AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Yangilangan Oʻzbekiston Konstitutsiyasi – xalqparvar Konstitutsiya

Kudaybergenova Tajixal Kuchkarovna,

Ajiniyoz nomidagi Nukus DPI Milliy gʻoya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi kafedrasi dotsenti., p.f.n.

Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning Asosiy qonuni.

U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning oʻzaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning oʻzaro munosabatlarini belgilab beradi.

Dunyo mamlakatlari orasida birinchi Konstitutsiya 1787-yilda AQSHda qabul qilingan.

Oʻzbekiston davlatchilik tarixida ham bir necha marta Konstitutsiyalar qabul qilingan boʻlib, ular – 1928, 1937, 1978 va 1992-yilgi Konstitutsiyalardir. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1992-yil 8-dekabrda ХII chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining ХI sessiyasida qabul qilingan.

Qariyib 30-yildan ortiq amalda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi Muqaddima, 6 boʻlim, 26 bob hamda 128 moddadan iborat  boʻlib,  unga  16 marotaba oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan edi.

2221-yilning 7-dekabrida Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya kuni munosabati bilan yoʻllagan tabrigida Asosiy qomusga quyidagi 9 ta yoʻnalish boʻyicha oʻzgartirishlar kiritishni taklif qilgandi:

  1. Ilgari amal qilib kelgan «davlat – jamiyat – inson» tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb oʻzgartirish, uni milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotda mustahkamlash;
  2. Iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini ta’minlash;
  3. “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan ezgu gʻoya doirasida Asosiy qonunda fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrni va maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlash;
  4. Bosh qomusda oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash boʻyicha konstitutsiyaviy asoslarni belgilash;
  5. Yoshlarning huquq va manfaatlarini toʻla ta’minlash maqsadida yoshlar sohasidagi davlat siyosati, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlarini konstitutsiyaviy darajada aks ettirish;
  6. “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyilini konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlash;
  7. Inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyada bolalar mehnatiga yoʻl qoʻymaslik, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalarini aks ettirish;
  8. Konstitutsiyaga ekologiyaga oid maxsus boblar kiritish;
  9. Uchinchi Renessansning toʻrt uzviy halqasi boʻlmish bogʻcha, maktab, oliy ta’lim va ilm-fan sohalarini rivojlantirish masalalarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qoʻyish.

Bundan tashqari, 2022-yil 18-mart kuni Prezident tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvda tibbiy sugʻurta shakllarini rivojlantirish, ekologiya oqibatida fuqarolar sogʻligʻiga yetkazilgan zararni qoplab berish majburiyatini davlat zimmasiga yuklash, tibbiyot xodimlarining yuksak maqomini ta’minlash uchun Konstutitsiyaga oʻzgartirishlar kiritishni taklif qilgandi.

Konstitutsiyani yangilashga zarurat quyidagilardan iborat boʻldi:

  1. Yangilanayotgan Konstitutsiya Oʻzbekiston jamiyatining evolyutsion rivojlanishidan kelib chiqib hayotiy zaruriyatdir, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun oʻta ahamiyatlidir, adolatli jamiyat qurish yoʻlida qilinayotgan ulkan qadamdir.

Soʻnggi olti yilda erishgan yutuqlarimizni (xususan iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, soʻz va e’tiqod erkinligi, ijtimoiy himoya sohalaridagi yuzlab cheklovlarni olib tashlangani, naqd pul, valyuta, kredit, debitor-kreditor masalalaridagi muammolar hal qilingani, qoʻshnilarimiz bilan oramizdagi 25 yillik “muzlar erigani” va b.) ortga qaytmasligini ishonchli konstitutsiyaviy himoyasini ta’minlash, ushbu erishilgan yutuqlar, huquq va erkinliklardan nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimiz emin-erkin foydalanishi uchun, ularni albatta Konstitutsiyada muhrlab qoʻyishimiz zarurligi.

