Voleybol bo‘yicha qizlar terma jamoamiz «Universiada-2025» sport musobaqalarining respublika final bosqichini g‘alaba bilan boshladi
Shu yilning 14-19-yanvar kunlari Buxoro shahrida «Universiada-2025» sport musobaqalarining voleybol sport turi bo‘yicha respublika final bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarning terma jamoalari ishtirok etmoqda.
Bugun, 16-yanvar kuni sport faxriysi Azat Kazakov rahbarligidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qizlar terma jamoasi musobaqadagi dastlabki uchrashuvini o‘tkazdi. Yuqori tajribaga ega bo‘lgan Toshkent viloyati terma jamoasi bilan bo‘lib o‘tkan o‘yinda voleybolchi qizlarimiz 25:14 va 25:17 hisobida raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
Shunday qilib, voleybol bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi qizlar terma jamoasi «Universiada-2025» sport musobaqalarining respublika final bosqichini g‘alaba bilan boshladi.
Ma’lumot sifatida ta’kidlash joiz, respublikamiz terma jamoasi tarkibi Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining mahoratli sportchi talabalaridan iborat.
Qizlarimiz kelgusi uchrashuvini ertaga, 17-yanvar kuni Farg‘ona viloyati terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Respublikamiz jamoasiga «Universiada-2025» sport musobaqalarining respublika final bosqichida omad va zafarlar tilaymiz!
NukusDPI matbuot xizmati.