Nukus garnizonida ilmiy-nazariy konferensiya ishida vatanparvarlik haqida batafsil maʼlumotlar berildi

“Vatanparvarlik oʻzi nima? Uning aniq shakli, tamoyillari bormi? Vatanparvar inson qanday fazilatlarga ega boʻlishi lozim? Biz haqiqiy vatanparvarmizmi?” kabi savollarga Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan “Yangi Oʻzbekiston rivojlanishida vatanparvarlikning oʻrni va roli” mavzusida oʻtkazilgan ilmiy-uslubiy konferensiyada atroflicha maʼlumotlar berib oʻtildi.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida oʻtgan konferensiyada harbiy okrug qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, Nukus harbiy prokurori adliya polkovnigi Ulugʻbek Abdirahimov, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori v.b. Quvondiq Qodirov, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti professor-oʻqituvchilari, kuch tuzilmalari vakillari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyati mudofaa ishlari boshqarma va boʻlimlari boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, maktablardagi chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilar va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi oʻquvchilari ishtirok etdi.

Konferensiya ishida “Vatanparvarlik tushunchasi, uni shakllantirishda tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosimizning oʻrni va roli” mavzusi koʻtarilib, atroflicha tushuntirildi.

Konferensiyada davomida “Buyuk ajdodlarimizning mardligi, matonati, jasorati, vatanparvarligi va ularning bugungi avlod uchun ibrat namunalari”, “Jadidchi bobolarimizning ilm-maʼrifat va maʼnaviy merosining vatanparvarlik tarbiyasidagi ahamiyati”, “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarida vatanparvarlikni rivojlantirishning roli va oʻrni”, “Yoshlarda vatanparvarlik va islohotlarga daxldorlik xislatlarni shakllantirishda maʼnaviy tarbiya va milliy ruhning taʼsiri”, “Jamoalarda vatanparvarlik ruhini shakllantirishda psixologik omillar” kabi mavzular boʻyicha ilmiy-uslubiy yondashuv asosida ishtirok etgan harbiy xizmatchilarning maʼruzalari tinglanib, yorqin misollar asosida mavzular taʼriflab berildi.

Ulugʻ bobolarimizning millati, xalqi ravnaqi uchun janglarda, ilmu-maʼrifat maydonida kurashgani, jadidchi vatandoshlarimizning yurt ravnaqi uchun, kelajagi uchun boshidan kechirgan ogʻir kunlari aniq faktlar bilan maʼruzachilar tomonidan yoritib berildi.

“Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida «Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining islohotlarini amalga oshirishda fuqarolar vatanparvarligining ahamiyati» borasida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti ilmiy tadqiqotchilarining maʼruzalari tinglandi.

Tadbir davomida mavzu yuzasidan fikr-mulohazalar almashinib, savollarga batafsil maʼlumotlar berib oʻtildi. Konferensiya ishida koʻrib chiqilgan maʼlumotlar umumlashtirilib, qoʻshinlarga qoʻllanma sifatida taqdim etilishi boʻyicha koʻrsatma berildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi matbuot xizmati.