Respublika ishchi guruhi Qoraqalpog‘istonda
Oliy ta’lim tashkilotlarini 2025-yilda rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini hamda faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish yuzasidan tuzilgan Respublika ishchi guruhi Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalarida o‘rganish ishlarini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, ishchi guruh rahbari Qo‘ng‘irotboy Sharipov Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida hududdagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari hamda Respublika ishchi guruhi a’zolari bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda vazir oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini takomillashtirish, raqamlashtirish va ta’lim sifatini oshirish, ilmiy-tadqiqotlarning natijadorligini oshirish, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, talaba yoshlarda tarbiyaviy ishlar tizimini takomillashtirish va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, moddiy-texnik ta’minot, o‘quv laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash, xorijiy ta’lim va tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda mavjud muammolar yechimi yuzasidan takliflar ishlab chiqish Respublika ishchi guruhining asosiy maqsadi ekanligini ta’kidladi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda barcha hududlarda o‘rganish ishlarini olib borayotgan Respublika ishchi guruhi a’zolariga tegishli topshiriqlar berildi.
Respublika ishchi guruhining o‘rganish ishlari oliy ta’lim muassasalarida davom etmoqda.
NukusDPI matbuot xizmati.