YANGILANAYOTGAN QORAQALPOGʻISTON – XALQIMIZNING EZGU NIYATLARI ASOSIDA BUNYOD BOʻLMOQDA

«Albatta, qilingan ishlar haqida koʻp gapirish mumkin, lekin islohotlarimiz natijasiga baho beradigan eng xolis hakam, bu – xalqimizdir»

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

Bugungi kunda yangilanayotgan Oʻzbekiston sharoitida Qoraqalpogʻistonda ham ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda yuz berayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar va erishilgan natijalar yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Ayniqsa, bu oʻzgarishlarni soʻnggi 5-6 yil ichida xalqimiz farovonligining oshganligi, ularning turmush darajasining yanada yaxshilanganligi, qoraqalpoq yoshlari uchun berilayotgan imkoniyat va sharoitlarda, xullas, ijtimoiy hayotning barcha soha va tarmoqlarida koʻrishimiz mumkin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi mamlakatimizning shimoliy darvozasi hisoblanadi. Oʻziga xos iqlim sharoitiga ega boʻlgan ushbu xududning yozi jazirama issiq, qishi oʻta sovuq. Shunda boʻlishiga qaramasdan, bugungi kunda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, tizimli chora-tadbirlar aholi farovonligini yanada oshirish, turmush tarzini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Shu jumladan, Qoraqalpogʻistonning tashqi iqtisodiy faoliyati yil sayin kengayib bormoqda. Bugungi kunga kelib xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni 196 tani tashkil etib, koʻrsatkich 3 barobarga oshdi. Hududiy eksportyor korxonalar soni 2023-yilda 240 tani tashkil etib, 2016-yilga nisbatan 3 barobarga ortdi. Soʻnggi 6-yil ichida Qoraqalpogʻiston hududida ishlab chiqarilgan mahsulotlar AQSH, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Niderlandiya, Portugaliya, Bolgariya, Kanada, Avstraliya, Misr, Bangladesh, Filippin, Isroil, Tayvan, Pokiston, Tailand, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa uzoq xorijiy davlatlarga kirib bordi. Ushbu davlatlarga eksport qilingan mahsulot turlari 2 barobar koʻpayib, trikotaj mahsulotlari, ip-kalava, osh tuzi, ipak, un, quritilgan pomidor, shisha idishlari, yarim tayyor mebel, yarim tayyor charm mahsuloti, infuzion sistema, bir martalik in’yeksion shpritslar, kir yuvish kukini, suyultirilgan oyna, qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan setka va qorakoʻl terisi tashqi bozorda yuqori baholanmoqda. Qoraqalpogʻistonning iqtisodiy rivojlanishida “Uz-Kor Gas Chemical” qoʻshma korxonasi, Qoʻngʻirot soda zavodi kabi yirik eksportchilar qatorida “Nukus Med Tex”, “Orient Texnology”, “Sebu Artemiya”, “Amudaryoteks”, “Kanteks Invest”, “Korporatsiya Aral San Bao”, “Biogumus”, “Lanekstrakt” va boshqa eksportyor korxonalarni misol qilib keltirishimizga boʻladi.

Albatta, Qoraqalpogʻiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash yoʻlida qilinayotgan ishlar juda koʻp. Bugungi kunga kelib, hududning iqtisodiy tuzilishi tubdan takomillashtirilib, barqaror rivojlanishga mustahkam poydevor yaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Qoraqalpogʻistonning shimoliy tumanlariga mamlakatimizning boshqa viloyatlari biriktirilib, hududda iqtisodiyotni tarkibiy oʻzgartirish, ichki investitsiyalarni jalb qilgan holda sanoat, ishlab chiqarish va tadbirkorlikni keng rivojlantirish borasidagi ishlar oʻz samarasini bermoqda.

