AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

TIL – MILLATNING MA’NAVIY TAYANCHI

«Har bir millatning dunyoda borligini koʻrsatadurgʻon oyinai hayoti tili va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur».

(Abdulla Avloniy)

 

Hozirda dunyoda yetti yarim milliard atrofida inson yashaydi va ularning hech birining barmoq uchidagi izi boshqa birinikiga oʻxshamaydi. Shuncha xalq yaqin-yaqinlargacha yetti-sakkiz mingta tilda gaplashgan. Hozir bu raqam 6000ga qadar qisqargan. Bularning ham 90 foizi yoʻqolib ketish arafasida. Chunki olimlarning xabar berishicha, har ikki haftada bitta til oʻlib boryapti.

Dunyoda yana shunday tillar borki, ularda faqat eru xotingina gaplashadi. Ulardan keyin til ham egasiz qoladi. Tilning egasi orqasidan tilning oʻzi ham tarixga aylanadi. Shu bilan birga, buning tamomila teskarisi ham boʻlishi mumkin: el yashayveradi, lekin oʻz tilini qoʻyib oʻzga tilda gaplashadi. Bunday holda ham til oʻladi. Xalqning jismi yashayveradi, lekin nomi oʻchadi, soʻzi oʻladi, xotirasi unutiladi. Chunki har bir xalqning tili uning oʻzgalardan ajratib turadigan bosh xususiyati, belgisi hisoblanadi.

Qizigʻi shundaki, insonning tana a’zosi hisoblanmish tilning uchidagi iz ham xuddi barmoqdagi iz kabi boshqalarnikiga oʻxshamas ekan. Qarang, shu yerning oʻzida, ya’ni tana a’zosi boʻlmish tilning uchida muloqot vositasi – tilga aloqadorlik yashirinib turibdi. Shu ma’noda til bu – oʻzlik, til bu – oʻzak, til bu – ism,  til bu – asos-poydevor, til – bu Vatan! Yoʻqsa, nega oʻzga tillarda soʻzlasha-soʻzlasha, soʻng oʻz ona tilingda gaplasha boshlaganingda xuddi olis safardan Vatanga qaytgan baxtiyor kishidek sezasan oʻzingni!

Ha, til bu millatning botiniy qiyofasi, uning ma’naviy tayanchidir. Shunday ekan, biz bugungi chigal, har xil gʻoyalar ta’siri avj olgan, sun’iylikka hamohang zamonda oʻz ona tilimizda fikrlashimiz, toza gapirishimiz, nutqimizni yot unsurlardan saqlashimiz kerak. Qayerda va kim boʻlmasin, ona tilimizning kamsitilishiga yoʻl qoʻymasligi lozim. Til mavsumiy libos emaski, ob-havoning oʻzgarishiga qarab almashtirilsa, Onaizor, Vatan, millat – har biri bitta boʻlgani kabi, Ona tili ham bitta. Kishi boshqa tilda bilimli boʻla oladi, ammo faqat oʻz tilida bekamu-koʻst boʻlishi mumkin.

Til – muqaddas va e’zozlangan tushuncha, har bir inson uchun oʻz onasi kabi aziz va moʻtabar. Til – hayotning boshlanishi. Inson oʻz ona tili yordamida yangi tushunchalar va munosabatlarni anglay boshlaydi. Ona tili esa bizga ona suti bilan singdiriladi. Inson ulgʻaygan sayin atrofidagilar bilan muloqot qilish va badiiy kitoblar oʻqish orqali soʻz boyligini oshirib boradi.

Shuni ham ta’kidlash joizki, ota-bobolarimiz tarixi, milliy va ma’naviy qadriyatlarimiz bizga ona tilimiz yordamida meros boʻlib qoldi. Xalqlar tarixi – bu ular tilining tarixi. Davlat rivojlanishi bilan davlat tili ham rivojlanadi. Xalq mustaqilligining asosiy belgisi – bu ona tili va milliy madaniyati. Dunyoning barcha davlatlari oʻz ona tillarini asrab-avaylashga intilishadi, shuning uchun har qanday davlat oʻzining madaniy merosi va ona tilini alohida hurmat qiladi. Millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri bu til ekan, har bir inson oʻz tilini bilishi, uni ulugʻlashi va shu bilan birga boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim. Shundagina tilning, millatning qadri va obroʻyi, nufuzi oshadi.

Til tarixini, uning me’yoriy nuqtai nazardan shakllanish jarayonini, rivojlanishini millat tarixidan ayri holda oʻrganib boʻlmaydi. Yuqori rivojlangan davlatlar darajasiga erishish va raqobatdosh boʻlish uchun Oʻzbekiston fuqarolari xalqaro tillarni bilishlari muhim, albatta. Chunki biz global rivojlanish tendensiyalaridan orqada qola olmaymiz, lekin shuni unutmaslik kerakki, oʻzbek tili  dunyodagi barcha rasmiy tillar qatori suveren til maqomini olgan ekan, har bir Oʻzbekiston fuqarosi davlat tilini bilishi shart. Hech kim hech qachon oʻz ona tiliga boʻlgan hurmatni yoʻqotmasligi kerak.

Darvoqe, xalqimizning bilib uqtirganidek, tilga hurmat – bu xalqqa hurmat. Oʻz  ona tiliga ega boʻlmagan  xalq  mamlakat boʻlolmaydi. Tilning egasi xalq, ammo xalqning bitta vakili loqayd boʻlsa ham milliy til sofligiga putur yetadi. Til davlat timsoli, mulki hisoblanadi. Til madaniyatiga amal qilinmasa, milliy madaniyatga dogʻ tushadi. Shu sababli, bu ulkan hodisaning tub mohiyatini kelajak avlod ongiga singdirish, ona tiliga boʻlgan muhabbat va sadoqatini yanada mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar koʻlami yil sayin kengayib bormoqda. Binobarin, oʻzini oʻzbek millatining farzandiman, deb bilgan har bir shaxs ona tilimizga e’tiborli boʻlishi, uning sofligini asrab-avaylashni muqaddas burchi deb bilishi shart.

Oʻzbek tilining Vatanimizda davlat tili sifatida amal qilinishining huquqiy asoslari qonunan belgilab qoʻyilgan. Oʻzbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonuni uch tamoyilga: umumiylik, majburiylik va huquqiy kafolatga asoslanadi. Darhaqiqat, davlat tilining mustahkam huquqiy maqomi belgilab qoʻyilgani tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanishga yetarlicha zamin yaratib, mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishi barobarida oʻzbek tilining erkin muomalada boʻlishi uchun zarur shart-sharoitni yaratib berdi. Yurtimizning dunyoda rivojlangan mamlakat boʻlishi uchun biz davlat tilining maqomini koʻtarishga erishishimiz lozim.

Quvonarli jihati, soʻnggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda boʻlgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim oʻzgarishlar yuz bermoqda. Xususan, BMT Bosh assambleyasining bu yilgi sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻzbek tilida nutq soʻzlagani ham davlatimiz tomonidan tilimizga berilayotgan e’tiborning tub mohiyatini koʻrsatib bermoqda. Oʻzbek tilining xalqaro miqyosda obroʻyi oshib, faol muloqot vositasiga aylanib bormoqda. Turli darajadagi rasmiy uchrashuv va muzokaralarda tilimiz keng qoʻllanayotgani, xorijdagi qator ta’lim dargohlarida, ilmiy muassasalarda oʻzbek tili markazlari tashkil etilib, ularda ona tilimizni oʻrganishga qiziquvchilar soni koʻpayib borayotgani buning yaqqol dalilidir. Shuningdek, «Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi  Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ham davlat tilining huquqiy maqomi, amaliy ahamiyatini oshirish borasida navbatdagi muhim tashabbuslardan biri boʻldi. Zero, yurtda yashovchi har bir fuqaro, millati va dinidan qat’i nazar, davlat tiliga alohida hurmat va e’tibor koʻrsatishga birdek mas’uldir. Butun mamlakat ahli davlat tilini birdek sevsa, qadrlasagina, u oʻz maqomida mustahkam boʻladi, rivojlanish sari dadil odimlab boraveradi.

Xullas, til – jamiyatning asosiy tayanchi, insoniy muloqot-munosabatlarning birlamchi vositasi, millat ruhi va davlatchilik taqdiridir. Har bir xalq va millat, davlat va jamiyatning oʻtmishi, buguni va kelajagini, uning mavjudligini birgina omil – ona tili bildirib turadi. Zotan, til – muloqot zarurati tufayli yaralgan, muloqot jarayonida insoniyat yaratgan barcha yangiliklarni, tafakkur mevalarini anglatib, avloddan avlodga yetkazib, avaylab-asrab keladi. Shunday ekan, tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqyeini yuksaltirish, har birimizning dolzarb ma’naviy burchimiz boʻlib qoladi.

Oʻzbek tilining xalqaro miqyosdagi obroʻ-e’tiborini yuksaltirish, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qoʻshish har birimizdan milliy tilga chuqur hurmat bilan yondashishni talab etadi. Zero, ona tilimiz va uning taqdiri haqidagi jadid bobolarimizda boʻlgan quyidagi javob bizda ham boʻlishi lozim: «Hayotda esa yo milliy mahdudlikka va yoki haddini oshgan kosmopolitizmga berilish hollari koʻp uchramoqda bizda. Yoki faqat milliy maktablar va yoki milliy maktabu milliy tarbiyani chetlab oʻtib, faqat xorijiy tilli maktablardan boshlamoqdamiz. Har ikki yoʻl ham halokatli… Milliy ruh (his) chetlab oʻtilar ekan, tilimizni hech qachon himoya qila olmaymiz. Zero, tilning himoyachisi, avvalo, oʻz ona tilini mukammal bilishi, uning  tanglayi ona tilida koʻtarilgan boʻlishi shart! Buning boshqa chorasi ham, yoʻli  ham yoʻq» (U.H). Shu nuqtai nazardan baholaganda, til bor ekan, millat barhayotdir. Alal oqibat, tilimizning Navoiy zamonidagi qudratini tiklash, chinakam davlat tiliga aylantirish hammamiz va har birimizning sharafli vazifamizdir. Quyidagi she’rni esa mehr va muhabbat ila ona tilimizga bagʻishlayman:

ONA TILIM

Qoshgʻariyu Navoiy, Mashrabgacha to bugun,

Ona tilim, qon, jonim hayotimsan aslida.

Ash’or bitmoq imkonim, soʻz boyligim inchunun,

Noming sabab chin dildan bitgum senga qasida.

Sohibqiron Temurning “Koʻhi nuri” boshqacha,

Mahv aylagan dunyoni “Tuzuk duri” boshqacha!

 

Choʻlpon, Fitrat, Qodiriy qalblarida armonsan,

Gʻanimlar tosh otsa ham yiqilmading sen minbad.

Bedanaga «bitbildiq» oshiq dilga armonsan,

Bulbullarga navosan, bor ekansan toabad.

Hatto qushlar tushungay seni tilim, qush tilim,

Zabonlarning ulugʻi tillar ichra xush tilim.

 

Nur jilongdan uyalar hatto koʻkda yulduz oy,

Or, diyonat, oqibat, ishqu vafo senda jo.

Qaydan olding ilohiy kalomingni xushchiroy,

Yaratganga qilurman oʻlgunimcha iltijo!

Ona tilim, jozibang, jaranglaring boshqacha,

Til mulkida she’r boʻlib yaralganing boshqacha.

 

Bani odam soʻz qotar turfa ajib tillarda,

Sen boʻlmasang, balki, men ingliz, farang soʻzlardim.

Shukr deyman boringga ming bir rangsan gullarda,

She’rim uchun kimgadir balki xiroj toʻlardim.

Latofatda yagona duru marjon boshqacha,

Ona tilim, buyuksan nuru jahon boshqacha.

 

Goʻzalliging his etar jami oʻzbek millatim,

Abdulla Orif birla Erkin Vohid yod bilgan.

Shavkat Rahmon, Oybegu, Qahhorlarga himmatim,

Zarvaraqli tarixing kitobiga bitilgan.

Koʻp tillarni angladim, lekin oʻzing boshqacha,

Hatto lugʻat koʻrmagan jargon soʻzing boshqacha.

 

Bugun ulugʻ maqoming istiqlolga shukrona,

Qutlugʻ boʻlsin sen qayta tugʻilgan kun, ey tilim.

Yangramoqda madhiyam jahon uzra mardona,

Tinchlik sari dunyoni chorlab bugun shod dilim.

Butun olam mahliyo chorlashlaring boshqacha,

Yuraklarni yondirib porlashlaring boshqacha.

 

Madh aylagay Nodirbek, seni tilim koʻp bora,

Moziy aro marjondek koʻzga etib toʻtiyo.

Oʻtmishingni eslasa dili boʻlgay dilpora,

Kechirmoqda sen sabab totli umr purziyo!

Har bir madhi chindanam bitilgaydir boshqacha,

Boqar yorqin kelajak va kulgaydir boshqacha!

Nodirbek BOZORBOYEV,

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Turkiy tillar fakulteti oʻzbek tili va adabiyoti ta’lim yoʻnalishi talabasi.