  1. Dunyoda kundan-kunga yangi-yangi sinovlar, xavf-xatar va tahdidlar paydo boʻlayotgani; bugungi ziddiyatli jarayonlar, iqtisodiy qarama-qarshiliklar qachon va nima bilan tugashini bashorat qilib boʻlmasligi; ayrim davlatlarning dunyo xaritasida qolish-qolmasligi savol ostida qolayotganligi; jahonda 100 million aholi oʻz hayotini saqlash uchun, boshqa yurtlarda boshpana izlab yurgani; oziq-ovqat yetishmasligi, energiya resurslari tanqisligi, pandemiya kabi global muammolar rivojlangan davlatlar aholisini ham jiddiy oʻylantirib qoʻyayotganligi va bularning barchasi bizga ta’sir koʻrsatishi;
  2. Mintaqamizdagi vaziyat ham bizni tashvishga solayotganligi, yonimizda qariyb 50 yillik notinchlik davom etayotganligi;
  3. Mamlakatimiz katta davlatga aylanayotganligi, aholimiz 2040-yilga borib, 50 millionga yetishi, ularning yarmidan koʻpi yoshlar boʻlishi, ularga munosib sharoit qilib berish uchun, barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar boʻlishi lozimligi.

Bularning barchasi uchun mustahkam huquqiy poydevor zarur boʻlishi, Yangi Oʻzbekistonga yangilanayotgan Konstitutsiya kerakligini koʻrsatayotganligi.

Konstitutsiyani yangilashga zarurat va jamiyatimiz, davlatimizda  boʻlayotgan rivojlanishlar hisobga olinib Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari kengashlarining 2022-yil 20-maydagi qoʻshma qarori bilan Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish yuzasidan  47 nafar a’zodan iborat Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi.

Komissiya tarkibiga deputatlar, senatorlar, Oʻzbekistonning barcha hududlaridan vakillar, fuqarolik jamiyati institutlari, huquqshunoslar, siyosatshunoslar va boshqa mutaxassislar kiritildi.

Konstitutsiyaviy komissiya oʻz faoliyatini “jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan gʻoya asosida olib bordi. Komissiyaga aholining barcha qatlamlaridan Konstitutsiyaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflarni olish borasida vazifalar qoʻyildi.

2023-yil  30-aprelda umumxalq referendumi asosida Oʻzbekistonning yagona xalqi, inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqligimizni tantanali ravishda e’lon qilib, demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik gʻoyalariga sadoqatimizni namoyon qilib, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda,  fuqarolarning munosib hayot kechirishini, millatlararo  va konfessiyalararo totuvlikni, koʻp millatli jonajon Oʻzbekistonimizning farovonligini va gullab-yashnashini ta’minlashni maqsad qilgan holda, yangilangan Konstitutsiyani qabul qildik. Bu esa Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yangilangan Konstitutsiyaning qabul qilinishining oʻziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat:

Konstitutsiya matni olimlar yoki mutaxassislar tomonidan kabinetlarda yozilmadi. Balki, avval xalqimizning fikri, takliflari 2 bosqichda oʻrganildi, shundan soʻng Konstitutsiya loyihasi tayyorlandi. Avvallari Konstitutsiya qabul qilishda dastlab loyiha ishlab chiqilib, keyin xalq muhokamasiga qoʻyilgan.

– birinchi bosqichda Konstitutsiya loyihasini shakllantirish uchun odamlarimiz 60 mingdan ziyod takliflar berdi. Ushbu takliflarning har toʻrttasidan bittasi loyihadan joy oldi;

– ikkinchi bosqichda Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasiga qoʻyildi. Ommaviy axborot vositalari, internet tarmoqlari orqali loyiha bilan 5 million aholimiz tanishib chiqib, 150 mingdan ortiq takliflarini bildirdi.

Shu bilan birga, mehnat jamoalari, oliygohlar, mahalla faollari va ziyolilar bilan boʻlib oʻtgan muhokamalarda ham yana 10 mingta qoʻshimcha taklif kelib tushdi. Xalqaro-huquqiy hujjatlar va 190 dan ortiq davlatlar tajribasi oʻrganildi, loyiha 6 turdagi ekspertizadan oʻtkazildi.

Yangilanayotgan Konstitutsiya taraqqiy etgan davlat – Yangi Oʻzbekistonni qurish gʻoyasi atrofida butun jamiyatimizni jipslashtirishi, unda barcha qatlam manfaatlari inobatga olinganligi, loyihani ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etganligi, bir soʻz bilan aytganda, bu loyiha tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi boʻlayotganligidan dalolat berdi.     Yangilangan  Konstitutsiyagi  moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni, Asosiy qonunimizning 65 foiz matni xalqimiz takliflari asosida yangilandi.