Bugungi kunga kelib, Qoraqalpogʻiston Respublikasida ogʻir sharoitda yashayotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj 51 ming oilaning uy-joy sharoiti yaxshilangan boʻlsa, ayrim hududlarda aholiga toza ichimlik suvini yetkazib berish qator qiyinchiliklar bilan amalga oshirilayotgan bir paytda Qoraqalpogʻistonda ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 71 foizga yetdi.

Shuningdek, Qoraqalpogʻistondagi oliygohlar soni 2 barobar koʻpayib, 12 taga yetdi. Oliygohlarga qabullar soni esa 3,5-marta oshib, qamrov 19 foizdan 46 foizga oʻsdi. Hozirgi vaqtda bu yerda 58 ming talaba tahsil olmoqda.

Aytish joizki, mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni, ayniqsa, ayol-qizlarni moddiy va ma’naviy qoʻllab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, boquvchisini yoʻqotgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni uy-joy bilan ta’minlash borasida ham qator amaliy ishlar qilinmoqda.

Davlatimiz tomonidan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha bir qator qonun, farmon va qarorlar qabul qilingan. Mahalla xotin-qizlar fidoyilarining takliflari asosida bugungi kunda 41 turdagi yordamlar koʻrsatish amaliyoti joriy etilgan. Masalan, birgina “Ayollar daftari” tizimi doirasida oʻtgan 2021-2022-yillar davomida 82 mingdan ortiq xotin-qizlarimizning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari oʻz yechimini topgan boʻlsa, ushbu tadbirlar uchun jami 158 milliard 666 million soʻm miqdorida mablagʻ ishlatilgan. 2023-yilning oʻzida 55 ming 51 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritilgan boʻlib, shu kunga qadar 38 mingta 538 nafar xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga yechim topildi. Jumladan, joriy yilning 5 oyi davomida 28 ming 729 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlansa, 4418 nafari kasb-hunarga oʻqitildi. 4814 nafariga 43 milliard 331 million soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar berilgan boʻlsa, 272 xotin-qizga 1 milliard 347 million soʻm miqdorida subsidiyalar ajratildi.

Ijtimoiy himoyaga muxtoj xotin-qizlarning bilim olishlari uchun qulayli sharoit yaratish maqsadida 2022-2023-oʻqish yilida magistratura bosqichida oʻqiyotgan 2 300 dan ortiq talaba qizlarning shartnoma toʻlovlari xam toʻlab berildi. 1 ming 951 ta oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida ta’lim olayotgan xotin-qizlarga 17 milliard 220 million soʻm miqdorida shartnoma toʻlovi uchun 7 yil muddatga foizsiz kredit ajratildi.

Hammamizga ma’lumki, yoʻllar aholi turmush farovonligi, mamlakat taraqqiyotini belgilovchi mezonlardan biridir. Qayerda yoʻl qurilishi, ta’mirlash ishlari keng quloch yozsa, oʻsha joyda zamonaviy infratuzilma ob’yektlari qad rostlab, aholi hayot tarzi yuksalib boraveradi.

Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasida jami 12381,5 km avtomobil yoʻllari mavjud boʻlib, umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllar 4254 km, ichki xoʻjalik yoʻllari, shaharlar  va qishloq aholi punktlari koʻchalari 8127,5 km.ni tashkil qiladi. Haqiqatan ham, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati soʻnggi paytlarda yangi yoʻl va koʻpriklar qurish, uning infratuzilmasini xalqaro andozalar darajasida rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda namoyon boʻlmoqda. Shu ma’noda, mamlakatimizda zamonaviy yoʻl hamda koʻpriklar qurilishi, avvalo, yoʻlovchilar xavfsizligini ta’minlash, ularning vaqtini tejash, mahallalarimizning qiyofasini tubdan oʻzgartirishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli.

