NukusDPIda yangi oʻquv yili boshlandi

Bugun, 9-sentyabr kuni barcha oliy taʼlim muassasalari qatorida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2024-2025-oʻquv yilining ochilishiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, faxriy ustozlar, institut jamoasi, talaba-yoshlar hamda ularning ota-onalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Bayram tadbirini institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Quvondiq Qodirov ochib berdi va ishtirokchilarni mustaqilligimizning 33 yillik bayrami, shuningdek, yangi oʻquv yilining boshlanishi bilan tabrikladi.
Taʼkidlanganidek, yangi oʻquv yili arafasida institutning ikki ming oʻringa moʻljallangan yangi oʻquv binosining foydalanishga topshirilishi 90 yillik toʻyini nishonlash oldida turgan institut jamoasi uchun, shu bilan birga, mazkur taʼlim muassasasiga ismi qoʻyilgan qoraqalpoq mumtoz adabiyotining yirik namoyondasi Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining 200 yilligiga munosib bayram tuhfasi boʻldi.
Yangi oʻquv binosida zamonaviy oʻquv va maʼruza auditoriyalari, eng soʻnggi texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriyalar, IT-inkubatsiya, axborot-resurs markazlari, bu yilgi oʻquv yilidan boshlab barcha oliy taʼlim muassasalarida joriy etilayotgan registrator ofisi hamda boshqa koʻpgina imkoniyatlar yaratilgan.
Mazkur oʻquv yilida institutning kunduzgi, sirtqi, kechki, masofaviy taʼlim yoʻnalishlari uchun jami 2 640 ta oʻrin, magistratura bosqichida 22 ta mutaxassislik uchun jami 161 ta oʻrin ajratildi. Alohida qayd etish joiz, bu yilgi oʻquv yili uchun institutda birinchi marta masofaviy taʼlim shakli boʻyicha oʻzbek tili va adabiyoti taʼlim yoʻnalishiga qabul amalga oshirildi. Shu bilan birga, bakalavriatning kunduzgi taʼlim shaklida yangidan surdopedagogika, olegofrenopedagogika, nemis tili, psixologiya, amaliy matematika kabi taʼlim yoʻnalishlariga qabul boʻlib oʻtdi. Ellikqalʼa pedagogika fakulteti uchun bakalavriatning 6 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha alohida kvota ajratildi. Magistraturada yangidan testologiya va bilimlarni baholash mutaxassisligiga talabalar qabul qilindi.
– Toʻrtkoʻl tumanidagi 67-son umumtaʼlim maktabini tugatib, pedagogika institutining qoraqalpoq tili va adabiyoti taʼlim yoʻnalishiga topshirdim. Kirish test sinovlarida umumiy 170 ball toʻplab, davlat granti asosida oʻqishga qabul qilindim. Yurtimizdagi daslabki oliy taʼlim muassasasi boʻlgan mazkur dargohda Oʻzbekiston Qahramonlari, akademiklar, davlat va jamoat arboblari yetishib chiqib, xalqimizga xizmat qilgan. Men ham ularning yoʻlini namuna deb bilib, ushbu taʼlim muassasasida oʻqishni maqsad qilgan edim. Bugun oʻz maqsadimga erishdim. Albatta, institutda bilim va koʻnikmalarimni yanada takomillashtirib, kelajakda mamlakatimizning taʼlim sohasining rivojiga oʻz hissamni qoʻshish niyatidaman, – deydi Goʻzal Jaqsimuratova.
Tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi boshligʻi Tatlimurat Atamuratov, faxriy ustoz, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Begdulla Sultanov, institutda faoliyat yuritayotgan faxriy ustozlar, shuningdek, bu yilgi kirish imihonlarida yuqori ball toʻplab, talabalikka tavsiya etilgan yoshlar hamda ularning ota-onalari soʻzga chiqib, mamlakatimizda yoshlarning oliy maʼlumotli boʻlishi, kasb-hunar oʻrganishi, ilm bilan shugʻullanib, oʻz qobiliyatlarini yuzaga chiqarishi borasida yaratilayotgan sharoitlar uchun davlatimiz va hukumatimiz rahbarlariga, institut jamoasiga minnatdorlik bildirdi.
Yangi oʻquv yilining daslabki kuni Mustaqillik darslari bilan boshlandi.
NukusDPI matbuot xizmati.
