AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

«Eng yaxshi pedagog – ota-onalar»: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Nukusda abituriyentlarning ota-onalari bilan muloqot qildi

Bugun, 4-avgust kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov Nukus shahridagi Respublika oʻyin turlari va yengil atletika boʻyicha ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktabida boʻlib oʻtayotgan test sinovlari jarayonlarini koʻzdan kechirdi.

Shuningdek, shu yerda abituriyentlarning ota-onalari va yaqin qarindoshlari bilan muloqot qilib, ularning fikr-mulohazalarini tingladi.

– Biz uchun sizning takliflaringiz juda ahamiyatli. Chunki, biz mazkur jarayonlarni qanday tashkillashtirayotganligimiz toʻgʻrisida xolis baho beruvchilar – bu sizlarsiz. Taklif va tavsiyalaringiz kelgusida ishlarimizni yaxshi tashkil etishimiz uchun katta ahamiyatga ega. Shu sababli, joylarda mana shunday oʻrganish ishlarini olib boryapmiz. Biz ta’limni tarbiya bilan uzviylikda olib borishni maqsad qilganmiz. Bunda, albatta, sizlarning qoʻllab-quvvatlashingiz juda zarur. Chunki, eng yaxshi pedagog – ota-onalar, – deb ta’kidlab oʻtdi vazir muloqot davomida.

Oʻz navbatida, ota-onalar ham soʻzga chiqib, bu yilgi qabul jarayonida yoshlarni oliy ta’limga qamrab olish koʻrsatkichlarining oshirilganligi, shu jumladan, qoraqalpogʻistonlik yoshlar uchun davlat granti asosida 3 ming oʻrinlik kvota ajratilganligi, ota-onalar uchun kutish joylari tashkil qilinib, ularning taklif va tavsiyalari oʻrganilayotganligi hamda madaniy hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilayotganligini ta’kidlab, oʻz minnatdorligini bildirdi.

Nukus DPI matbuot xizmati.