Davlatimiz tomonidan kelajak avlod uchun zarur sharoitlarning barchasini amalga oshirishda aniq yoʻnalishga ega. Bogʻchalar qamrovi 28 foizdan 81 foizga, ularning soni esa 317 tadan 1 ming 600 taga koʻpaydi. 172 ta maktab mukammal ta’mirlanib, 104 ta maktabda qoʻshimcha binolar barpo etilgani hisobiga 118 mingta yangi oʻquvchi oʻrni yaratildi.

Yaqin kelajakda Qoraqalpogʻistonda 160 ta yangi bogʻcha qurilishi va ta’mirlanishi, 2 mingta xususiy bogʻcha tashkil qilinadi. Kelgusi yetti yilda qoʻshimcha 100 ming yangi oʻquvchi oʻrni yaratiladi. Bunda, 30 ta yangi maktab va 150 ta maktab uchun qoʻshimcha bino qurilib, 350 tasi ta’mirlanadi. Ixtisoslashgan maktablar soni 2 karra oshirilib, 32 taga yetkaziladi. Natijada, Qoraqalpogʻistondagi maktablarda 30-35 nafardan ortiq bola oʻqiydigan sinflar umuman boʻlmaydi.

Bolalarning jismonan va ma’nan sogʻlom boʻlib ulgʻayishi koʻp jihatdan sogʻlom va sifatli ovqatlanishga bogʻliq. Oʻz navbatida maktablardagi bepul ovqatlantirish samarali ta’sir koʻratadi. Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi 716 ta umumta’lim muassasalarida boshlangʻich sinflardagi jami 139 577 nafar oʻquvchi keytering usulida bepul tayyor oziq-ovqat bilan ta’minlangan. Endilikda esa, olis va chekka ovullardagi bolajonlarimizning maktabga borishi uchun avtobus qatnovini yoʻlga quyish Qoraqalpogʻistondan boshlanadigan boʻldi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Xalqimiz ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun oʻz hayotida ijobiy oʻzgarishlarni koʻrishni istaydi”. Shunday ekan, insonlarning bugungi hayotidan roziligini ta’minlash yoʻlidagi ezgu ishlar davom etaveradi.

Qoraqalpogʻiston uchun berilayotgan imtiyozlar qatorida 10 000 yoshga Oʻzbekistondagi barcha oliy oʻquv yurtlariga kvota ajratilayotgan boʻlsa, tadbirkorlar uchun qoʻllaniladigan soliq turi va miqdori deyarli 2 barobarga kamaytirilmoqda. Faqatgina Qoraqalpogʻiston uchun temir yoʻl va aviachiptalarga 50 foizlik imtiyoz berish tizimi joriy qilindi. Yangi oʻqish yilidan e’tiboran, oliygohda oʻqiyotgan xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlari daromad soligʻidan ozod etiladi.

Bugungi kunda barcha shahar va tumanlarda jami 21 mingdan ortiq uy-joylarda 350 milliard soʻmlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgan boʻlsa, shuningdek, 452 mahallaning har biriga bevosita 500 million soʻmdan qoʻshimcha mablagʻ ajratilmoqda. Shuningdek, kadastri yoʻq 47 mingta turar joy va koʻchmas mulklar boʻyicha tegishli hujjatlar ishlab beriladi. Shu bilan birga joriy yil 4 mingta turor joy qurilib, 4 mingta shaxsiy tartibdagi turor joy qurishga 4 sotixdan yer uchastkalari ajratib beriladi.

Qoraqalpogʻistonda 2030-yilga qadar moʻljallangan rejalarga muvofiq mahalla va ovullarda 6 ming kilometr yoʻllar hamda 150 ta koʻprik ta’mirlanadi. 5 ming kilometr elektr tarmogʻi, 1 ming 350 ta transformator va 10 ta podstansiya yangilanadi. 70 ming xonadonga ega 2 mingta koʻp qavatli uylar foydalanishga topshiriladi. Barcha ijtimoiy va davlat idoralari hamda 17 ming xonadonda 55 mega vatt quvvatli quyosh panellari oʻrnatiladi.

