AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Nukus DPIda «Rektor va yoshlar» ochiq muloqoti boʻlib oʻtdi

Respublikamiz boʻylab oʻtkazilayotgan «Yoshlar forumi» doirasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida «Rektor va yoshlar» ochiq muloqoti boʻlib oʻtdi.

Tadbirda institut yoshlar ittifoqi yetakchilari, talabalar kengashining faol a’zolari, yosh olimlar, rektorga biriktirilgan «ogʻir toifa»dagi yoshlar, yoshlar tarbiyasiga mas’ul boʻlgan xodimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Quvondiq Qodirov mamlakatimizda yoshlar siyosati yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida ma’lumotlar berdi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning maxsus farmoni asosida qoraqalpogʻistonlik yoshlar uchun oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida 3 000, toʻlov-shartnoma asosida 7 000 oʻrin ajratilganligi, xorijiy davlatlarda ta’lim olayotgan yoshlarning oʻqishini mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalariga koʻchirish uchun berilgan imtiyozlar, shu bilan birga, yoshlarning kasb-hunar oʻrganishi, tadbirkorlik bilan shugʻullanishi, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishi uchun yaratilayotgan sharoitlarning ahamiyati haqida toʻxtalib oʻtdi.

– Davlatimiz rahbarining e’tibori hamda gʻamxoʻrligi natijasida institutimizning moddiy-texnik bazasi zamonaviy asosda takomillashtirilib, yangi oʻquv binolari, laboratoriyalar, sport majmualari, talabalar turar joylari qurilib, oʻqish bilan amaliyotni birgalikda olib borish imkoniyatlarining yaratilayotganligi, albatta, Yangi Oʻzbekiston hamda Yangi Qoraqalpogʻiston uchun malakali pedagog kadrlar tayyorlashga zamin yaratadi, – dedi Quvondiq Qodirov.

Ochiq muloqotda talabalar tomonidan yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida kitobxonlik, intellektual tanlovlar, sport musobaqalarini yanada koʻpaytirish, chet tillarini oʻrganish boʻyicha kurslar tashkil etish, yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻqitish boʻyicha fikr-mulohazalar, takliflar bildirildi.

Yoshlar tomonidan bildirilgan takliflar, murojaatlar asosida «Yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqish yuzasidan tegishli mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Institutda «Yoshlar forumi» doirasida tadbirlar davom etadi.

Nukus DPI matbuot xizmati.