OʻZGA ELDAN KELIB, EL BOʻLGAN USTOZIM!
Inson hayotida qadrli insonlar koʻp boʻladi. Yillar davomida senga qilgan yaxshiliklarini aslo unutish mumkin emas. Mening ish faoliyatimdagi shunday insonlardan biri Komil Tashanov edi…
Shu oʻquv yilida kafedramiz chinorlari togʻa-jiyani Karimboy Quramboyev va Komil Tashanovlarning kutilmaganda oramizdan ketishi ilmdagi katta yoʻqotish boʻldi. Paygʻambarimiz sallollohu alayhi vasallamning: «Vafot etganlaringizning yaxshi sifatlarini eslang»,- degan hadislariga amal qilib ustozni eslamoqdamiz.
Komil Tashanovda men qadrlaydigan, boshqalarda uchramaydigan insoniy fazilatlari koʻp edi. Ustoz muvaffaqiyatlarida ushbu sifatlar asosiy omil boʻlganligini alohida ta’kidlash lozim. Chunki shaxsiy sifatlar har bir narsada ta’sirli ekani hammamizga ma’lum. Xalqda shunday maqol bor “Koʻmachga kul tortdi”. Aynan shu jihat domlada yoʻq edi. Dekanat, kafedra uchun hech narsadan qaytmasdan qonun doirasida oʻz jamoasini himoya qilib, oʻz fikrida qat’iy turar edi.
Komil Tashanov Turkmanstondan kelib, Qoraqalpogʻistonda Vatan balki, uchta respublikada ya’ni Oʻzbekiston, Qoraqalpogʻiston va Turkmanistonda oʻziga munosib shogirdlar shodasini yaratib ketgan ustoz sanaladi. NukusDPI va QDUdagi oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan mutaxasislarning chin ma’noda ustozi va koʻpchiligini men singari oliy ta’limda ishlab qolishiga sababchi boʻlgan edi…
Ustozni 1991-yil 11-sinfda oʻqib yurgan vaqtim fan olimpiadasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida hakam sifatida birinchi marta koʻrganman. Demak Domlani 32-yildan beri taniyman ekan.
1991-yil sentyabrda oʻqishga qabul qilingan davrimizdan to 1996-yilga qadar Domla bizlarga Oʻzbek adabiyotining har xil sohalaridan ta’lim va tarbiya berdilar. Oʻzbek folklori, Oʻzbek adabiyoti tarixi kabi mutaxassislik fanlaridan saboq berdilar. Ustozning qattiqoʻlligi tufayli Oʻzbek folklori amaliyoti paytida oʻzimizning Sarabiy qishlogʻimizda kursdoshim Oʻraqbayeva Dilfuza bilan bir oy davomida uyma-uy yurib ma’lumotlar toʻplaganimiz hamon yodimda. Oʻzbek adabiyoti tarixi fanidan dars berganlarida “Gul va Navroʻz” dostoni yuzasidan muammoli-munozara darslari tashkil qilar edi. Bunday uslubda oʻtilgan darslar bizdan oldingi va keyin oʻqigan talabalarning ham esida boʻlsa kerak.
Domlaning boshqalardan koʻra menga qilgan yaxshiliklari koʻp, bularni sanab adogʻiga yetib boʻlmaydi:
2 kursdalik paytimda Sayfi Saroyining “Guliston bit-turkiy” asari yuzasidan menga kurs ishi mavzusi berdilar. Bu mavzu yuzasidan adabiyotlar topishim juda qiyin boʻldi, u vaqtlar internet yoʻq. Shunda domlaga mavzuimni oʻzgartirib berishini iltimos qilib qayta-qayta murojaat qildim, lekin domla soʻzida turib oldi va mavzu oʻzgartirilmadi. Kutubxonama-kutubxona kezib, kerakli adabiyotlarni zoʻrgʻa topdim. Asarni oʻzini ham amallab topib oʻqidim. Kurs ishini muvaffaqiyati himoya qildim. Qizigʻi shundaki, shu kurs ishimni ishga kirganimdan keyin, kafedradan olib haligacha saqlab qoʻyibman, bundan ish faoliyatim davomida koʻp bora foydalanganman. Chunki uni men rahbarning talabchanligi tufayli chin ma’noda ijod qilib yozgan edim.
3 kurs paytimizda Bobur hayoti va ijodi yuzasidan Domla darsni mazularga ajratib talabalarga taqsimlab berdi. Shunda mening chekimga “Boburnoma” asari tahlili tushdi. Bir hafta tayyorgarlik koʻrib, kursdoshlarimga shu mavzuda 90 minut ma’ruza qilganman. Bu jarayonda ham ustoz xizmati yuksak ekanligini e’tirof qilish kerak, albatta.
4 kurs paytimizda Ustoz rahbarligida Qoʻqonga olimpiadaga bordik. U paytda ta’lim yoʻnalishlari bitta jamoa boʻlib qatnashar edi. Bu olimpiadaning oʻzi domla bilan bogʻliq boʻlgan bir zavqli xotira edi… Qisqasi, shu olimpiadada OTMlar orasida bizning oʻzbek tili va adabiyoti ta’lim yoʻnalishi 1-oʻrinni olish sharafiga muyassar boʻldi. Bunda ham Ustozning xizmatlari katta boʻldi (rasmdagi uchta talaba borganmiz: Gʻapparova Nasiba, Jangabayev Bekmurat va men).
Ustoz bilan bogʻliq yana bir quvonarli jihat shundaki, Komil Tashanovdek inson mening ustozlarining ustozi boʻlishim sababchisidir. Hozirgidek esimda rektor oʻsha paytlari Jumanazar Bazarbayev edi. Ustoz rektor xonasiga olib kirib tanishtirdi va ularning tavsiyalari bilan tugatgan yilim – 1996-yil 2-sentyabrdan Nukus DPI Oʻzbek adabiyoti kafedrasiga ishga qabul qilindim. Faxr qilsam arziydi, Ustozim menga oliy ta’lim sohasidagi oʻqituvchilik maqomini olib berdilar.
Ilmiy ishimni himoya qilish jarayonida ham domla dissertatsiyamni bobma-bob tahlil qilib oʻz munosabatini bildirib, kamchiliklarini tuzatib oʻzining xolisona, beminnat maslahatlarini ayamadilar.
Shuncha yillardan beri Ustoz bilan goh tortishib, goho bahslashib birga ishlab keldik. Ustoz eng qiyin davrlarda koʻp yillar davomida kafedra mudiri, dekan lavozimlarida samarali faoliyat yuritdilar. Mazkur oʻquv yilida Domla institutda yangi onlayn jurnal tashkil qildi Qoraqalpogʻiston va Oʻzbekiston ilm-fanini dunyoga tanitish maqsadida yeng shimarib xizmat qilayotgan va bu ishidan oʻzi ham zavqlanib gapirardi. Hatto kafedramiz a’zolariga yangi jurnal tashkil qilganini “Shohsaroy” kafesida nishonlamoqchi edi… Ming afsus, aynan shu aytilgan vaqtda Domlani shum ajal oramizdan chin dunyoga olib ketdi. Shu yil hajga boraman deb tayyorlanayotgan edilar. Diydor qiyomatga qoldi…
Ustoz Vatan sogʻinchi bilan chin dunyoga ketdilar. Turkmanistonga oʻtish oson boʻladi deb Xoʻjaylida makon qilgan edi. Marakalariga borganimizda singlisi Zulfiya Komil Akam menga har doim shu gapni koʻp takrorlar edi: “Zulfiya bilasanmi, Xoʻjaylidagi uydan Toshhovuzni hidi keladi yaxshilab hidla”- dedi.
Taqdir ishini qaranki, domlaning xoki ham hidini oʻz yurti hidiga oʻxshatgan Xoʻjalar eliga buyurdi.
Ustozning ruhlari shod, oxiratlari obod, joylari jannatda boʻlsin!
Sayyora Bekchanova,
Ajiniyoz nomidagi NukusDPI Oʻzbek adabiyoti kafedrasi dotsenti.