Islohotlar bilimli va salohiyatli, jahon standartlariga mos kadrlarni tayyorlash, institut va universitetlarning imkoniyatlarini har tomonlama oshirishga qaratmoqda. Har qanday ta’lim inson va jamiyat manfaatiga yoʻnaltirilgan boʻlishi zarur.

Yangi oʻquv yilidan boshlab, oliygohda oʻqiyotgan xotin-qizlar uchun, kim toʻlashidan qat’iy nazar, kontrakt toʻlovi daromad soligʻidan ozod qilinadi. Bu haqda Prezidentimizding qoraqalpogʻistonlik saylovchilar bilan uchrashuvda ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, Qoraqalpogʻistonda agro-texnologiyalar va muhandislik yoʻnalishlarida yetakchi xorijiy oliygohlarning filiallari hamda Nukusda Raqamli texnologiyalar instituti ochiladi.

“Umuman, biz Qoraqalpogʻistonda oliy ta’lim qamrovini kelgusi yilning oʻzida 50 foizga yetkazamiz. Buning uchun, chet ellarda oʻqiyotgan yoshlarimizning oʻqishini yurtimiz oliygohlariga davlat granti asosida koʻchirish amaliyotini yoʻlga qoʻyamiz”, – deb ta’kidlagan edi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’lim sohasining asosiy tayanchi boʻlgan aziz va moʻ’tabar muallim va murabbiylar, oliygoh professor-oʻqituvchilarining mashaqqatli mehnati bundan buyon ham munosib ragʻbatlantirib boriladi.

Toshkentda mavjud boʻlgan barcha zamonaviy tibbiy xizmatlar Nukusda ham yoʻlga qoʻyiladi, olis va chekka ovullardagi tibbiyot xodimlariga 5 million soʻmgacha alohida ustama beriladi. Qoraqalpogʻistondagi Onkologiya va radiologiya markazi filiali uchun yangi bino quriladi va eng zamonaviy uskunalar bilan toʻliq jihozlanadi. Uning hududida bemorlarning yaqinlari vaqtincha yashab turadigan yotoqxona barpo etiladi. Endi, kelasi yildan Taxtakoʻpir, Chimboy, Qoraoʻzak, Boʻzatov, Shumanay, Qoʻngʻirotda ham 200 foizlik oylik ustama toʻlashni yoʻlga qoʻyiladi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2023-yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berish tashabbusining bildirilishi, bugungi murakkab davrdagi taraqqiy etayotgan Oʻzbekiston manfaatlariga toʻla mos keladi. Chunki, har bir inson oʻzi yashayotgan jamiyatda baxtli boʻlishga haqlidir. Bu borada Prezidentimiz juda ham haq gapni aytdilar: “Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sogʻligi joyida boʻlishi, yaxshi ta’lim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak boʻlsa, hammasini yaratib berishga harakat qilayapmiz va bu yoʻldan aslo toʻxtamaymiz”.

Xulosa oʻrnida shuni ta’kidlash joizki, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan ezgu gʻoyalar – bevosita, odamlarning dardu tashvishi, ularni qiynayotgan muammolarni hal qilishga qaratilganligidadir, bu esa, xalqimiz dilidagi oliy istaklar edi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Bugun mamlakatimizda “Biz yangi Oʻzbekistonni, yangi Qoraqalpogʻistonni bagʻrikeng va mehnatkash xalqimiz bilan birga quramiz” degan ezgu gʻoya asosida olib borilayotgan misli koʻrilmagan muhtasham islohatlarning mazmun-mohiyatini anglab tushunish va uni keng xalq ommasiga targʻib qilish – bugungi kunda nafaqat oila, mahalla institutlari yoki keng jamoatchilik, balki, yurtimizda ta’lim-tarbiya sohasining barcha boʻgʻinlarida faoliyot koʻrsatayotgan Ustoz,  murabbiylar va oʻqituvchilarning muqaddas vazifasidir.

Bayrambay OTEMURATOV,

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati.