AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

DAVLAT TILI – FUQAROLARNI BIRLASHTIRUVCHI OLIY QADRIYAT

Oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir.

Shavkat Mirziyoyev

Oltoy tillar oilasining turkiy guruhiga kiruvchi oʻzbek tili qadimiy va boy til sanaladi. Bu tilda ifodalab boʻlmaydigan fikrning oʻzi yoʻq. Oʻzbek tilining ilk tadqiqotchilaridan biri A.Navoiy oʻzining “Muhokamat-ul lugʻatayn” (“Ikki til muhokamasi”) asarida  turkiy tilning naqadar boy til ekaniga e’tibor qaratadi va uni fors-tojik tili bilan qiyoslar ekan, turkiy (oʻzbek tili)ning barcha imkoniyatlarini ilmiy asoslaydi. Shu bilan birga boshqa tillarni kamsitmagan holda har bir tilning oʻziga xos xususiyatlarini bayon qiladi. 

Til va ma’naviyatni bir-biridan ajratmagan Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy kabi jadid ota-bobolarimizning ilmiy va badiiy merosida ham til har bir millatning dunyoda borligini koʻrsatadigan noyob hodisa ekanligi, oʻzbek tilining  turli uslublarda oʻziga xos ifoda imkoniyatlarga ega ekanligi ta’kidlanadi. Tilshunos olimlar bugungi kunda ham oʻzbek tilining imkoniyatlarini yuqori baholagani holda turkiy tillar ichida eng boy va nafis til ekanligi e’tirof etadilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida: “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tilidir.  Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”,- deyiladi. Mazkur modda orqali nafaqat davlat tili sanalgan oʻzbek tilining, shu bilan birga mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elat vakillarining tillari huquqiy himoyaga olinadi.

1989-yili 21-oktabrda qabul qilingan va 1995-yili 21-dekabrda oʻzgartirishlar kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonuni 24 moddadan iborat boʻlib, unda oʻzbek tilining Oʻzbekiston Respublikasi  hududida davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslari keltiriladi. Mazkur Qonunnning 24-moddasida: Oʻzbekiston Respublikasida davlat tiliga yoki boshqa tillarga mensimay yoki xusumat bilan qarash taqiqlanishi, fuqarolarning oʻzaro muomala, tarbiya va ta’lim olish tilini erkin tanlash huquqini amalga oshirishga toʻsqinlik  qiluvchi shaxslar  qonun  hujjatlariga muvofiq  javobgar boʻlishlari qat’iy belgilab beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning  “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi   2020-yil 20-oktabrda qabul qilingan PF-6084-sonli Farmoni  oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-e’tiborini tubdan oshirishga qaratilganligi va oʻzbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yoʻnalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilab berganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. 

Prezidentimizning 2019-yil 21-oktabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqyeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5850-son  Farmoni, hamda “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi   Farmoniga muvofiq 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi, 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini  amalga oshirish dasturi ishlab chiqilgan. 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlarida keltirib oʻtilgan qator vazifalarga, jumladan, davlat tilining xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzini oshirish masalasiga alohida diqqat qaratiladi. Bu jarayonda xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish ham koʻzda tutiladi.

2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida oʻzbek tilini uzoq muddatli rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari belgilab berilar ekan, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan toʻliq va toʻgʻri foydalanishga erishishni ta’minlash maqsadida amalga oshirilishi kerak boʻlgan tadbirlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari keltiriladi. Ta’lim tashkilotlarida davlat tilini oʻqitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish masalalariga keng toʻxtab oʻtiladi va bu jarayonda umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida oʻzbek tilini oʻqitish tizimini tubdan takomillashtirish, oʻzbek tili boʻyicha mashgʻulot va dars soatlarini koʻpaytirish masalalariga alohida diqqat qaratiladi.

