AJDODLAR JASORATI – AVLODLAR YODIDA MANGU, BARHAYOT

Oradan yana qancha yillar, asrlar oʻtmasin, ota-bobolarimizning fashizmga qarshi koʻrsatgan matonati hamisha xalqimiz qalbida, xotirasida saqlaydi, bu jasorat yoshlarimiz uchun abadiy ibrat namunasi boʻlib qolaveradi.

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti.

Yurtimizda bir necha kunlardan buyon «9-may – Xotira va qadrlash kuni» hamda fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 78 yilligini keng nishonlash boʻyicha tizimli amaliy ishlar olib borilmoqda. Biz har yili bu sanani doimo cheksiz quvonch bilan bir qatorda, chuqur iztirob bilan nishonlaymiz Vatan ozodligi va bugungi tinch-omon kunlar uchun jang maydonlarida halok boʻlgan ota-bobolarimizni, front ortida fidokorona mehnat qilgan ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, hamisha hurmat bajo keltiramiz.

Ikkinchi jahon urushi millionlab begunoh insonlarning oʻlimiga sabab boʻlgan, mislsiz yoʻqotish va talafotlarga olib kelgan eng dahshatli qirgʻin boʻlganini, bu qonli urushda oʻsha paytda dunyodagi mavjud 73 ta davlatdan 62 tasi, yer yuzi aholisining 80 foizi ishtirok etgani ham bu haqiqatni tasdiqlaydi.

1941-1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushida xalqimiz jang maydonlarida va front ortida ulkan jasorat va matonat koʻrsatib, fashizm ustidan qozonilgan gʻalabani  ta’minlashga munosib hissa qoʻshishgan. Tarixdan ma’lumki, urush boshlangan 1941-yilda respublikamiz aholisi 6 million 800 mingdan ziyod kishini tashkil etgan. Urush boshlanishi bilan qariyb 2 million yurtdoshimiz frontga otlangan. Har biri tom ma’noda qahramon boʻlgan bu aziz insonlarning 500 mingdan ziyodi shafqatsiz janglarda halok boʻlishgan. Bu shunchaki raqam emas, bu – 500 mingdan ortiq fojia deganidir. Bu umr yoʻldoshidan ayrilgan ming-minglab ayollar, ota-onasidan judo boʻlgan millionlab yetim bolalar deganidir. Haqiqatdan ham, oradan shuncha yillar oʻtsa hamki, xalqimiz yuragidagi bitmagan, hech qachon bitmaydigan mudhish yara, tuganmas nola va armon demakdir. Shuningdek, bu urushda 133 mingga yaqini bedarak yoʻqolib, 60 mingdan ziyodi nogiron boʻlib qaytgan.

Urush olovi ichida qolgan hududlardan yurtimizga 1 million nafardan ortiq koʻchirib keltirilganlarning 200 ming nafari bolalar edi. Xalqimiz ularga boshpana berib, soʻnggi burda nonini ham baham koʻrib, ota-onasidan ajralgan bolalarni oʻz farzandlari qatori tarbiyasiga olib, butun dunyoga haqiqiy insonparvarlik fazilatlarini namoyish etgani tarixiy haqiqatdir.

Xalqimiz ana shunday ogʻir talafotlar koʻrib, buyuk Gʻalabaga beqiyos hissa qoʻshganligini, 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimizning jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani ham yaqqol isbotlaydi. Vatandoshlarimizning 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni degan yuksak unvonga, 70 nafardan ortigʻi uchala darajadagi “Slava” ordeniga sazovor boʻlganini alohida ta’kidlash lozim.

Mamlakatimiz urush davrida front uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha va boshqa vositalarni yetkazib beradigan muhim ta’minot markazlaridan biri sifatida ham faoliyat koʻsatgani ma’lum.

Shu oʻrinda alohida ta’kidlash lozimki, Oʻzbekistonning boshqa barcha hududlari qatori Qoraqalpogʻistondan ham Ikkinchi jahon urushida koʻplab insonlar ishtirok etgan va qahramonlik namunalarini koʻrsatgan. Xususan, 1941-yilning 1-noyabriga qadar Qoraqalpogʻistonda 20 ta batalon, 114 ta rota, 955 ta boʻlinma tashkil etilgani tarixiy haqiqatdir. 1941-yil 3-dekabrda 97-Qoraqalpoq alohida milliy brigadasi tuzilib, uning saflariga koʻngilli ravishda 5 ming 500 nafar xizmatchi va yoshlar kirgan.

Ikkinchi jahon urushida Qoraqalpogʻiston Respublikasidan ham 66 ming nafar kishi ishtirok etgan boʻlsa, shundan 34 mingga yaqiniga ona Vataniga qaytish nasib etmagan.

Ta’kidlash lozimki, ona vatan himoyasi yoʻlida Qoraqalpogʻistondan frontga safarbar etilgan 14 ming nafardan ziyod jangchilarga jangovar xizmatlari uchun davlat mukofotlari – unvon, orden va medallar berilgani, ularning Ona Vatan uchun qilgan fidokorona xizmatlari ramzidir. Jumladan, Ikkinchi  jahon  urushida  jasorat  koʻrsatgani  uchun  1942  yilda  –  Abdulhaq Umerkin,  1943-yilda – Oʻrozboy Jumaniyozov,  Andrian Pishchulin, Nikolay Sarayev, 1944-yilda – Maxash Balmagambetov,  Jumagali Kaldikarayev, Ivan Maxorin,  Inoyat Navroʻzboyev, Aleksandr Simanov, 1945-yilda – Oʻrinboy Abdullayev, Dmitriy Bernatskiy,  Mixail Bulatov, Plis Nurpeysov, Aleksandr Troshkov, Juman Qoraqulov  «Sovet Ittifoqi Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangani fikrimiz dalilidir.

Bundan  tashqari,  qoraqalpogʻistonlik  jangchilardan  Yefim  Bespalov,  Aleksandr Zaika, Alimboy Omonboyev, Raim Soipnazarov, Tileoʻmurat Otemurodov, Joʻldasboy Halimbetov uchala darajadagi «Slava» («Shuhrat») ordeni bilan mukofotlangan.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston ahli urush yillarida front ortida ham ulkan matonat koʻrsatib, front orti ishlarida 25,5 ming nafardan ziyod kishi mehnat qilgan boʻlsa, 75 ming 400 nafardan ortiq qoraqalpogʻistonlik navqiron yigit-qiz urushning turli jabhalarida oʻz fuqarolik burchini bajarishgan. Urush yillarining eng achinarli holatlaridan yana biri – 90 mingdan ziyod aholi sovuqdan, ocharchilik va epidemiya tufayli vafot etganligidir.

Shunday qiyin, ogʻir davr boʻlishiga qaramay, Qoraqalpogʻiston Respublikasida ijtimoiy-siyosiy, madaniy va ma’naviy-ma’rifiy hayot tarzi toʻxtovsiz rivojlanib borganligini ta’kidlash zarur. Birgina misol, urush yillarida ham hozirda biz faoliyat koʻrsatayotgan Pedagogika instituti (oʻsha davrda  uchta fakultetdan iborat – qoraqalpoq tili, adabiyoti va tarixi; fizika-matematika; rus tili va adabiyoti fakultetlari) samarali faoliyat koʻrsatib, yurtimizga malakali kadrlar yetishtirib bergan.

Bugungi kunda urush yillarida ajdodlarimiz tomonidan amalga oshirilgan buyuk ishlarni, ularning kuchli iroda va qahramonligini, oʻsha davr haqiqatini bugungi va kelgusi avlodlargaga aniq misollar asosida yetkazish, yoshlarimizni vatanparvarlik va jasorat ruhida tarbiyalash – eng asosiy vazifalarimizdan biridir.

Insoniyat tarixidagi eng dahshatli qirgʻin hisoblangan Ikkinchi jahon urushida ona zaminimizni munosib himoya qilib, xalqimizni fashizm balosidan asrash yoʻlida tengsiz mardlik va jasorat koʻrsatgan, urush orti mehnat frontida tinimsiz mehnat qilgan fidoyi faxriylarimizni butun xalqimiz, bugungi minnatdor avlodlar hech qachon unutmaydi, ularga hamisha hurmat-ehtirom koʻrsatishni sharafli burchi deb biladi.

Hammamiz guvohi boʻlayotganimizdek, bugungi notinch va tahlikali hayotning oʻzi Ikkinchi jahon urushining qonli fojialaridan xulosa va saboq chiqarib yashashni, tinchlik uchun kurashishni, oʻzaro doʻstlik va hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirishni, yoshlarimiz qalbida shukronalik bilan bir qatorda, Ona Vatanga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalashni  talab etmoqda.

Chunki, bugun dunyoda roʻy berayotgan globalizatsiya jarayonlarining salbiy oqibatlari nafaqat yoshlarimiz ongi va hayotini zaharlash boʻlib qolmoqda, balki muayyan millat, jamiyat, davlatning tinchligi va barqarorligiga qarshi qaratilgan, atayin millatlararo totuvlikka rahna solishni niyat qilib, jamiyatimiz xavfsizligiga tahdid soluvchi mafkuraviy tajovuzlar ham kuchaymoqda. Bunday tajovuzliklarga qoʻl urayotgan yovuz kuchlar oʻz jirkanch maqsadlariga erishish uchun har qanday usullardan, odamlarning diniy, milliy hissiyotlari, hayotda mavjud boʻlgan ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklaridan, shuningdek, zamonaviy texnika, telekommunikatsiya vositalaridan ustalik bilan foydalanishga harakat qilmoqdalar.

Shu bois ham, yoshlar tarbiyasi masalasida, buyuk ajdodlarimiz, muhtaram faxriylarimizning mardligi va shonli an’analari, hech shubhasiz, biz uchun doimo ibrat maktabi boʻlib xizmat qilishi zarur. Shu bilan bir qatorda, koʻp millatli diyorimizda tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo ahillik hamda totuvlikni asrash, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash barchamizning asosiy vazifamizdir. Zero, mamlakatimiz ezgu niyatlar bilan boshlayotgan yangi Oʻzbekistonni barpo etish strategiyasi ham, aynan mana shunday tamoyillar asosida amalga oshirilishi maqsad qilingan.

Bunday sharafli va mas’uliyatli vazifani amalga oshirish esa, keng jamoatchilik, ota-onalar bilan bir qatorda, bugungi kunda yoshlar tarbiyasi bilan mashgʻul boʻlgan ta’limning barcha boʻgʻinlarida faoliyat koʻrsatayotgan tarbiyachi-oʻqituvchilar va ustoz-murabbiylarning samarali faoliyatiga bogʻliqdir.

Quvondiq Qodirov,

Nukus davlat pedagogika instituti birinchi prorektori.