AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Yulduzlarni yerga qaratgan shoir: Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining 200 yilligi oldidan tashkiliy masalalar muhokama qilindi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida qoraqalpoq adabiyotining mumtoz vakili, buyuk shoir bobomiz Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining tavalludiga 200 yil toʻlishi munosabati bilan oʻtkaziladigan xalqaro hamda respublika miqyosidagi tadbirlarni tashkillashtirish masalalariga bagʻishlangan majlis boʻlib oʻtdi.

Xabaringiz bor, muhtaram Prezidentimizning tashabbusi bilan xalqimizning suyikli shoiri Ajiniyozning 200 yilligi YUNESKO doirasida xalqaro miqyosda nishonlanadigan yubileylar roʻyxatiga kiritilgan edi.

Bu yil respublikamizda, shu bilan birga, xalqaro miqyosda shoirning yubileyi keng koʻlamda nishonlanishi rejalashtirilmoqda.

Ushbu tarixiy voqeani yuqori tashkilotchilik bilan oʻtkazish, yubiley tadbirlarini tashkil etish boʻyicha tegishli ishlarni belgilab olish, shuningdek, olimlar, ijodkorlar, ma’rifatparvar allomalar, sohalarning mas’ul mutaxassislari hamda keng jamoatchilik vakillarining fikr-mulohazalari, takliflarini oʻrganish maqsadida oʻtkazilgan majlisni institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Quvondiq Qodirov olib bordi.

Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi boshligʻi Tatlimurat Atamuratov, filologiya fanlari doktorlari, professorlar – Quanishbay Orazimbetov va Aytmurat Alniyazov, «Amudaryo» jurnali bosh muharriri Xalila Dauletnazarov, professorlar Qutlimurat Qoshanov hamda Arzi Pazilov, ta’lim muassasalarining mas’ullari, professor-oʻqituvchilar, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli dunyoni teran va oʻtkir tanib, qoraqalpoq xalqining ma’naviy dunyosining boyishiga katta hissa qoʻshgan, adabiyotimizni nafaqat rivojlantirib, shu bilan birga, qoʻshni xalqlarga tanishtirgan buyuk shaxsdir.

Oʻzi yashagan davrda feodal munosabatlar hukmron boʻlishiga qaramasdan, uning tafakkur dunyosi birnecha asrlar olgʻa ilgarilab, «bu dunyoning koʻrki – odam bolasi» ekanligi haqida xulosaga kelganligi ham uning insonparvarlik fazilatlarini namoyon qiladi.

U qoraqalpoq adabiyotida lirika, epik poeziyani rivojlantirish bilan birga, aytishuv janrining ham mahoratli ijodkori hisoblanadi. Uning Qiz Mengesh bilan aytishuvi shoirlar aytishuvining eng yorqin namunasidir.

Ajiniyoz ijodi xalq orasidan XX asrning 30-yillaridan boshlab yigʻib boshlangan. Dastlabki asarlari 1940-yil chop etilgan. Soʻnggi davrlarda 1960, 1961, 1965, 1975, 1988, 1994, 2014-yillarda shoirning tanlangan asarlarining toʻplami nashr etildi. Ajiniyozning hayoti va ijodi olimlardan N.Dauqarayev, Q.Ayimbetov, akademiklar M.Nurmuhammedov va H.Hamidov, shuningdek, A.Pirnazarov, B.Qalimbetov, A.Murtazayev, K.Mambetov, A.Paxratdinov, K.Allambergenov hamda boshqalar tomonidan ilmiy asosda tadqiq qilindi.

Majlisda shoir ijodini xalqaro miqyosda targʻibot qilish, asarlarini chet tillariga tarjima qilish, shu bilan birga, ijodining yangi qirlarini ochish maqsadida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish kabi masalalar yuzasidan fikrlar, takliflar oʻrtaga tashlandi.

Shuningdek, shoirning yubileyi munosabati bilan uning maqbarasini obodonlashtirish, atrofida koʻkalamzorlashtirish ishlarini oʻtkazish, «Ajiniyoz bogʻi»da yangi daraxt koʻchatlarini ekish orqali uni kengaytirish, asarlarini xalqimiz, shu jumladan, yoshlar orasida targʻib qilish maqsadida tanlovlar tashkillashtirish hamda boshqa ahamiyatli tadbirlar boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar, vazifalar belgilab olindi.

Tadbir institutning qobiliyatli talabalari hamda «Toʻmaris» xalq ansambli a’zolari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.

Nukus DPI matbuot xizmati.