AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasida og‘ir judolik

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti O‘zbek adabiyoti kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi, Qoraqalpog‘iston va O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi Tashanov Kamil Yuldashevich 2023yil 5iyul kuni olamdan o‘tdi.

Tashanov Kamil Yuldashevich 1960-yil 21-oktabrda Turkmaniston Respublikasi Toshhovuz shahrida tug‘ildi. U 1967-1977-yillar mobaynida Toshhovuz shahridagi 8-sonli o‘rta maktabida ta’lim oldi. 1978-yilda Nukus davlat universitetiga o‘qishga kirib, uni 1983-yilda muvaffaqiyatli tamomladi. Shu yili universitetning O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi sifatida mehnat faoliyatini boshladi. K.Tashanov 1986-yilda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi A.Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti aspiranturasiga o‘qishga kirdi. 1989-yilda aspiranturani tugatib, Nukus davlat universiteti o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasida o‘qituvchilik faoliyatini davom ettirdi.

1991-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi  akademigi, filologiya fanlari doktori B.Nazarov ilmiy rahbarligida “Tarjimada milliy xarakterni qayta tiklash (T.Qaipberganov “Qoraqalpoq dostoni” trilogiyasining o‘zbekcha tarjimasi misolida)” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.

Himoyadan keyin K.Tashanov 1993-1997-yillarda Nukus davlat pedagogika instituti O‘zbek adabiyoti kafedrasi mudiri, 1997-2005-yillar mobaynida O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, 2005-2013-yillar davomida Filologiya fakulteti dekani, 2013-2019-yillarda O‘zbek adabiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi, 2019-yildan boshlab O‘zbek adabiyoti kafedrasi dotsenti lavozimlarida samarali mehnat qildi. 2023-yilda olimning tashabbusi bilan Nukus davlat pedagogika institutida “Science time” elektron onlayn jurnali ta’sis etildi.

Dotsent K.Tashanov milliy adabiyot, tarjimashunoslik masalalari bilan faol shug‘ullanib keldi. Ilmiy pedagogik faoliyati mobaynida ilmiy jurnallarida 100 dan ortiq maqola va tezislar, monografiyalar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, darsliklar e’lon qildi. Xususan, I.Primjarova bilan hammualliflikda ta’lim qoraqalpoq tilida olib boriladigan maktablarning 3-sinfi uchun “O‘zbek tili” darsligi (Nukus, “Bilim” nashriyoti, 2000, 2005, 2008), I.Yoqubov bilan hammualliflikda “Adabiy meros va milliy tafakkur” (Toshkent, 2001), “O‘zbek adabiyoti tarixi fanidan seminar mashg‘ulotlari” (Toshkent: “Fan va texnologiyalar” markazi bosmaxonasi, 2015), “Milliy xarakter va badiiy tarjima” (Toshkent, “Fan va texnologiyalar” markazi bosmaxonasi, 2015), A.Allambergenov bilan hammualliflikda “Moderncha talqin shukuhi (Toshkent, “Fan va texnologiyalar” markazi bosmaxonasi, 2015)”, “Sulaymon Boqirg‘oniy. Hayoti va ijodiy merosi” (Nukus DPI bosmaxonasi, 2020), “Ogahiy hayoti va ijodini o‘qitishda zamonaviy pedagogik texnologiyalar” (Nukus DPI bosmaxonasi, 2020) kabi kitoblari alohida e’tiborga molik.

K.Tashanov “Qoraqalpog‘iston xalq ta’limi a’lochisi” (2004), “O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi” (2007) ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi marhumning oila a’zolari, qarindoshlari va yaqinlariga chuqur qayg‘u bilan hamdardlik bildirib, Ollohdan sabr tilaydi.

Samimiy va oqko‘ngil inson, mehribon ustoz Kamil Tashanovning porloq xotirasi uning yaqinlari, shogirdlari va hamkasblari qalbida mangu qoladi.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi.