Nukus davlat pedagogika instituti rektori hamda oʻquv ishlari boʻyicha prorektori tayinlandi

Bugun, 5-dekabr kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida tashkiliy masalalarga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov olib bordi.

Tadbirda soʻnggi yillarda mamlakatimizda oliy taʼlimni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, zamonaviy bilim hamda koʻnikmalarga ega boʻlgan, kreativ fikrlaydigan, axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni teran oʻzlashtirgan kadrlarni tayyorlash boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning natijalari, kelgusi vazifalar toʻgʻrisida soʻz yuritildi.

Yigʻilishda tashkiliy masala koʻrib chiqilib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli buyrugʻi asosida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori lavozimiga Kuvondik Ayitbayevich Kadirov tayinlanganligi taʼkidlandi.

Kuvondik Kadirov shu kungacha institutning yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori hamda institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining buyrugʻi bilan institutning oʻquv ishlari boʻyicha prorektori lavozimiga tayinlangan Muxtar Mamutovich Ibragimov jamoaga tanishtirildi.

Muxtar Ibragimov faoliyati davomida Qoraqalpoq davlat universitetida oʻquv ishlari boʻyicha prorektor lavozimida, shuningdek, 2019-2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati – Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qoʻmitasi aʼzosi sifatida faoliyat yuritgan.

Yigʻilishda birqator professor-oʻqituvchilar soʻzga chiqib, institut rektori va oʻquv ishlari boʻyicha prorektoriga kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

Tadbirda xalqaro standartlar asosida kadrlar tayyorlash, xalqaro hamkorlikning samaradorligini va taʼlim sifatini oshirish, shuningdek, bakalavr taʼlim yoʻnalishlarini tegishli tartibda xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha kelgusida amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.

Yigʻilishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi qoʻmita raisi Murat Atamuratov ishtirok etdi.

NukusDPI matbuot xizmati.