AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Talabalar uchun davlat stipendiyalari ta’sis etiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy ta’lim muassasalarining iqtidorli talabalari uchun ayrim nomli davlat stipendiyalari joriy etilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 5-fevraldagi «Oʻzbekistonning oʻquvchi yoshlarini ragʻbatlantirish choralari toʻgʻrisida»gi PF-555-son Farmoniga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida»gi farmoniga muvofiq, barcha fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichlari «a’lo» (koʻpi bilan 25 foizi «yaxshi») boʻlgan hamda ijodiy ishda qatnashadigan bakalavriat taʻlim yoʻnalishida oʻqiyotgan oxirgi ikki kurs talabalari uchun quyidagi nomli davlat stipendiyalari ta’sis etiladi:

texnika yoʻnalishlarida – Beruniy;

tibbiyot yoʻnalishlarida – Ibn Sino;

gumanitar yoʻnalishlarda – Navoiy;

tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yoʻnalishlarida – Kamoliddin Behzod;

tabiiy yoʻnalishlarda – Ulugʻbek;

kinematografiya yoʻnalishida – Xudoybergan Devonov;

tarix va geografiya yoʻnalishlarida – Bobur;

jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishlarida – Pahlavon Mahmud;

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida – Imom al-Buxoriy;

Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalarida – Toʻlepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov, shuningdek, barcha yoʻnalishlarda – Islom Karimov nomli.

Farmonga koʻra, Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Kamoliddin Behzod va Ulugʻbek nomli davlat stipendiyalari bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha yuqori kurslarning har ming nafar talabasiga bittadan;

Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasi Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining uch nafar yuqori kurs talabasiga;

Xudoybergan Devonov nomli davlat stipendiyasi kinematografiya sohasi uchun kadrlar tayyorlovchi har bir oliy taʻlim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;

Bobur nomli davlat stipendiyasi tarix va geografiya yoʻnalishlari uchun kadrlar tayyorlovchi har bir oliy ta’lim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;

Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishlari uchun kadrlar tayyorlovchi har bir oliy ta’lim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;

Toʻlepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi har bir oliy ta’lim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga;

Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi har bir oliy ta’lim muassasasining bir nafar yuqori kurs talabasiga tayinlanadi.

Bu haqda OʻzА xabar berdi.

Nukus DPI matbuot xizmati.