Yangilangan Konstitutsiyaning asosiy, prinsipial yangiliklari quyidagilar hisoblanadi:

Oʻzbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy

davlat ekani qat’iy belgilab qoʻyildi. Konstitutsiyamizning 1-boʻlim, 1-bob, 1- moddasida:

“Oʻzbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega boʻlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat.  Davlatning «Oʻzbekiston Respublikasi» va «Oʻzbekiston» degan nomlari bir ma’noni anglatadi” deyilgan.

Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat deb belgilandi.

Ijtimoiy, bu – insonga e’tibor va gʻamxoʻrlik, degani.

Davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bogʻliq Konstitutsiyadagi normalar 3 barobarga koʻpaytirildi.

  1. Konstitutsiyada har kimning uy-joyli boʻlish huquqi belgilandi. Ushbu normaning belgilanishi har bir fuqaro, ayniqsa yosh oilalarning oʻz xonadoniga ega boʻlishi, shaxsning ijtimoiy barqarorligi va hayotdan rozilik darajasini oshiradi.

Ma’lumot uchun: oʻtgan yili mamlakatimizda 50 ming oila uchun yangi kvartiralar olishga sharoit yaratib berilgan. Bu yil 90 ming oilani uy-joyli qilish marrasi olingan. Yaqin 2-3-yilda bu raqamni 200 mingga yetkazish ustida ishlanmoqda.

  1. Hech kim sudning qarorisiz va qonunga nomuvofiq holda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishi kafolatlandi.
  2. Aholini kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanish xuquqi Konstitutsiyaning 48-moddasida kafolatlangan. Aholi salomatligini asrash bilan bogʻliq normalar 4 barobar koʻpaytirildi. Bu aholi sogʻligʻini ishonchli muhofaza etish hamda aholi, onalar va bolalar oʻlimi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda muhim rol oʻynaydi.

Ma’lumot uchun: Bunda, joriy yilda “Kafolatlangan xizmatlar paketi” qayta koʻrib chiqilib, 20 turdagi kasalliklar boʻyicha diagnostika, davolash va profilaktika xizmatlari hajmi toʻliq qamrab olinadi.

Koʻp uchraydigan 20 turdagi kasalliklar boʻyicha birlamchi boʻgʻindagi bepul analiz turlari – 15 tadan 25 tagacha, tekshiruvlar – 10 tadan 20 tagacha, dorilar – 64 tadan 90 taga oshiriladi.

  1. Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotga ega boʻlish huquqiga egaligi belgilandi. Aholimiz va kelajak avlod uchun qulay va ekologik toza hududni saqlab qolishning konstitutsiyaviy kafolatlari 49-moddada oʻz aksini topgan. Aynan shu moddaning 5-bandidagi “Davlat Orolboʻyi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar koʻradi” deyilishi bizning shu mintaqada yashayotgan xalqimizga boʻlgan alohida gʻamxoʻrlikni koʻrsatadi.
  2. Ijtimoiy davlatga xos bunday yondashuv ta’lim sohasi boʻyicha ham koʻpgina modda va normalarda oʻz ifodasini topmoqda. Ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshdi. Buni Konstitutsiyamizning 50-53 moddalarida kurishimiz mumkin.
  3. Jumladan, 51-moddada fuqarolarning oliygohlarga davlat granti hisobidan oʻqish huquqi qat’iy belgilandi.

Ma’lumot tariqasida aytish mumkinki, 2017-yilgacha oliygohlarga kirish uchun davlat grantlari soni faqat qisqarib kelgan boʻlsa, oxirgi olti yilda bu boradagi ahvol butunlay oʻzgardi. Grantlar soni 2 baravar koʻpayib, 40 mingtaga yetdi. Shundan, magistratura uchun – 5 baravar koʻpaydi.

Shuningdek, yangilangan Konstitutsiya asosda qabul qilingan «OʻZBEKISTON — 2030» strategiyasida Oliy ta’lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish maksadida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish, umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlarini oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan toʻliq ta’minlash, 30 ta oliy ta’lim muassasasining ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish, «Top-500»ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qoʻshma ta’lim dasturi asosida «ikki diplomli tizim»ni joriy etish, 10 ta oliy ta’lim muassasasini dunyoning eng nufuzli «Top-1 000» oliy ta’lim tashkilotlari reytingiga kiritishga erishish xamda  Oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish      va ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazish masalalari dolzarb vazifa qilib qoʻyildi.