Shuningdek, konsepsiyada xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning etno-madaniy va til oʻzligini saqlab qolish, ularda oʻzbek milliy an’ana va qadriyatlariga hurmat shakllanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish masalalari ham asosiy vazifalardan biri sifatida belgilab qoʻyilganki, bu davlat tilining xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufizining oshishiga xizmat qilishi shubhasiz. Shu bilan birga, xorijda oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha ilmiy tadqiqot olib borayotgan olimlar, tadqiqotchilar bilan muntazam aloqa oʻrnatish, ilmiy hamkorlikni  yoʻlga qoʻyish masalalari ham dolzarb vazifalardan biri ekanligi e’tirof qilinadi. Mazkur konsepsiyada keltirilgan vazifalarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi davlat tilining tom ma’noda mamlakatimiz fuqarolarini, millatidan qat’iy nazar, birlashtiruvchi umumxalq qadriyatiga aylanishiga, uning xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzi oshishiga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi PF-6084-son Farmoniga 1-ilova sifatida qabul qilingan 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan toʻliq va toʻgʻri foydalanishga erishish, ta’lim tashkilotlarida davlat tilini oʻqitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish kabi qator vazifalarning belgilab berilishi va amalga oshirilishi davlat tili mavqyeyining oshishiga qaratilganligi bilan ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini, imlo qoidalarini yanada takomillashtirish va yangi yozuvga toʻliq oʻtishni ta’minlash masalasining ustuvor masala sifatida keltirilishi nafaqat oʻzbek tiliga balki, oʻzbek yozuviga ham yuksak hurmat natijasi sifatida baholanadi.

Dasturda koʻrsatilganidek, Davlat organlari va tashkilotlarida normativ-huquqiy hujjatlarni davlat tilida yuritishning namunaviy tartibini ishlab chiqish, davlat tilida ish yuritish tartibiga rioya qilinishini doimiy nazorat qilish va bu borada mas’uliyatni ularning rahbarlari zimmasiga yuklash va oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yurita olish darajasini aniqlash mexanizmini ishlab chiqish hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish boʻyicha daraja sertifikatlarini joriy etish kabi masalalar mamlakatimizda davlat tiliga nisbatan hurmat va sadoqat tuygʻularini shakllantiradi. Ish hujjatlari aylanishida davlat tilining mavqyeyi oshishini ta’minlaydi.

Mamlakatimizda 21-oktabr oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun sifatida keng nishonlanadi. Bu yil oʻzbek tilining Davlat tili maqomiga ega boʻlganligiga oʻttiz toʻrt  yil toʻladi. Oʻtgan davr mobaynida hukumatimiz tomonidan oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi mavqyeyini oshirish va til siyosatiga bagʻishlangan Farmon va Qonunlar hamda qonunosti hujjatlarida koʻzda tutilgan maqsad hamda vazifalarni oʻrganish asnosida hukumatimizning mamlakatimizda va xorijda davlat tilining oʻrni va mavqyeyini oshirish yuzasidan bir qancha ishlarni amalga oshirganligi va bu jarayon bosqichma-bosqich davom etayotganligiga, shuningdek, mazkur hujjatlarning deyarli barchasida nafaqat  davlat tili hisoblangan oʻzbek tilining, balki mamlakatimizda istiqomat qiladigan barcha fuqarolarning ona tillarining rivojlanishiga sharoit yaratilganligiga guvoh boʻlamiz. Davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan Farmon, Qonun va qonunosti hujjatlarda keltirilgan vazifalarning hech birida mamlakatimizda istiqomat qilayotgan millat va elatlarning tillari kamsitilmaganligi, aksincha, davlat tilining rivoji barobarida ularni ham rivojlantirish masalalarining asosiy maqsad qilib olinishi qabul qilingan hujjatlarning yuksak tolerantlik asosida ishlab chiqilganligini koʻrsatadi.

Yurtimizdagi har bir fuqaro oʻz ona tilini rivojlantirish, uning sofligini saqlash, milliy urf-odat va an’analariga sodiq qolish bilan birga davlat tili hisoblangan oʻzbek tilining sofligini saqlash va uni rivojlantirish uchun ham mas’uldir. Chunki Davlat tili fuqarolarni birlashtiruvchi oliy qadriyat hisoblanadi.

Nodira Allambergenova,

NDPI Oʻzbek adabiyoti kafedrasi oʻqituvchisi.