ILMLI YOSHLAR – YANGI OʻZBEKISTONNING ISHONCHLI BUNYODKORLARI BOʻLADI
Oldimizda turgan davr Oʻzbekiston uchun siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda tub burilish va ulkan oʻzgarishlar davri boʻladi. Kechagi natija, kechagi qarash va mezonlar endi tarix. Ular endi bizni qoniqtirmaydi.
Oʻzbekiston Repsublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Joriy yilning 14-iyul kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oʻz lavozimiga kirishish marosimiga bagʻishlangan tantanali majlis mamlakatimiz hayotida muhim tarixiy voqea sifatida muhirlanib qoladi. Bu jarayonni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolari, hukumat a’zolari, diplomatik korpus vakillari bilan bir qatorda, butun xalqimiz katta qiziqish bilan kutib olishdi.
Yigʻilishda Prezidentimiz tomonidan kelgusi 7 yilga moʻljallangan Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim strategik yoʻnalishlari va ularning mohiyati xalqimizga tushunarli tilda bayon qilindi.
Ta’kidlash lozimki, davlatimiz rahbarining har bir chiqishida yoshlar masalasi, ularning ta’lim-tarbiyasi masalasi doim ustuvorlik kasb etadi. Shu ma’noda, bu yigʻilishda ham ayni masalaga keng toʻxtalib qolmasdan, shu yerning oʻzida yoshlarga Yangi Oʻzbekiston, Uchinchi Renessans bunyodkorlari sifatida murojaat qildi va: «Mana, safimizga yurtimizdagi, chet eldagi nufuzli oliygohlarda oʻqigan, yirik kompaniyalarda ishlagan qancha-qancha salohiyatli yoshlar kirib kelmoqda. Men ularning timsolida, avvalo, ertangi kunimizning yangi rahbarlarini, hudud, tarmoq va sohalarning mohir boshqaruvchilarini koʻraman. …Men Oʻzbekiston yoshlariga yana bir bor murojaat qilmoqchiman: aziz oʻgʻil-qizlarim, bugun tarixning oʻzi, zamonning oʻzi sizlarning oldingizda beqiyos imkoniyatlar ochmoqda.
El-yurt koriga avvalo kim yaraydi?
Albatta, sizlar!
Yangi Oʻzbekistonni, Uchinchi Renessansni kim barpo etadi?
Albatta, sizlar!
Yurtimiz, xalqimizni kelajakda kim rozi qiladi?
Albatta, sizlar!
Xalqimiz, Vatanimiz sizlarga ishonadi.
Sizlar Oʻzbekiston tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan buyuk ishlarni amalga oshirishga qodirsiz.
Yoshlik – gʻanimat, vaqt – gʻanimat, fursat borida otni qamchilang! Davlatimiz, xalqimiz yaratib berayotgan imkoniyatlarning qadriga yeting! Dunyoga oʻz soʻzingizni ayting!
Izlanish va intilishdan aslo toʻxtamang!
Baxt va omad doimo sizlarga yor boʻlsin!», deya mamlakatimiz yoshlariga mustahkam ishonch bildirildi.
Bu ishonch zamirida hali hanuz davom etayotgan eskicha qarash, eskicha amallar asoratlaridan batamom qutilishlik, yangi davrni ezgu niyatlar bilan yangicha tafakkurlar bilan boshlash gʻoyasi yotadi. Shu bois ham Prezidentimiz “Biz nafaqat mohir paxtakor va bogʻbonlar oʻlkasi, balki yuqori malakali IT mutaxassislar, injener va energetiklar, konchi va metallurglar, fizik va kimyogarlar mamlakati boʻlishimiz kerak”, – degan fikrni bildirdilar.
Shu oʻrinda buyuk ajdodimiz Imom al Buxoriy bobomizning «Ilmsiz najot yoʻq va boʻlmagʻay», degan fikrlari koʻz oldimizda gavdalanadi. Negaki, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, bugungi globallashuv jarayonlarining salbiy oqibatlari kuchayayotgan tahlikali va ziddiyatli zamonda toʻgʻri yoʻl tutishning yagona usuli – kuchli aql, oʻtkir ilm va mustahkam tarbiyadir.
Mana shunday yangi tarixiy vaziyatda «Yangi Oʻzbekistonni, Yangi Qoraqalpogʻistonni bunyod etishimiz uchun, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishimiz uchun xalqimizda, yoshlarimizda qaysi fazilatlarni kuchaytirib, qaysi illatlarga chek qoʻyishimiz kerak?», degan savollarga ilmiy javoblar kerak. Bu savollarga esa, ta’limning barcha boʻgʻinlarida faoliyat koʻrsatayotgan oʻqituvchi, ustoz va murabbiylar, ayniqsa, oliy ta’lim muassalarining ziyoli qatlami javob berishi va yoshlarimizni bunyodkorlikka da’vat qilishi lozimdir.
Xulosa oʻrnida: Oldimizga qoʻyilgan maqsadlar aniq. Endilikda esa, ularni amalga oshirishda har bir yurtdoshimizdan, ayniqsa, ilm ahlidan, halollikni, fidoiylikni va kasbga sadoqat bilan yondashishni talab etadi. Buning uchun eskicha an’ana va qarashlardan voz kechib, zamon bilan hamnafas ildam harakat qilishimiz, kelajak avlod uchun, yangi davr bunyodkorlari uchun zamon andozalari asosida sifatli ta’lim va mukammal tarbiyani yanada takomillashtirishimiz zarur. Xalqimiz va yoshlarimiz orasida millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar negizida Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash – barchamizning muqaddas vazifamizdir. Chunki, ilm-ma’rifat taraqqiyot koʻzi boʻlsa, tarbiya uning miyasi, ta’lim esa yuragidir!
Quvondiq Qodirov,
Nukus DPI Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha I prorektori.