  1. 50-moddada fuqarolarning bepul boshlangʻich kasb-hunarga oʻqitilishi belgilandi. Unga koʻra: “Davlat bepul umumiy oʻrta ta’lim va boshlangʻich professional ta’lim olishni kafolatlaydi. Umumiy oʻrta ta’lim majburiydir”.
  2. Nogironligi bor bolajonlarimizga oʻz tengdoshlari bilan bir xil ta’lim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Shuning uchun, bunday imkoniyatlar inklyuziv ta’lim sifatida Konstitutsiyaga kiritildi. Bu shunday nuqsonlarga ega bolalarimizning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning toʻlaqonli a’zosi sifatida shakllanishi va kamol topishi uchun juda muhim.
  3. (52-modda). Davlatning oʻqituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi mustahkamlanmoqda. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 685 mingdan ortiq oʻqituvchilarning davlat tomonidan professional oʻsishi hamda ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlanishini kuchaytirilishi ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi va obroʻsini yanada oshirishga xizmat qiladi.
  4. Oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqi taqdim etilmoqda. Konstitutsiyamizga ushbu normaning kiritilishi professor-oʻqituvchilar va talabalarning oʻquv jarayonidagi mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi. Jumladan, xususiy oliy oʻquv yurtlari ochilmoqda, xorijiy universitetlar filiallari soni ortmoqda, 41 ta davlat oliy oʻquv yurtlariga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi.
  5. Davlat oilaning toʻlaqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi konstitutsiyaviy mustahkamlandi. Ushbu normaning kiritilishi jamiyatimizda oila mustahkamligini barqaror ta’minlashga xizmat qiladi.
  6. Endi, farzandlar tarbiyasi, ularga ta’lim berish, barkamol voyaga yetkazish ham ota-ona majburiyati sifatida belgilandi. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan toʻlaqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning burchi sifatida belgilandi.
  7. Har kimning mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq toʻlashning belgilangan eng kam miqdoridan kam boʻlmagan tarzda adolatli haq olish huquqi kafolatlandi. Mazkur normaning Konstitutsiyada belgilanishi fuqarolarning ish haqlari ularning mehnatiga loyiq boʻlishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
  8. Konstitutsiyada mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanishi mustahkamlandi. Mazkur normaning Konstitutsiyada belgilanishi fuqarolarning ish haqlari miqdori shunchaki emas, aynan ularning munosib turmush kechirishi ta’minlashda, pirovard natijada aholi turmush darajasini yaxshilashda va mamlakatda ijtimoiy adolatni ta’minlashda amaliy ahamiyatga ega.
  9. Homiladorligi yoki bolasi borligi bilan bogʻliq sabablarga koʻra ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi konstitutsiyaviy norma etib belgilandi.
  10. Davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻrishi mustahkamlandi.
  11. Davlat fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etishi hamda ragʻbatlantirishi qayd qilindi. Yangi norma ish bilan ta’minlanmagan fuqarolarni, fuqarolarning kambagʻallik holatiga tushib qolishining oldini olishga yoki kambagʻallik toifasiga kirib qolgan fuqarolarni undan chiqarish boʻyicha davlat tomonidan tegishli choralarining koʻrilishiga konstitutsiyaviy kafolat sifatida xizmat qiladi.
  12. Bolalar mehnatining bolaning sogʻligʻiga, xavfsizligiga, jismoniy, aqliy va ma’naviy jihatdan toʻlaqonli rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga toʻsqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanishi belgilandi. Uzoq yillar yurtimizning xalqaro imidjiga salbiy ta’sir qilib kelgan majburiy mehnatga toʻliq barham berildi.
  13. Har kim ishsizlikda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga egaligi mustahkamlandi. Har bir insonning ishsizlik sharoitlariga koʻra tirikchilik uchun mablagʻ boʻlmay qolgan boshqa hollarda ta’minlanish huquqiga ega ekanligi mustahkakmlanmdi.
  14. Pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz boʻlishi mumkin emasligi belgilab qoʻyildi. Bu degani, 2 million 200 ming ehtiyojmand oilalar davlatdan kafolatli moddiy yordam oladi. Bu – jami oilalarning 25 foiziga toʻgʻri keladi, ularga har yili 11 trillion soʻm ajratiladi.

Umuman olganda, Oʻzbekiston – huquqiy davlat deb belgilandi va inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi etib qoʻyildi. Inson huquqlariga oid normalar 3 baravardan ortiqqa oshdi.