hamda oʻz vaqtida munosib javob qaytarish salohiyati va qobiliyati darajasi bilan belgilanadi. Ayni gʻoya – Yangi Oʻzbekiston strategiyasiing mazmunini tashkil qiladi.
Xulosa qilib aytganda Prezident Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek: “Bugungi shiddatli zamon, dunyodagi ayovsiz raqobat muhiti bizdan juda katta mas’uliyat va safarbarlik bilan ishlashni, hamma sohada yangicha yondashuvlarni talab etmoqda. Mana shunday keskin sharoitda biz yurtimizda, nafaqat oliy ta’lim tizimida, balki ta’limning barcha boʻgʻinlarida tinchlik va osoyishtalik, fuqarolar va millatlar oʻrtasida hamjihatlik muhitini koʻz qorachigʻidek asrashga qaratilgan tadbirlar mazmunini ta’sirchan usullariga qaratishimiz zarur. Ayniqsa, farzandlarimizning qalbi va ongini yovuz xavf-xatarlardan himoya qilishga eng dolzarb vazifa, deb qarashimiz kerak”.
Zero, bugunning dolzarb vazifalardan biri koʻp millatli Oʻzbekiston xalqlari oʻrtasida birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash, bir maqsad va bir gʻoya atrofida jipslashtirish va shu orqali rivojlanishning yuksak pogʻonalariga koʻtarishning nazariy-amaliy asoslarini vujudga keltirish va yoshlarni ma’rifatli, intelektual salohiyatli qilib tarbiyalash – oldimizda turgan muqaddas vazifalardan biridir. Bunday sharafli va mas’uliyatli vazifani amalga oshirish esa, keng jamoatchilik, ota-onalar bilan bir qatorda, bugungi kunda yoshlar tarbiyasi bilan mashgʻul boʻlgan ta’limning barcha boʻgʻinlarida faoliyat koʻrsatayotgan oʻqituvchilar va ustoz-murabbiylarning samarali faoliyatiga bogʻliqdir.
Quvondiq Qodirov,
Nukus davlat pedagogika instituti birinchi prorektori.